Bangladesh bosh vaziri qochdi, namoyishchilar uning qarorgohini egallagan. Asosiy ma’lumotlar

Jahon 14:45 / 05.08.2024 35708

Armiya shtabi boshlig‘i, general Vaker-Uz-Zamon mamlakat xalqiga murojaatida bosh vazir iste’foga chiqqanini tasdiqlagan.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Hasina vertolyotda qo‘shni Hindistonga uchib ketgan, bu yerda uning xavfsizlikda bo‘lishiga va’da berilgan.

Vaker-uz-Zamon vaqtincha hukumat shakllantirilishini ma’lum qilgan.

U prezident Muhammad Shahobiddin bilan uchrashishi va kun oxiriga qadar yechim topilishiga umid qilayotganini aytgan.

Harbiy mulozim allaqachon muxolifatdagi siyosiy partiyalar bilan muzokara o‘tkazganini bildirgan. Hukumatni kim boshqarishi hozircha noma’lum.

Shuningdek, general butun Bangladesh xalqi uchun «adolat» va’da qilgan — ya’ni, so‘nggi haftalar davomida yuzlab kishilar halok bo‘lgan namoyishlarda ishtirok etayotgan bangladeshliklar talab qilayotgan narsani.

Dushanba kuni minglab kishilar bosh vazir qarorgohi «Ganobhaban»ga bostirib kirgan.

Internetda tarqalgan videolarda namoyishchilar bosh vazir qarorgohini ostin-ustun qilayotgani aks etgan. 

Yakshanba kuni Shayx Hasinaning iste’fosini talab qilgan namoyishchilarning politsiyachilar bilan to‘qnashuvi oqibatida 90 kishi halok bo‘lgan.

Qurbonlar orasida — 13 politsiyachi ham bor. Ular mamlakat poytaxti Dakkadan 100 km shimolda joylashgan Sirajganj shahridagi politsiya mahkamasiga qilingan hujum oqibatida halok bo‘lishgan.

Dakkada namoyishlar tingani yo‘q

BBC Bangladesh xizmati muxbirlari Dakkada yoppasiga talonchilik holatlari boshlangani haqida xabar berishgan. Xabarlarga ko‘ra, namoyishchilar ichki ishlar vaziri Asaduzzamon Xonning poytaxtdagi Dhanmondi tumanidagi qarorgohiga bostirib kirib, u yerni ostin-ustun qilishgan.

Muxbirlarga ko‘ra, namoyishchilar asosiy darvozani shturm qilib, binoga kirishgan va uyga o‘t qo‘yishgan.

Namoyishchilar bosh vazirning otasi, mustaqillik uchun harakat yetakchisi hamda o‘z vaqtida prezident bo‘lgan shayx Mujibur Rahmonning haykalini ag‘darmoqchi bo‘lishgan. Ular 1975 yilda, prezident ekanida o‘ldirilgan Mujiburning yodgorlik muzeyiga ham o‘t qo‘yishgan.

Shuningdek, olomon vazirlarning mazkur hududda qoldirgan bir necha avtomobilini shikastlagan, odamlar zirhli texnikalarga chiqib olishgan.

Mamlakat sharqidagi Silhet shahridan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, u yerda komissar o‘rinbosari hamda politsiya superintendanti ofislari yoqib yuborilgan, shuningdek, mahalliy kengash a’zolarining uylari talon-toroj qilingan.

Namoyishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi talabalar bo‘ldi. Foto: AFP

Davlat xizmatlaridagi lavozimlar uchun kvotalar tizimiga qarshi talabalar namoyishlari iyul oyi boshida boshlangandi. Namoyishlar 15 yildan buyon hokimiyatda bo‘lgan va yanvar oyida to‘rtinchi muddatga saylangan Hasinani hokimiyatdan chetlatish kampaniyasiga aylanib ketdi.

O‘tgan vaqt mobaynida 280 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Avvalroq Dakkada politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan gaz sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llagan, bosh vazir esa mamlakat bo‘ylab mobil internetni o‘chirib qo‘yishga buyruq bergandi: bu uning hukumat rahbari lavozimidagi so‘nggi buyrug‘i bo‘lib qolmoqda.

Hasinaning qochishi

Shayx Hasina Bangladesh hukumatini 1996 yildan 2001 yilgacha va 2009 yildan hozirga qadar boshqargan. Foto: EPA

CNN telekompaniyasi xabar qilishicha, Shayx Hasina dushanba kuni Bangladesh poytaxti Dakkadan qochib, Hindiston shimoli-sharqidagi Agartala shahriga uchib borgan. Nashr razvedkadagi manbasiga asoslanib, Hindiston Hasinaga xavfsiz o‘tish yo‘lini tayyorlagan.

Hindiston va Bangladeshdagi ayrim nashrlar u Londonga yo‘l olishi mumkinligi haqida yozgan.

Hasina 1996 yilda ilk bor saylanganidan buyon Hindiston bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan va Hindiston ko‘p yillar mobaynida Bangladeshning asosiy ittifoqchisi bo‘lib kelgan.

Bangladesh Hindistonning shimoli-sharqiy shtatlariga chegaradosh hisoblanadi, bu hududlardan aksarida o‘nlab yillardan buyon jangarilarga qarshi kurash olib boriladi va Dakkadagi rejim bunda Hindiston hukumatiga yordam ko‘rsatadi.

Hokimiyatda bo‘lish davrida Hasina Bangladeshda Hindistonga qarshi kayfiyatdagi harbiylashgan guruhlar faoliyatini cheklab qo‘ygan, shuningdek Hindistonga hind mahsulotlarini mazkur shtatlarga tezroq yetkazishni ta’minlash uchun tranzit huquqlarini taqdim etgan.

Ammo uning Dehli bilan yaqin aloqalarini muxolifatdagi partiyalar vakillari hamda faollar tanqid qilib kelardi, ular Hindiston muayyan bir partiyani emas, butun Bangladesh xalqini qo‘llashi lozim deb hisoblaydi.

Shayx Hasinaning o‘g‘li Sajib Vazed Joy BBC bilan suhbatda onasi siyosatga qaytmasligi, u «mashaqqatli mehnatlaridan keyin ozchilik unga qarshi chiqqani»dan qattiq ranjiganini aytgan. Bugungi kunga qadar bosh vazir maslahatchisi bo‘lgan Joy onasi yakshanba kuniyoq iste’foga chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqqani va mamlakatni oilasi talab qilgani tufayli, o‘z xavfsizligini o‘ylagan holda tark etganini qo‘shimcha qilgan.

Hasina mamlakatga ikki bor vazir bo‘lgan: 1996 yildan 2001 yilgacha, va keyin 2009 yildan hozirga qadar.

Bangladeshdagi namoyishlar

Iyul oyida Bangladeshni ommaviy namoyishlar qamrab olgandi: talabalar davlat sektoridagi ish o‘rinlarining uchdan bir qismi 1971 yildan Pokistondan mustaqillikka erishish uchun bo‘lgan urush faxriylarining qarindoshlari uchun zaxira qilinishini ko‘zda tutuvchi kvotalar tizimini o‘zgartirishni talab qilib ko‘chalarga chiqishgandi.

2018 yilda bosh vazir Shayx Hasina hukumati tomonidan bekor qilingan kvotalar tizimi iyun oyida quyi instansiya sudi tomonidan yana tiklangan va bu jiddiy noroziliklarga sabab bo‘lgandi.

Talabalar bu tartibni diskriminatsiya deb atashgan va ishga qabul har bir alohida nomzodning malakasiga asoslanishini talab qilishgan.

Bangladesh hukumati butun mamlakat bo‘ylab yuqori tahdid rejimini kiritadi. Amalda hammayoqda internet o‘chiriladi, ayrim tumanlarda telefon liniyalari ham ishlamaydi. Poytaxtda komendantlik soati joriy etiladi. Hukumat namoyishchilarni BTV davlat telekompaniyasi binosiga o‘t qo‘yishda ayblaydi. Politsiya namoyishchilarga ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llaydi.

Bir necha kun o‘tib Bangladesh oliy sudi davlat sektoridagi ish o‘rinlari uchun kvotalarning aksar qismini bekor qiladi va urush faxriylarining qarindoshlariga ish o‘rinlarining atigi 5 foizini qoldiradi.

Ammo hukumat sud qaroriga tezda munosabat bildirmaydi va talabalar tashkiloti vakillari namoyishlar davom etajagini ma’lum qiladi.

Bangladesh — dunyoning eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri, ammo bu o‘sish universitetlar bitiruvchilari uchun yangi ish o‘rinlari yarata olmadi. Baholarga ko‘ra, 18 million yosh bangladeshlik ish izlash holatida.

Universitetlar bitiruvchilari orasida ishsizlik darajasi ularning oliy ma’lumotsiz tengdoshlariga qaraganda yuqori.

London iqtisodiyot maktabi professori Lutfiya Siddiqiy BBC uchun intervyusida Bangladeshda rejim almashishi — «iqtisodiy muqarrarlik» ekanini ta’kidlagandi.

«Shayx Hasina hukumati mamlakatni boshqarish huquqini ham, imkoniyatini ham yo‘qotgan ko‘rinadi. Unda tez orada buning uchun resurslar ham tugaydi», — degandi Siddiqiy.

Uning fikricha, namoyishlar o‘zagini tashkil etayotgan yoshlar Bangladeshning «asosiy tabiiy boyligi» ham hisoblanadi. Siddiqiy bu «ish, umid yoki vakolatlarsiz osongina passivga aylanishi mumkin bo‘lgan aktiv» deb hisoblaydi.

Bangladeshning 15 dan 24 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarining 40 foizidan ortig‘ini ishsizlar va o‘qimaganlar tashkil etadi, bu doimiy inflatsiya va boshqa iqtisodiy muammolar bilan birlashib, «shunchaki uchqunni kutayotgan iqtisodiy molotov kokteyli»ni hosil qiladi, deydi u.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk Bangladesh hukumatini zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqirgan.

U shuningdek dushanba kuni Dakkada o‘tkazilishi rejalashtirilgan ommaviy marsh yuzasidan xavotir bildirib, vaziyat keskinlashishda davom etishidan ogohlantirgan.

«Hukumat tinch namoyishlarda qatnashayotganlarni ta’qib qilishni to‘xtatishi, qo‘lga olinganlarni zudlik bilan qo‘yib yuborishi, internetga kirishni to‘liq tiklashi hamda konstruktiv muloqot uchun sharoit yaratishi lozim», — degan u.

Ko‘proq yangiliklar: