Millionlab o‘zbekistonlikni qamrab olib, 3 yil davom etadigan “aksiya”da o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 8 toifadagi obektlarga inson omili va qog‘ozbozliklarsiz kadastr hujjatlari beriladi. Kun.uz ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savollar bilan Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Uzoqbergen Jaksimurodov bilan suhbat tashkil etdi.
6 avgust kuni “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun yuzasidan loyihani ishlab chiqqan mas’ullar bilan intervyu tashkil qildik. Mehmonimiz – Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Uzoqbergen Jaksimurodov.
– Bu qonunni qabul qilish uchun qanday sabab va asoslar bor edi?
– Bu qonun prezidentimizning o‘tgan yili Adliya vazirligiga yuklatilgan topshirig‘i asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, 3 oydan so‘ng kuchga kiradi va qonunda aniq sanab o‘tilgan 8 turdagi yer uchastkalarini o‘z ichiga oladi. Bu qonunning avvalgi aksiyadan nima farqi bor, deyishingiz mumkin. Avvalgi aksiyada fuqarolarning o‘zi arizalar bilan murojaat qilishgan bo‘lsa, bu qonunda shu turdagi barcha yer uchastkalari haqidagi ma’lumotlar birma-bir to‘planadi. Bu ish avval kadastr agentligida bor ma’lumotlar asosida avtomatik, keyin esa joylarga chiqib tekshiriladi.
– Qonunning parlamentdagi muhokamasi jarayonida Adliya vazirining o‘rinbosari Alisher Karimov qariyb 4 million fuqaro ushbu qonun doirasida yerga egalik huquqiga ega bo‘lishi mumkinligini aytdi. Agar raqamlar aniq bo‘lsa nima uchun bu “aksiya” shu muammodagi odamlar uchun xoslab chiqarilmadi?
– Bu masala ikki yil davomida tegishli soha mutaxassislari tomonidan o‘rganib kelinmoqda, ammo qariyb 4 million aholi haqidagi ma’lumot ham aniq raqamlarni anglatmaydi. Chunki yer uchastkalari kadastrlarini raqamlashtirish ham 2020 yildan boshlab amalga oshirilib kelinmoqda. Ba’zi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ham bu qonunni katta masshtabda hal qilish nazarda tutilgan.
– Qonunda qanday turdagi egallab olingan yer uchastkalarini o‘z nomiga qonuniy o‘tkazib olishi mumkin?
– Qonun yuqorida ta’kidlanganidek 8 turdagi yer uchastkalarini o‘z ichiga oladi, bular:
- 2018 yil 1 may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
- 2018 yil 1 may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
- “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
- 2021 yil 8 iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer;
- bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
- kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
- davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
- hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.
– Hokimlar bir yerni bir necha tadbirkorlarga sotib yuborgan yoki foydalanish uchun bergani oqibatida fuqarolar o‘rtasida nizolar kelib chiqsa, bu holatlar qanday bartaraf etiladi?
– Hokimlarning qarorlari shahar arxivida saqlanadi va birinchi kimga qaror chiqqan bo‘lsa, o‘shanga beriladi. Agar fuqarolar o‘rtasida nizo chiqadigan bo‘lsa, bu vaqtincha to‘xtatib turiladi. Va bu jarayon sud tomonidan hal qilinadi. Bundan maqsad, ish ko‘rayotgan organlarning ishi to‘xtab qolmasin. Bu oldingi amaliyotlardan o‘tgan. Ya’ni o‘zboshimchalik bilan egallangan yerdagi mulklarni qurgan odam vafot etgan bo‘lsa, uni orqasida qolgan odamlar o‘rtasida nizo chiqishi mumkin. Shunda nizo bartaraf etilgunga qadar ish to‘xtab turadi.
– Biror fuqaroning ko‘chmas mulki yuqoridagi 8 ta holatdan biriga tushdi, endi o‘sha fuqaroning keyingi qadami qanday bo‘ladi?
– Fuqarodan hech qanday ortiqcha harakat talab qilinmaydi, chunki bu ish inson omili tomonidan hal qilinmaydi. Bu raqamlashtirish orqali hal qilinadigan masala hisoblanadi. Xususan, Kadastr agentligi Avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratib, unga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi. Shuningdek, 10 ta vakolatli organ ham (hokimlik, qurilish, ekologiya, soliq, “O'zbekkosmos” agentligi va boshqalar) har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga kiritadi. Ushbu ma’lumotlar e’lon qilingach, to‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi adliya organlari tomonidan o‘rganib chiqiladi.
Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi.
– To‘lovlar qanday asosga ko‘ra belgilanmoqda?
– Avvalgi aksiyada belgilangan to‘lov miqdori eng kam oylik ish haqining 5 barobarida belgilangan edi, ammo bu summani barcha fuqarolarning to‘lashga qurbi yetmagan edi, shu sababli ba’zi arizalarni ko‘rib chiqish oxiriga yetmay qolgan edi. Bu safar bu to‘lov tabaqalashtirilgan holda amalga oshirilishi belgilangan. Misol uchun Toshkent shahri miqyosida bu to‘lov eng kam oylik ish haqining 5 barobarida belgilangan, viloyat ichidagi markazlar miqyosida 3 barobar ko‘rsatkichda, qolgan barcha tumanlarda eng kam oylik ish haqining 1 barobarida summa belgilangan. Bunda 10 foiz miqdordagi summa kosmik suratlarga ketadigan xarajatlarni qoplash uchun ishlatiladi, ammo kelib tushgan pulning 64 foizi o‘sha noqonuniy o‘zlashtirilgan yer uchastkasi hududidagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun sarf qilinishi belgilangan. To‘lovlarning yana bir jihati borki, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning moliyaviy ahvolini hisobga olgan holda turli chegirmalar ham belgilangan.
– Fuqarolarga ushbu yerlar nega aynan ijara huquqi bo‘yicha va 99, 49 yil kabi turli muddatlarga berilyapti?
– Aslida amaldagi qonun bo‘yicha yer berish tartibi 3 xil turda saqlanib qolingan, bu avval 6 xil tartibda edi. Doimiy foydalanish huquqi faqat davlat organlariga tegishli yerlar uchun ishlaydi, noqonuniy egallangan yerlar uchun esa ijaraga berish orqali buni amalga oshirish kerak. Bu muddat Yer kodeksidan kelib chiqib, eng maksimal muddat 99 yil etib belgilangan. Shu bilan birga fuqarolarda boshqa huquqiy asoslarga ko‘ra, keyinchalik bu yerlarni xususiylashtirishi mumkin.
Ushbu qonundagi imtiyozlardan foydalanib, fuqarolar ancha yillardan beri o‘zini qiynab kelayotgan masalalarga ham yechim topishi mumkin. Masalan, “propiska” bilan bog‘liq muammolar, farzandini maktab, bog‘chaga navbatga qo‘yish yoki o‘sha binolarga kommunal xizmatlarni ulashga doir.
Suhbatni to‘liq YouTube sahifamizda tomosha qiling.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.