Hamas yetakchisining o‘g‘li: Okkupatsiya va genotsidga qaramay kurashdan voz kechmaymiz

Jahon 09:41 / 05.08.2024 2683

Falastinliklar vayronagarchilik va okkupatsiyaga qaramay, ozodlik uchun kurashdan qaytmaydi. Bu haqda Tehronda o‘ldirilgan Falastinning Hamas harakati siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning to‘ng‘ich o‘g‘li Abdusalom Haniya «Anadolu» agentligiga ma’lum qildi.

«Mening bu qonxo‘r sionistik dushmanga aytmoqchi bo‘lgan gapim shuki, yetakchilarimizga bir asrdan ortiq davom etgan hujumlar bizni to‘xtata olmaydi. Siz Falastin xalqining yurishi va inqilobini to‘xtata olmaysiz», dedi Haniya Dohada otasi bilan vidolashuv marosimida 

O‘ldirilgan Hamas yetakchisi o‘g‘li Falastin xalqining g‘alabasi yaqin ekanini aytdi. «Xalqimizga, Falastin xalqiga, G‘azo sektoridagi xalqimizga g‘alaba yaqinligini e’lon qilaman. Allohning izni bilan azoblar barham topadi. Umid qilamizki, bu ma’yus muhit tarqab ketadi», — dedi Abdusalom Haniya.

Uning ta’kidlashicha, otasi bilan xayrlashish juda qiyin, lekin u Falastin xalqining ozodligi va huquqlari uchun kurash yo‘lida vafot etgan. «Otamning qoni G‘azo bolalari va aholisi qonidan ustunroq bo‘lmaganidek, bizning ko‘z yoshlarimiz ham qurbonlar oilalarining ko‘z yoshlaridan ustun emas», deb ta’kidladi u.

Haniya Hamas Falastin xalqi yetakchilari va oilalariga g‘alaba keltirishiga ishontirdi.

«Umid qilamanki, mening xabarim barcha islom va arab davlatlarining poytaxtlariga yetib boradi va bir kun kelib biz bu g‘alabani Falastin xalqi, uning rahbarlari va shahidlar oilalari bilan birga nishonlaymiz. Bizning xabarimiz aniq: Isroil okkupatsiyasi va mintaqadagi mavjudligi tugaydi, buni nishonlaymiz» dedi u va Falastin xalqi vayronagarchilik, okkupatsiya hamda genotsidga qaramay kurashdan voz kechmasligini ta’kidladi.

Tehronda Hamas yetakchisining o‘ldirilishi

Falastinning Hamas harakati siyosiy byurosi raisi Ismoil Haniya Eron yangi saylangan prezidenti Mas’ud Pizishkiyon inauguratsiya marosimida ishtirok etish uchun Tehronga kelgandi.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) 31 iyul kuni ertalab Eron poytaxtida Ismoil Haniya qarorgohiga zarba berilgani haqida ma’lumot tarqatdi.

Eron va Hamas Isroilni qotillikni uyushtirganlikda aybladi. Biroq Isroil rasmiylari voqeaga izoh berishdan o‘zini tiyib turibdi.

Ismoil Haniya 2017 yil 6 may kuni Hamas siyosiy byurosi rahbari etib saylangan edi. U bu lavozimda Xolid Mash’al o‘rnini egalladi.

Ko‘proq yangiliklar: