Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Polsha, Niderlandiya va Portugaliya 4 avgust, yakshanba kuni «Venesueladagi prezidentlik saylovlaridan keyin yuzaga kelgan vaziyatdan chuqur xavotir» bildirdi va Janubiy Amerikaning ushbu davlati hukumatini saylovchilar ro‘yxatini e’lon qilishga chaqirdi. «Biz Venesuela hukumatini saylov jarayonining to‘liq shaffofligi va yaxlitligini ta’minlash uchun barcha hisob varaqalarini zudlik bilan nashr etishga chaqiramiz», deyiladi yettita davlat qo‘shma bayonotida.
Hujjatda Venesuela muxolifatining mamlakatdagi har bir saylov uchastkasida berilgan byulletenlar 80 foizdan ortig‘i to‘plangani va chop etilgani ma’lum qilingan ma’lumotlariga iqtibos keltiriladi. «Ushbu tekshirish Venesuela xalqining irodasini tan olish uchun zarur», - deya ma’lum qildi Yevropa yetakchilari Maduroga chaqiriqda.
Bayonotda, shuningdek, venesuelaliklarning xalq irodasini ifoda etganliklari uchun «har qanday hibsga olinishi» qoralangan va «tinch namoyishlar va yig‘ilishlar erkinligi»ga chaqirilgan, sheriklar bilan birgalikda «vaziyatni yaqindan kuzatib borish va demokratiya, tinchlik uchun chaqiriqlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishga» va’da berilgan.
Venesuela hukumati 2000 namoyishchi ushlanganini ma’lum qildi
Venesuelada mamlakat hukmdori Nikolas Maduro uchinchi bor g‘olib deb e’lon qilingan prezidentlik saylovlaridan so‘ng rasmiylar namoyishchilarga nisbatan qattiq choralar ko‘rishini e’lon qildi. Namoyishlar chog‘ida 2 ming kishi qo‘lga olingan, dedi Maduro bir kun avval o‘z tarafdorlari bilan suhbatda. U ushlanganlarni qattiq rejimdagi Tokoron va Tokuyito qamoqxonalariga jo‘natishga va’da berdi. «Bu safar rahm-shafqat bo‘lmaydi», deb tahdid qildi u.
Shu kuni mamlakat bo‘ylab minglab odamlar muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machado tashabbusiga ko‘ra norozilik namoyishi o‘tkazdi. U hibsga olinishidan qo‘rqib so‘nggi bir necha kun yashirinib yurganidan so‘ng Karakasdagi mitingda qatnashdi. Venesuela rasmiylarining muxoliflari hech qachon bunchalik kuchli bo‘lmagan, rejim esa zaif, deydi u. «Biz ko‘chalarni tark etmaymiz», deb ta’kidladi Machado. Mitingda prezidentlik saylovlarida muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales Urrutia ishtirok etmagan.
Venesuelada saylovlar va Maduro g‘alabasiga qarshi namoyishlar
Iyul oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng Venesuela hukumati nazorati ostidagi Milliy saylov kengashi avtoritar siyosatchini saylovchilarning 51,2 foizi qo‘llab-quvvatlaganini iddao qilib, mamlakatni 2013 yildan beri boshqarib kelayotgan Maduroni rasman g‘olib deb tan oldi. Biroq, ayrim saylov okruglari bo‘yicha ovoz berish natijalari hali e’lon qilinmagan. Xalqaro kuzatuvchilarga saylovlarda ishtirok etishiga ruxsat berilmadi.
O‘z navbatida, muxolifat o‘z nomzodi Edmundo Gonsales Urrutianing g‘alaba qozonganini ta’kidlamoqda, ularga ko‘ra, u butun Venesueladagi saylov uchastkalaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri olingan 80 foizdan ko‘proq byulletenlarda 67 foizga yaqin ovoz to‘plagan.
AQSh allaqachon muxolifat nomzodini saylov g‘olibi deb tan olgan
Oq uy Edmundo Gonsales Urrutiani saylov g‘olibi deb tan oldi va byulletenlarni qayta ishlashda «jiddiy xatolar»ga yo‘l qo‘yilganini bildirdi. Vashingtonda mamlakat saylov komissiyalari xalqaro hamjamiyat talabiga qaramay, saylov natijalarini taqdim etmagani uchun keskin tanqid qilindi.
Foro Penal nodavlat tashkilotiga ko‘ra, e’lon qilingan saylov natijalariga qarshi namoyishlar chog‘ida kamida 16 kishi halok bo‘lgan. Prezident Maduro Gonsales va Machadoni terrorchilikda ayblab, ularga 20 yilgacha qamoq jazosi bilan tahdid qilgan.