Pentagon 11 sentabr teraktlari tashkilotchisi bilan kelishuvni bekor qildi

Jahon 15:29 / 03.08.2024 6437

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlar tashkilotchisi deb hisoblangan Xolid Shayx Muhammad va yana ikki ayblanuvchining tergovchilar bilan tuzgan sudgacha kelishuvlarini bekor qildi. Pentagon rahbari tegishli buyruqni 2 avgust, juma kuni chiqardi. Kelishuv to‘g‘risidagi qarorning muhimligini hisobga olib, «bu qaror uchun javobgarlik menda bo‘lishi kerak», deb tushuntirdi Ostin.

Bir necha kun oldin Pentagon Shayx Muhammad va yana ikki ayblanuvchi o‘z aybini tan olish niyatida ekanliklarini e’lon qilgan edi. Bu ularga o‘lim jazosidan qochish imkonini beradi. Sudgacha bo‘lgan kelishuvlar tafsilotlari oshkor etilmagan.

Tergovchilarga ko‘ra, Xolid Shayx Muhammad hujumlarni rejalashtirgan, shuningdek, aloqa va hujumni moliyalashtirishni muvofiqlashtirgan. U 2003 yilda Pokistonda qo‘lga olingan. AQSh Senati hisobotiga ko‘ra, u so‘roq paytida Markaziy razvedka boshqarmasi xodimlari tomonidan qiynoqqa solingan. 2006 yilda Kubadagi Guantanamo AQSh harbiy-dengiz bazasi qamoqxonasiga ko‘chirildi va shu kungacha u yerda qolmoqda. Xolid Shayx Muhammad harbiy tribunal oldida javob berishi kerak edi, biroq bu jarayon ko‘p yillardan beri qoldirilyapti.

Tarixdagi eng ko‘p qurbonlar bo‘lgan terakt

2001 yil 11 sentabrdagi terakt qurbonlar soni bo‘yicha tarixdagi eng yirigi bo‘ldi. Terrorchilar to‘rtta yo‘lovchi samolyotini egallab olgan. Ulardan ikkitasi Nyu-Yorkdagi Butunjahon savdo markaziga yo‘naltirilgan, natijada ikkala osmono‘par bino qulab tushdi.

Uchinchi layner Vashington yaqinidagi Pentagon binosiga yo‘naltirildi. Ekipaj va yo‘lovchilar avialayner boshqaruvini hujumchilardan olishga harakat qilgandan so‘ng Pensilvaniyada to‘rtinchi samolyot halokatga uchradi. 3000 ga yaqin kishi teraktlar qurboniga aylandi.

Terrorchilik xurujlarida ayblanayotganlar bilan kelishuv haqidagi xabar AQSh Kongressidagi respublikachilar, shuningdek, ushbu hujumlar qurbonlarining yaqinlari va a’zolari 11 sentabrda Butunjahon savdo markazi osmono‘par binolari qulagan joy va fojia oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qidiruv-qutqaruv operatsiyasida ishtirok etgan Nyu-York o‘t o‘chiruvchilar uyushmasi keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. 

Ko‘proq yangiliklar: