Salat, shirinlik yoki taom. Tarvuzdan nimalar tayyorlasa bo‘ladi?

Jamiyat 14:13 / 09.08.2024 5617

Tarvuz yozda eng ko‘p xarid qilinadigan va iste’mol qilinadigan poliz ekinlaridan biri. Organizmdagi suv darajasining muvozanatini saqlashga yordam qiluvchi, o‘ta foydali bu mahsulotdan dastlab qanday ichimliklar qilinishiga to‘xtalamiz.

Shirinliklar

Bugungi kunda bu poliz ekinidan faqat salqin ichimliklar emas, turli shirinlik, masalan tart, pirog, quymoq ham qilish mumkin.

Tort: Tarvuzli nachinka bilan tayyorlanadigan shokoladli tart g‘ayrioddiy ta’mi va xushbo‘yligi bilan hayratda qoldirishi aniq. Bu desertni pishirish uchun kerak bo‘ladigan mahsulotlar:

Un — 300 g (2 stakan 250 ml), sariyog‘ (sovitilgan) — 150 g, shakar — 120 g, tuxum (faqat sarig‘i) — 3 dona, limon — 1 dona, ko‘pchituvchi kukun — 1/2 choy qoshiq, vanilin — 1 chimdim

Nachinkaga: tarvuz — 2–2,5 kg, shokolad — 100 g, jigarrang shakar — 90 g, makkajo‘xori kraxmali — 70 g

Pishirishda dastlab quruq mahsulotlar: un, ko‘pchituvchi kukun, vanilin bir idishga solib, aralashtiriladi. Unga qirg‘ichdan o‘tkazilgan limon po‘stlog‘i, xona haroratida turgan sariyog‘ va ko‘pirtirilgan 3 ta tuxum sarig‘i solinadi. Yumshoq xamir qorilib, yarim soatga sellofan paketga o‘ralgan holatda muzlatkichga qo‘yiladi.

Ma’lum vaqtdan so‘ng xamir qolip idishga mos shaklda yoyilib, 180 gradusda 30 daqiqa pishirib olinadi. Pishgan xamirga eritilgan shokolad surtiladi va kraxmal solib qaynatib olingan tarvuz suvi solinib, butunlay sovitiladi. Birozdan so‘ng qarabsizki, tarvuz nachinkasi bilan shokoladli tart tayyor bo‘ladi.

Pirog: Noodatiy retseptlardan biri sifatida tarvuzli biskvit pirogini tavsiya qilish mumkin. Buning uchun kerak bo‘ladigan mahsulotlar:

Tarvuz — 100-150 g, tuxum — 2 dona, shakar — 100 g, oliy navli un — 75 g, ko‘pchituvchi kukun — 1 choy qoshiq, vanilin shakar — 0,5 choy qoshiq, maydalangan dolchin — 0,5 choy qoshiq, tuz — 0,25 choy qoshiq, hidsiz o‘simlik yog‘i (qolipni moylash uchun) — 0,5 osh qoshiq kerak bo‘ladi.

Dastlab tuxum, shakar, vanilin shakar va tuz birgalikda bir idishda ko‘pirtirib olinadi. Keyin unga ko‘pchituvchi kukun, dolchin va un aralashgan quruq massa solinadi va qayta aralashtirilib, suyuq xamir holiga keltiriladi. Qolip idish yog‘lanib, ustiga tarvuz bo‘laklari teriladi va suyuq xamir ustidan quyilib, 180-200 gradusda 30-40 daqiqa pishirib olinadi. Shu bilan dolchinning xushbo‘y isi keladigan tarvuzli biskvit pirog tayyor bo‘ladi.

Quymoq: Yana bir original retseptlardan biri tarvuzli quymoqlardir. Yoqimli, yumshoq quymoqlar uchun kerak bo‘ladigan masalliqlar:

Tarvuz — 150 g, kefir — 100 ml, bug‘doy uni — 90 g (3 osh qoshiq), tuxum — 1 dona, shakar — 1 choy qoshiq, ko‘pchituvchi kukun — 1/3 choy qoshiq

Bu yegulik uchun tuxum, kefir, shakar va pishirish kuni yaxshilab aralashtiriladi. Keyin un solinib, suyuq xamir hosil qilinadi. Oxirida tarvuz suvi solinib, tovada kichkina quymoqchalar pishirib olinadi.

Tuxum bilan qovurilgan tarvuz: Bu desert asosan “xamirli tarvuz” deb ham nomlanadi. Unga kerak bo‘ladigan mahsulotlar:

Tarvuz — 700 g, kartoshka kraxmali — 60 g (3 choy qoshiq), tuxum (faqat oqi) — 2 dona, bug‘doy uni — 80-100 g, o‘simlik yog‘i — 100 ml

Desertni tayyorlash juda oddiy. Dastlab tuxumning oqi sarig‘idan ajratiladi va yaxshilab ko‘pirtiriladi. Keyin kraxmal solinib, aralashtiriladi. Uchburchak shaklda po‘stlog‘idan olingan tarvuzlar shu tuxumli massaga botirilib, o‘rtacha olovda yog‘da qizartirib qovuriladi. Xohishga qarab ustiga qand upasi sepilib, tayyor yegulik tatib ko‘riladi.

Salatlar

Tarvuzdan qilish mumkin bo‘lgan yana bir oddiy bo‘lmagan 2 xil salat retseptlari bilan ham bo‘lishamiz.

Tarvuz, feta va bodringli salat: Bu salatni tatib ko‘rishdan ham ko‘ra, tomosha qilish qiziqroq bo‘lishi mumkin. Chunki undagi masalliqlar kubik shaklida kesilib, shaxmat ko‘rinishida 3 qavat qilib teriladi. Kerakli mahsulotlar : tarvuz, feta pishlog‘i, bodring, yalpiz, zaytun yog‘i va tuz.

Ayni shu retsept uchun miqdorlar keltirilmagan, shu sabab ko‘z bilan chamalagan holda keraklicha tayyorlab olish mumkin.

Grillda pishirilgan tarvuz va pomidorli salat: Juda suvli va mazali salat uchun kerakli mahsulotlar:

Tarvuz — 200 g, cherri pomidorlari — 100 g, rukkola — 100 g, qizil piyoz — 1 dona, pesto sousi — 2 osh qoshiq, ta’bga ko‘ra zaytun yog‘i, yangi maydalangan qalampir, tuz.

Salatning tayyorlanishi tarvuzni tuzlagan holatda grillda pishirib olish bilan boshlanadi. Keyin esa pishirilgan tarvuz, cherri pomidori, rukola, qizil piyoz to‘g‘ralib, pesto sousi bilan aralashtiriladi. Ta’bga qarab, unga zaytun yog‘i, tuz va maydalangan qalampir ham solinadi.

Ichimliklar

96 foizi suvdan iborat tarvuzdan yozbop salqin, chanqoqbosdi limonad, kokteyl, sharbatlar tayyorlash mumkin. Buning uchun ko‘p va qimmat mahsulotlar ham talab qilinmaydi.

Limonad: 500 g tarvuz, 400 ml gazli suv, bir dona limon soki va 2 choy qoshiq asal blenderga solib aralashtirilsa, jazirama issiqda tetiklantiruvchi ajoyib limonad hosil bo‘ladi.

Muzqaymoqli va sutli kokteyl: 260 g tarvuz, 80 g istalgan turdagi muzqaymoq va 4 kubik muz bilan esa muzqaymoqli kokteyl, 400 g tarvuz, 200 ml sut, 1 choy qoshiq asal, 1/3 choy qoshiq maydalangan dolchin hamda xohishga ko‘ra muz bilan sutli kokteyl tayyorlanadi.

Sharbat: 4 kg tarvuz, 250 g shakar va 1 choy qoshiq limon kislotasidan ham yoz, ham qishga ajoyib sharbat chiqarish mumkin. Buning uchun tarvuzning yumshoq qismi po‘stlog‘idan ajratilib, idishga olinadi va oq matodan o‘tkaziladi.

Keyin esa shakar va limon kislotasi solinib, 2-3 daqiqa qaynatib olinadi. So‘ng sterillangan shaffof idishlarga quyilib, qopqoqlari bilan yopiladi. Bu ichimlikni nafaqat o‘sha vaqtning o‘zida sovitib iste’mol qilish, balki qishgacha saqlab, keyin ichish ham mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: