Bayden, Putin, Zelenskiy va Harris haqida. Maskning Tramp bilan suhbatidan asosiy gaplar

Jahon 11:44 / 13.08.2024 14075

Sayyoraning eng badavlat kishisi Ilon Mask va AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampning ikki soatlik suhbati siyosatchi o‘zi uch yarim yil oldin haydalgan (milliarder Mask uni sotib olishidan oldinroq) platformaga qaytishi bilan birga kechdi.

Muloqot chog‘ida Mask amerikaliklarni bo‘lg‘usi prezidentlik saylovlarida Trampga ovoz berishga chaqirdi va uning hukumat komissiyasini boshqarish istagiga shama qildi.

Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasidagi asosiy tezislarni takrorlab, Jo Bayden ma’muriyatining migratsiya siyosatini tanqid qildi va demokratlar nomzodi Kamala Harrisni «so‘l radikal oyparast» deb atadi.

Sobiq prezident yana bir marta prezidentlikda u bo‘lganida Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga yo‘l qo‘ymagan bo‘lishini aytdi va Vladimir Putin hamda Volodimir Zelenskiy bilan suhbatlari haqida esladi.

Intervyuning bir qismini Donald Tramp yaqinda unga uyushtirilgan suiqasdga, shuningdek Amerika iqtisodiyotini davlat tomonidan tartibga solishni qisqartirish rejalariga bag‘ishladi. Noqonuniy migratsiya haqida gapirarkan, u AQShda misli ko‘rilmagan darajadagi deportatsiya o‘tkazishga va’da bergan.

Texnik nosozlik

Dastlabki yarim soat davomida efirga kirmoqchi bo‘lganlar shunday kartinkaga guvoh bo‘lishdi

Muloqot Mask egalik qiladigan X (sobiq tvitter) ijtimoiy tarmog‘ida o‘tkazilgan. Trampning akkaunti 2021 yilda saytning oldingi egasi tomonidan bloklangandi, bunga uning prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi o‘g‘irlangani haqidagi yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishi sabab bo‘lgandi.

2022 yilda platformani sotib olgan Mask Trampning akkauntini tiklaydi. Ammo sobiq prezident bu vaqtga kelib o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ini yaratishga ulgurgandi va qaytishga shoshilmagandi.

Biznesmen va siyosatchi o‘rtasida o‘shanda alohida simpatiya yo‘q edi. Mask ko‘proq Florida gubernatori, praymerizda Trampga raqiblik qilgan boshqa bir respublikachi Ron Desantisga moyillik bildirgan va unga o‘z ijtimoiy tarmog‘ida jonli efirdagi muloqotlar ko‘rinishida prezidentlik kampaniyasini yo‘lga qo‘yishni taklif etgandi. Ammo bu urinish ko‘plik texnik nosozliklar bilan kechdi, Tramp esa o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida raqiblarini masxara qildi.

De Santisning saylov platformasini siyosatshunoslar «Trampsiz trampizm» deb atashgan: xuddi shunday mafkura, faqat mojarolarsiz, xaossiz va siyosiy teatrsiz. Ammo saylovchilar originali dublikatidan afzalroq deb topishdi, Tramp respublikachilar praymerizida osonlik bilan g‘alabaga erishib, yana o‘z partiyasi nomzodiga aylandi.

Shundan keyin Mask rasman Trampni qo‘llab-quvvatladi va endi AQSh sobiq prezidenti X tarmog‘idagi texnik nosozliklarni o‘zida his qilib ko‘rdi.

Trampning Mask bilan suhbati qirq daqiqalik kechikish bilan boshlandi, buni platforma egasi DDoS-hujum bilan izohladi. Ayrim ekspertlar uning bu versiyasini shubha ostiga olishgan, chunki bu vaqtda X odatdagidek ishlab turgandi.

Mask efirni bu qarshi javoblar qo‘yiladigan intervyu emas, oddiy suhbat ekani haqidagi tushuntirish bilan boshladi. Va Trampdan yaqinda ro‘y bergan suiqasdni qanday ortda qoldirgani haqida so‘zlab berishni so‘radi.

Shundan keyin tadbirkor muloqot ustidan nazoratni susaytirdi va Tramp o‘zining sevimli mavzularida erkin gapirishga o‘tdi. U Mask va tinglovchilarga uning prezidentligi davrida noqonuniy migratsiya va jinoyatchilik darajasi hozirgidan ancha kam bo‘lgani, Amerika fuqarolari esa o‘zlarini farovonroq his etishganini eslatib o‘tgan.

Mask bu gapga diqqat bilan quloq solib turgan va qo‘shilgan, izoh berishga hamda faktlarni tekshirishga harakat qilmagan, holbuki rasmiy statistika ko‘rsatishicha, migratsiya darajasi chindan ham Tramp boshqaruv davrida ancha kam bo‘lgan bo‘lsa-da, jinoyatchilik darajasi so‘nggi yillarda pasaygan, AQSh iqtisodiyoti esa o‘sgan.

Tramp shuningdek respublikachilar qurultoyi chog‘ida ishlatishga ulgurgan hazilini takrorlagan. O‘shanda u agar demokratlar saylovlarda g‘alaba qozongudek bo‘lsa, keyingi qurultoyni Venesuelada o‘tkazishga to‘g‘ri kelishi, chunki barcha venesuelalik jinoyatchilar AQShga kelayotganini aytgandi. Bu oqshom u xuddi shu so‘zlarni takrorladi.

«Unda umuman IQ yo‘q bo‘lishi ham mumkin»

Donald Tramp Ilon Mask bilan intervyu vaqtida Floridadagi Mar-a-Lagodagi qarorgohida, 2024 yil 12 avgust
Margo Martin / X / Reuters / Scanpix / LETA

Sobiq prezident Baydenning tashqi siyosatini ham qattiq tanqid qilib, buni «so‘ligan siyosat» deb atadi.

Trampning nazarida AQShning ittifoqchilari ham, dushmanlari ham surbetlik bilan Amerikaning hozirgi prezidentining zaifligidan foydalanmoqda: Yevropa Amerika mahsulotlari uchun tariflarni oshirmoqda, Eron Hamasga Isroil bilan jang qilishda yordam ko‘rsatmoqda, Putin esa Ukrainani egallab olishga urinmoqda.

Tramp amaldagi prezidentni u RF qo‘shinlarining keng ko‘lamli bosqini boshlanishidan oldin Ukraina NATO a’zosi bo‘lishi mumkinligi haqida gapirgani uchun tanqi qilgan.

«Men ketganimda, ular Ukraina bilan chegarada katta armiya to‘play boshladi, to‘g‘rimi? Va men bunga qarab, Putin muzokara qilishni bilgani uchun shunday qilayotgani haqida o‘yladim. Men o‘yladimki, u muzokaralar o‘tkazish uchun shunday qilmoqda. Ammo keyin Bayden ahmoqona narsalarni gapira boshladi. Masalan, u Ukraina NATO mamlakati bo‘lishi mumkinligini aytdi. Rossiya esa, NATO tashkil etilganidan buyon shu gapni aytib keladi: «Biz hech qachon bunga rozi bo‘lmaymiz». Biz esa shunday dedik».

Tramp AQShning bunday bayonotiga mamlakatni «IQ darajasi past, juda past prezident» boshqargani sabab bo‘lganini aytgan. «Darvoqe, unda 30 yil oldin ham IQ darajasi past edi. Ammo hozir unda umuman IQ bo‘lmasligi ham mumkin», — degan Tramp.

AQSh prezidentligiga nomzod Rossiya amerikaliklar bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushida Germaniya ustidan g‘alaba qozongani, shuningdek Napoleon qo‘shinlarini yengganini aytgan. Uning fikricha, Rossiya «kuchli jang qilish»ni biladi. 

Intervyu vaqtida u AQSh prezidenti ekanida Putinni Ukrainaga hujum qilishdan qaytarib qolgani haqida gapirgan.

«Men Putinni juda yaxshi bilaman, biz u bilan yaxshi til topishgandik. U meni hurmat qilardi. Va men Vladimir Putinga aytdim: «Bunday qilma. Sen buni qila olmaysan, Vladimir. Agar sen bunday qilsang, yomon kunlar boshlanadi. Buni qilma». Va men uning harakatiga javoban nima qilishimni aytdim. U esa dedi: «Bunday bo‘lishi mumkin emas». Men esa dedim: «Mumkin». Va bilasizmi, bu bizning so‘nggi suhbatimiz bo‘lgandi. [agar men prezident bo‘lib qolganimda] u hech qachon bu ishni qilmagan bo‘lardi… Men u bilan yaxshi til topishgandim. Umid qilamanki, hozir ham shunday bo‘ladi. Men Kim Chen In bilan ham til topishganman».

Tramp shuningdek o‘zi tomonidan Rossiyaning Nord Stream 2 gaz quvuriga qo‘yilgan sanksiyalar haqida va bu Yevropada Amerika gaziga talabni oshirgani haqida gapirgan. Tramp shuningdek Bayden o‘z inauguratsiyasidan keyin bu sanksiyalarni bekor qilganini eslatgan.

Mask avval demokratlarni qo‘llagan, ammo Tramp tarafdoriga aylangan. Foto: Reuters

«Zelenskiy menga olijanoblik qilgan»

Tramp Ukrainadagi urush borasida gapirarkan, urush ko‘plab odamlar hayotiga zomin bo‘lgani, ikki tomondan ham yarim milliondan askar halok bo‘lganini aytdi (ekspertlarning baholashicha, qurbonlar soni ancha kamroq).

U shuningdek ukrain armiyasiga erkaklar yetishmayotgani, shu tufayli yoshlar va keksa yoshli erkaklar safarbar qilinayotgani (aslida, Ukrainada muddatli harbiy xizmatga chaqiruv yoshi 25 dan boshlanadi) haqida gapirgan.

«Men Zelenskiyni bilaman. U menga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lgan», – degan Tramp 2020 yilgi impichment jarayoniga ishora qilib, o‘shanda AQSh Kongressidagi demokratlar Trampning Zelenskiy bilan telefon qo‘ng‘irog‘iga asoslanib, prezidentni hokimiyatdan chetlatishga uringandi, Zelenskiyni esa tomonlardan hech biri o‘ziga og‘dira olmagandi.

Joriy yil avgustida Trampning eng yaqin maslahatchilaridan biri Kelienn Konuey rasman Ukraina manfaatlari lobbichisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. U ukrainalik milliarder Viktor Pinchukdan oyiga 50 ming dollar oladi.

AQSh uchun «Temir gumbaz» haqida

Shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Jinping bilan do‘stona munosabatlari haqida bir necha bor ta’kidlagan Tramp, agar Oq uyga qaytsa, AQShda o‘zining «Temir gumbaz»ini yaratishini aytdi. Ushbu havo hujumidan mudofaa tizimi Isroilnikiga o‘xshagan bo‘ladi. Mask bilan suhbat chog‘ida u, shuningdek, Putin, Si va Shimoliy Koreya hukmdori Kim Chem In «o‘z o‘yinlarining boshida turgani»ni ta’kidladi. 

Ukrainadagi urushni izohlar ekan, Tramp o‘zidan ko‘ra «hech kim bundan ko‘proq tashvishlanmasligini» ta’kidladi. AQSh va Yevropa Ittifoqining Kiyevga ko‘rsatayotgan yordami haqida gapirib, u Vashington bu yordamni kamaytirishi bilan tahdid solmadi, balki YeI yordamini oshirishni to‘g‘ri deb bilishiga shama qildi. 

«Men savol beryapman: nega xarajatlarni tenglashtirmaysiz?» Nega ular biz kabi ko‘p pul to‘lamaydi? – dedi Tramp. – Nega Qo‘shma Shtatlar Yevropadan ko‘ra nomutanosib ravishda ko‘proq pul beryapti, bu adolatdan emas va bu bilan shug‘ullanish kerak». 

«Yadroviy isish» tahdidi

Tramp KXDR yetakchisi bilan uchrashuvini o‘zining diplomatik talanti belgisi deb ko‘rsatadi. Foto: AFP

Mask Trampga iqlim o‘zgarishi bo‘yicha pozitsiyasini tushuntirishga  bir necha bor urinib ko‘rdi. Uning nazdida, dunyoga iqlim falokati tahdid solmaydi, neft sanoatidan iblis yasamaslik, uglekislorod gazlari chiqindilarini quyosh va yadroviy energiyaga o‘tish orqali kamaytirish kerak.

Tramp bu mavzuga qiziqish bildirmadi, faqat global isish xavfi bo‘rttirib yuborilganini, ammo «yadroviy isish» xavfi haqida gapiruvchilar juda kamligini aytdi. U bu orqali AQSh va uning ittifoqchilarining Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya bilan qarama-qarshiligi, shuningdek Eronda yadroviy qurol yaratilishi ehtimolini nazarda tutgan. Va Baydenning siyosati uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan.

Mask unga qo‘shilgan: uchinchi jahon urushi xavfi reallashgan, AQSh prezidenti o‘zini hurmat qilishlari uchun qo‘rqituvchi figura bo‘lishi lozim.

Tramp davom ettirishni istamagan boshqa bir mavzu — inflatsiyani to‘xtatish uchun budjet xarajatlarini keskin qisqartirish zarurati haqida edi. «Men bunday komissiyaga yordam berishdan mamnun bo‘lardim», — degan Mask. Tramp esa Mask xarajatlarni qisqartirishni barchadan yaxshiroq uddalashini aytib, uni kompaniya xodimlarini ishdan bo‘shatishdagi qat’iyligi uchun maqtagan. Va darhol mavzuni o‘zgartirgan.

Raqib almashuviga qiyin moslashuv

Kamala Harris Trampdan 18 yoshga kichik, sobiq prezidentning Baydenga moslab tayyorlangan strategiyasi unga to‘g‘ri kelmaydi
Foto: Reuters

X ijtimoiy tarmog‘iga qaytish Tramp uchun saylovoldi kampaniyasidagi murakkab davrga to‘g‘ri keldi. U bir necha yildan buyon Baydenga qarshi revanshga tayyorlangandi va respublikachi nomzod ishonchliroq qatnashgan debat, Tramp suiqasdni boshdan kechirishi hamda ijtimoiy so‘rovlardagi ustunlik fonida saylov taqdiri oldindan hal bo‘lgandek ko‘rina boshlagandi.

Ammo Demokratik partiya nomzodi o‘zgarishi Trampning rejalarini barbod qildi va so‘nggi so‘rovlar ko‘rsatishicha, Harris aholisi turli yillarda demokratlar uchun ham, respublikachilar uchun ham ko‘proq ovoz bergan uchta muhim shtatda ustunlik qilmoqda: Viskonsin, Pensilvaniya va Michigan.

Trampning saylov shtabi hali Harrisga qarshi ishonchli hujum strategiyasini ishlab chiqmadi, nomzodning o‘zi esa hozircha u avval Hillari Klinton va Bayden uchun o‘ylab topganidek kamsituvchi laqab o‘ylab topa olmadi.

Tramp endi ijtimoiy so‘rovlarda ustunlik qilayotgani, endi saylovda g‘olib bo‘lish uchun undan intizom va aniq pozitsiya talab etilishini anglab yetgani yo‘q, deya yozadi Wall Street Journal (nashrning ekspertlar bo‘limi azaldan respublikachilarni qo‘llab kelgan).

2016 yilda Tramp prezidentlik poygasiga dengiz ortidagi adoqsiz urushlarni yakunlash, oddiy xalqdan uzilib qolgan elitaga qarshi kurashish va ishchilar sinfini korporatsiyalar ochko‘zligidan himoya qilish mavzulari bilan kirgandi.

Oldingi respublikachi nomzodlardan farqli o‘laroq, u professional siyosatchining teskarisi — Amerikaning buyukligini tiklamoqchi bo‘lgan, Vashingtondagi korrupatsiya «botqog‘ini quritish»ga bel bog‘lagan va siyosiy ehtiyotkorlik haqida qayg‘urmaydigan biznesmen teleyulduz edi.

To‘qqiz yil o‘tib Tramp professional siyosatchiga aylandi, endi u ko‘proq o‘zi haqida gapirib, o‘zini jodugar ovi qurboni sifatida taqdim etmoqda — so‘nggi yillarda unga qarshi qator jinoiy ishlar ochilib, sud jarayonlari o‘tkazildi.

«Bu dahshatli narsa, mamlakatimiz tarixida hech qachon bunaqasi bo‘lmagan. Bunaqasi banan respublikalarda, uchinchi dunyo mamlakatlarida bo‘ladi», – degan Tramp Mask bilan muloqotda.

Xayrlashuv chog‘ida Tramp maydon taqdim etgani uchun biznesmenga minnatdorchilik bildirgan va hazillashib uning chiqishi uchun pul to‘langan-to‘lanmaganini so‘ragan. Mask kulib yuborgan.

«Siz – farovonlik sari yo‘lsiz, Kamala esa – yo‘q», – degan Mask barchani respublikachilar nomzodiga ovoz berishga chaqirgan holda.

Suhbat davomida Tramp Kamala Harrisni «uchinchi darajali», «qobiliyatsiz» va «so‘l radikal» deb atadi. Tramp uning Bayden o‘rniga Demokratik partiyadan nomzod bo‘lishini «to‘ntarish» deb baholagan.

Harrisning saylovoldi shtabi vakili Jozef Kostello ularning uchrashuvi yakunlari bo‘yicha istehzo bilan bayonot bergan: «Trampning butun kampaniyasi Ilon Mask yoki uning o‘ziga o‘xshagan odamlarga xizmat qiladi. O‘rta sinfga xiyonat qilgan, 2024 yilda jonli efirni tashkil qila olmagan, o‘zini sevuvchi boy odamlar». 

Ko‘proq yangiliklar: