Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning fikricha, AQShning uzoq masofali raketalarini Germaniyada joylashtirish rejalashtirilgani Rossiyaga qarshi «to‘xtatuvchi vosita» sifatida zarur. «Umid tamoyili bizni Rossiyadan himoya qilmaydi», deb yozdi u 4 avgust, yakshanba kuni Bild am Sonntag gazetasida chop etilgan sharhida.
Rossiya bilan chegaradosh mamlakatlarni himoya qilish uchun ham ishonli to‘xtatuvchi vosita zarur
Berbok ta’kidlashicha, Germaniyani himoya qila oladigan narsa shundaki, Berlin endi «o‘z xavfsizligi va kuchiga sarmoya kiritmoqda» - Yevropa Ittifoqi va NATO doirasida, shuningdek, milliy darajada. Bu chora-tadbirlar AQShning uzoq masofali qurollarini Germaniyada joylashtirish qarorini o‘z ichiga oladi, deya qo‘shimcha qildi u.
Berbokning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Rossiyaga qarshi «ishonchli to‘xtatuvchi vosita» yaratishi kerak. Bunday qadamlar Germaniyaning hamkorlari - Polsha, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Finlandiyani ham himoya qilishi kerak, ular «Rossiya bilan bevosita chegaradosh va so‘nggi oylarda gibrid chegara choralarining portlovchi ta’sirini boshdan kechirgan», dedi nemis vaziri.
Germaniya AQShning uzoq masofali raketalarini joylashtiradi
NATOning iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan sammitida Qo‘shma Shtatlar va Germaniya GFR hududida Amerika uzoq masofali raketalari joylashtirilishini e’lon qildi. Qo‘shma Shtatlar Rossiyani tiyib turish va NATOdagi sheriklarini himoya qilish uchun 2026 yildan boshlab Germaniyada SM-6 zenit raketalarini, Tomahawk qanotli raketalarini va eksperimental gipertovushli qurol tizimlarini «hozir Yevropada mavjud bo‘lganlardan ko‘ra ko‘proq yo‘q qilish diapazoni bilan» joylashtiradi», deya xabar qildi Oq uy. Tomahawk raketalari 2500 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni urib tushirishga qodir.
Germaniya kansleri Olaf Shols aytishicha, bu qurollarning Germaniyada joylashtirilishi «urush oldini olishga xizmat qiladi». Moskva Amerikaning uzoq masofali raketalarini joylashtirishni to‘xtatish uchun nima qilishi kerakligi haqidagi savolga u: «Ukrainadagi urushni tugatish», deb javob berdi.
AQShning uzoq masofali raketalarini Germaniyada joylashtirishni Bundestagdagi Xristian-demokratik ittifoq/Xristian ijtimoiy ittifoq fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Yoxann Vadeful ham ma’qulladi. U «boshqa davlatlarga, ya’ni o‘zini himoya qila olmaydiganlarga» hujum qilayotgan Rossiyani munosib tarzda tiyib turish zarurligiga e’tibor qaratdi.
AQSh raketalarini Germaniyada joylashtirish qarori tanqid ham qilindi
Biroq, Amerika qurollarini joylashtirish qarori Bundestagning ko‘plab a’zolari uchun kutilmagan bo‘ldi. Bir qator siyosatchilar Germaniya hududida raketalarni joylashtirish masalasini parlamentda muhokama qilishga chaqirdi. Boshqa narsalar qatorida, bunday chaqiriqlar hukmron koalitsiya tarkibiga kiruvchi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) deputatlari orasida ham yangramoqda.
Mudofaa vaziri Boris Pistoriusning aytishicha, Rossiya shunga o‘xshash va turli masofadagi qurollarga ega, Kichik va o‘rta masofali raketalarni yo‘q qilish shartnomasi (KO‘RYSh)ni buzgan va keyin undan chiqib ketgan. U Rossiyani «samarali tiyib turish» zarurligini ta’kidladi. «Gap biz tomondan bo‘shliqni yopish - hech kimga tahdid qilmaslik, NATO hududiga ehtimoliy hujum Rossiya uchun yuqori narxga ega bo‘lishini tushuntirishdir», dedi u.