Venesueladagi namoyishlar tufayli boshlangan tartibsizliklar chog‘ida ikki harbiy halok bo‘ldi, yana 120 nafar huquq-tartibot xodimi yaralandi.
Bu haqda Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Karakasdagi Miroflores saroyida jurnalistlarga ma’lum qildi.
Davlat rahbari notinchliklar paytida shifoxonalar, universitetlar va jamoat transportiga zarar yetkazilganini ta’kidladi.
Maduro huquq-tartibot idoralari xavfsizlik kuchlarining o‘limiga va jarohatlanishiga sabab bo‘lgan har bir shaxsni aniqlab, javobgarlikka tortishiga ishontirdi.
Prezident Milliy saylov kengashi (CNE)ga kiberhujum ortida amerikalik milliarder Ilon Mask turganini ta’kidlab, mamlakat xavfsizlik tizimini mustahkamlashga va’da berdi.
«Bu vandalizmni tinch namoyishlar bilan oqlab bo‘lmaydi. 20 dan ortiq boshlang‘ich maktab, 34 ta o‘rta maktab, universitetlar, shifoxonalar, supermarketlar, 30 ta tez tibbiy yordam mashinasi va 200 ga yaqin politsiya mashinasi hujumga uchragan. Qo‘mondon Ugo Chaves yodgorliklari buzib tashlandi. Buni qilganlarning ko‘pchiligi hatto ovoz berishda qatnashmagan. Ular Texasdan kelib, tartibsizliklar keltirib chiqardi. Ular orasida giyohvandlar ham bor», — dedi prezident.
Maduro barchani Milliy saylov kengashi (CNE) tomonidan e’lon qilingan saylov natijalarini hurmat qilishga chaqirdi va Konstitutsiya hamma uchun majburiy ekanligini ta’kidladi.
28 iyul kuni mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari bilan bog‘liq AQSh ayblovlarini izohlar ekan, Maduro Vashingtonni ikkiyuzlamachilikda aybladi.
«Donald Tramp 2020 yilgi prezidentlik saylovlariga ko‘plab e’tirozlarni bildirdi, soxtalashtirishlar haqida da’vo qildi, keyin nima bo‘ldi? Ovozlar qayta sanab o‘tildimi yoki bayonnoma talab qilindimi?» - dedi davlat rahbari.
Maduroning aytishicha, Venesuela hukumati mamlakatda tinchlik, osoyishtalik va xavfsizlikni ta’minlashga qaror qilgan.
«Biz Venesueladagi barcha iqtisodiy, savdo va transport faoliyatining 90 foizini tikladik. Hech kim Venesuelaning ichki ishlariga aralashmasligi kerak, biz Konstitutsiyaga muvofiq yashaymiz», — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.