Samarqand viloyatida tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimi, Olmaliqda elektr tarmoqlari korxonasi xodimi qarzdorlikni yo‘q qilib berish evaziga pul olayotganda ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Bulung‘ur tumani bo‘limi hamda DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Bulung‘ur tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimi S.X. xonadonlarning birida tabiiy gazdan aniqlangan 1,6 mln so‘m zarar 14 mln so‘m ekanligini aytib, uni kamaytirib berishi evaziga fuqarodan 4,4 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Olmaliq shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Olmaliq shahar elektr tarmoqlari korxonasi hisobchisi Z.A. fuqaro D.N.ning “Do‘stlik” MFYdagi uyining elektr ta’minotidan 5 mln so‘m qarzdorligini yo‘q qilib berishi evaziga 3 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.