Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, daromadi yuqori davlatlarda yalpi milliy mahsulot (mamlakat aholisi va korxonalari tomonidan ishlab topilgan jami pullar) 13 ming 846 AQSh dollari va undan ziyodni tashkil etadi.
Aholi jon boshiga daromadi 2400 dollarni tashkil etuvchi Hindiston o‘rtachadan past daromadli davlatlar ro‘yxatiga kiradi. Qator yillardan biri ko‘plab iqtisodchilar Hindiston iqtisodiyoti “o‘rtacha daromad qopqoni”ga tushib qolishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda, deb yozadi BBC.
Bu hol mamlakat rivojlangan iqtisodiyotlar bilan raqobatlasha olmasdan, tezda o‘sishga erishishdan to‘xtab qolganda ro‘y beradi. Ekonomist Ardo Hannson ushbu vaziyatni mamlakatlarning “xarajatlari oshib, raqobatbardoshlikni yo‘qota boshlagani bilan bog‘liq qopqon”ga mengzaydi.
Jahon bankining yangi hisobotida shunga o‘xshash xavotirlar o‘rin olgan. Hozirgi o‘sish sharoitlarida Hindiston Amerikadagi aholi jon boshiga daromadlarning chorak qismiga yetishi uchun ham 75 yil talab qilinadi, deyiladi 2024 yilgi Jahon rivojlanishi hisobotida. Unda yana qayd etilishicha, Hindiston, Xitoy, Braziliya, Janubiy Afrika doxil 100 dan ortiq davlatlar keyingi o‘n yilliklar mobaynida yuqori daromadli mamlakatlarga aylanishi uchun xalaqit beruvchi “jiddiy to‘siqlar”ga duch kelishi tilga olib o‘tilgan.
Tadqiqotchilar o‘rtacha daromadga ega, jahon iqtisodiy ishlab chiqarishining 40 foizi, uglerod ajratmalarining uchdan ikki qismi to‘g‘ri keladigan 108 davlatga oid raqamlarni o‘rganib chiqishgan. Bu mamlakatlarda jahon aholisining to‘rtdan uch qismi istiqomat qiladi va ularning qariyb uchdan ikki qismi qashshoqlikda kun ko‘radi.
Tadqiqotchilarga ko‘ra, bu mamlakatlar o‘rtacha daromad qopqonidan qutulib chiqish uchun katta muammolarga duch kelishmoqda. Bunga yana aholining tezlik bilan qarib borayotgani, rivojlangan iqtisodiyotlarda proteksionizmning o‘sayotgani, energetikadagi o‘zgarishlarni juda tezlashtirish zaruriyati kiradi.
“Global iqtisodiy farovonlik uchun kurash o‘rtacha daromadga ega mamlakatlarda ko‘p narsada muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz bo‘ladi”, — deydi Jahon bankining bosh iqtisodichisi, tadqiqot mualliflaridan biri Indermit Gill.
“Bu mamlakatlarning juda ko‘pi ilg‘or iqtisodiyotlarga aylanish uchun eskirgan strategiyalarga tayanishmoqda. Ular faqat investitsiyalarga juda bog‘lanib qolishgan yoki innovatsiyalarga juda erta o‘tishmoqda”, – deydi Gill.
Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, o‘rtacha daromadga ega mamlakatlarda biznesning o‘sish darajasi juda sekin.
Hindiston, Meksika va Peruda 40 yildan beri ishlayotgan kompaniyalar bu muddat ichida daromadlarini ikki barobar o‘stirib olishadi, holbuki AQShda bu muddat ichida ular yetti barobarga kengayadi. Bu o‘rtacha daromadga ega mamlakatlarda kompaniyalar juz’iy o‘sish bilan bog‘liq muammolarga duchor bo‘lgani, biroq shunga qaramasdan o‘nlab yillar davomida faoliyat ko‘rsatishi mumkinligidan dalolat beradi. Binobarin, Hindiston, Peru va Meksikadagi kompaniyalarning qariyb 90 foizida 5 nafardan kam xodim ishlaydi, juda kamchilik qismida 1 va undan ortiq odam ishlaydi, deyiladi hisobotda.
Janob Gill va uning tadqiqotchi hamkasblari yangicha yondashuvni yoqlab chiqishdi: bu mamlakatlar investitsiyalarni kengaytirish, butun jahondan yangi texnologiyalarni joriy etish va innovatsiyalarni rivojlantirishga diqqat qaratishi zarur.
Hisobotda bunday strategiyaga misol Janubiy Koreya bo‘la olishi qayd etilgan.
1960 yilda uning aholi jon boshiga daromadi 1200 AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich 33 ming dollarga yetgan.
Avvaliga Janubiy Koreya davlat va xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirgan. 1970-yillarda koreyslar xorijiy texnologiyalar va ilg‘or ishlab chiqarish usullarini joriy etgan milliy kompaniyalarni rag‘batlantiruvchi sanoat siyosatiga o‘tgan.
Samsung kabi kompaniyalar tezda “labbay” deb javob bergan. Avvaliga ugra ishlab chiqargan Samsung yapon firmalari texnologiyasi litsenziyasi asosida ichki va mintaqaviy bozorlar uchun televizor ishlab chiqarishga o‘tgan.
Bu muvaffaqiyat malakali mutaxassislarga talab yaratgan. Hukumat davlat universitetlari budjetlarini kengaytirib, ularning oldiga malakali kadrlarni tayyorlash maqsadini qo‘ygan. Bugungi kunga kelib Samsung novator korporatsiya va smartfonlar ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi, deyiladi hisobotda.
Hisobotda Polsha va Chili kabi mamlakatlar shunga o‘xshash yo‘ldan yurgani qayd etilgan. Polsha g‘arbiy Yevropa texnologiyalarini o‘zlashtirib, samaradorlikni oshirgan. Chili mahalliy innovatsiyalarni chog‘lantirish uchun texnologiyalar olib kirishni rag‘batlantirgan.
Tarix xavf solib kelayotgan o‘rtacha daromad qopqoni borasida yetarlicha belgilardan so‘zlaydi. Tadqiqotchilar mamlakatlar boyib borgani sari AQSh YaIMning 10 foizi (bugungi kunda 8000 dollar) darajasida o‘rtacha daromad bilan “qopqon”ga tushadi. Bu banklar tomonidan o‘rnatilgan “o‘rtacha daromadli” mamlakat tasnifining taxminan yarmidir.
1990 yildan buyon faqatgina 34 ta davlat yuqori daromad darajasiga ega davlatlar toifasiga o‘tgan, shularning ham uchdan ikki qismi Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyalashgandan yoki yangi neft konlari ochilganidan so‘ng bu ko‘rsatkichga erishgan.
Iqtisodchilar Ragxuram Rajan va Rohit Lamba biri biridan bexabar holda hisoblashicha, agar Hindistonda aholi jon boshiga daromad yiliga shiddatli 4 foizdan oshib turgan taqdirda ham 10 ming dollarlik ko‘rsatkichga 2060 yilga borib erishadi. Shu ko‘rsatkich ham bugungi Xitoy darajasidan past.
“Biz yaxshiroq ishlashimiz kerak. Keyingi o‘n yillik mobaynida biz aholi uchun ehtimolli divident, ya’ni boshqa mamlakatlar singari qariy boshlashimiz oldidan mehnatga layoqatli aholi soni ulushining oshishiga guvoh bo‘lamiz”, — deb yozgan ular o‘zlarining “Qoliplarni sindirib: Hindistonning iqtisodiy kelajagi haqida o‘ylar” kitobida.
“Agar biz barcha yoshlarimizning bandligini ta’minlash uchun sharoit qila olsak, biz o‘sishni tezlashtiramiz, mamlakatimiz aholisi qariy boshlashidan avval o‘rta sinf tarkibiga kirish imkoniyatini hosil qilamiz”, – deb yozishmoqda tadqiqotchilar
Boshqa so‘zlar bilan aytganda, iqtisodchilar “Hindiston qariy boshlashidan avval boyiy oladimi?” degan savolni o‘rtaga tashlamoqda.