Kruiz kemalar o‘lchami 2000 yildan beri ikki barobarga oshdi. Bu salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin

Jahon 20:46 / 12.08.2024 12024

Yevropadagi Transport and Environment (T&E) lobbi guruhi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, so‘nggi 20 yilda kruiz kemalarning o‘lchami ikki barobarga oshib ketgan bo‘lib, kelajakda bu potensial muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Atmosferaga zararli chiqindilar chiqarilishiga qarshi bo‘lgan T&E ga ko‘ra, bugungi kunda yo‘lovchi tashuvchi kemalar o‘lchami 2000 yilga qaraganda ikki barobarga katta. Tadqiqotda jadal rivojlanayotgan kruiz sanoatining atrof-muhitga ta’siridan ogohlantirilgan.

Hisobotda keltirilishicha, agarda rivojlanish shunday ketsa, 2050 yilga borib suzishga yuboriladigan eng katta kruiz layneri «Titanik»dan sakkiz barobar katta bo‘ladi. «Zamonaviy kruiz laynerlar bilan qiyoslaganda «Titanik» baliqchilarning kattaroq kemasidek bo‘lib qoladi», — deydi T&E mutaxassisi Inesa Ulichina.

Kruiz sanoati guruhi hisobotda keltirilgan ma’lumotlarga qo‘shilmadi

Xalqaro kruiz tarmoqlari tashkiloti (CLIA) Kruiz tarmoqlari assossiatsiyasi «hisobotda keltirilgan ko‘plab ma’lumotlarga» qo‘shilmadi. «Xususan, Yevropa Ittifoqi ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan hisobotlarga ko‘ra, kruiz kompaniyalar oxirgi besh yilda har bir kema uchun atmosferaga chiqariladigan zararli chiqindilarni 16 foizga qisqartirgan», — deyiladi bayonotda.

T&E ma’lumotlariga ko‘ra, kruiz kemalari soni 20 barobarga oshgan: 1970 yilda ularning soni 21 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirda 515 taga yetadi. 1999 yilda suvga tushirilgan Voyager of the Seas laynerining suv sig‘imi 137 ming tonnadan oshgandi — o‘sha vaqtda u eng yirik kruiz layner hisoblangan.

Ichida yettita basseyn va 17 ming kvadrat futli akvaparki bor Icon of the Seas kruiz layneri esa 2024 yil yanvarida suvga tushirilgan bo‘lib, uning suv sig‘imi 248,6 ming tonnadan ortiq.

Hisobotda qayd etilishicha, Yevropadagi kruiz laynerlari tomonidan 2022 yilda atmosferaga chiqarilgan CO2 gazi miqdori 2019 yilga nisbatan 20 foizga ko‘proq. Xalqaro dengiz tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har yili havoga chiqariladigan parnik gazlarining 3 foizi kruiz laynerlar va boshqa dengiz kemalari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Hozirda kruiz kemalari yonilg‘i bojlari, shuningdek, ko‘plab korporativ va iste’mol soliqlaridan ozod etilgan bo‘lsada, hisobotda keltirilishicha, «oddiy kruiz sayohat uchun» 50 yevrolik ehtimoliy soliq 1,6 milliard yevro keltirishi mumkin.

Xalqaro kruiz tarmoqlari tashkiloti o‘z a’zolari oldida 2050 yilga borib karbonat angidrid gazlarining chiqarilishini nolga tushirish bo‘yicha mas’uliyatni zimmasiga olgan. Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ular ushbu natijaga «kemasozlikka milliardlab investitsiya kiritish, yangi turdagi barqaror yonilg‘ilarni yaratish orqali» erishish niyatida.

Ko‘proq yangiliklar: