Parij-2024 Olimpiadasi ayollar o‘rtasidagi boks bahslarida italiyalik bokschi Anjyela Karinining Iman Helifga qarshi jangni davom ettirishdan bosh tortishi mojarosi sovimay turib, shunga o‘xshash navbatdagi holat kuzatildi. Bu safar o‘zbek qizi taypeylik «testosteroni yuqori» raqibiga mag‘lub bo‘lib, turnirni ko‘zda yosh bilan tark etdi. Sitora Turdibekova raqibga qo‘l uzatishni o‘ziga ep ko‘rmadi.
Sitora Turdibekova turnirni ko‘zda yosh bilan tark etdi
Olimpiadada ayollar boksi bo‘yicha -57 kg vazn toifasida Sitora Turdibekova turnirdagi ikkinchi uchrashuvini o‘tkazdi.
O‘zbekistonlik 22 yoshli bokschi Xitoy Taypeyi vakili sanalmish ikki karra jahon chempioni 28 yoshli Lin Yu Tinga qarshi ringga ko‘tarildi. Chorakfinal yo‘llanmasi uchun bo‘lib o‘tgan bahsda Sitora «testosteroni yuqori» bo‘lgan raqibi bilan bahsdan so‘ng turnirdagi ishtirokini yakunlashga majbur bo‘ldi.
Lin Yu Tin – mojaroli chempion
Xitoy Taypeyi mamlakati vakili sanalmish 28 yoshli Lin Yu Tin boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida ikki marta – 2018 va 2022 yilda chempionlikni qo‘lga kiritgan, Hanchjou-2022 Osiyo O‘yinlarida ham oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa-da, raqiblari va muxlislar oldida hurmat qozona olmayotgan bokschi sanaladi.
2023 yilgi jahon chempionatida Lin bronza medaliga ega chiqqan bo‘lsa ham, turnir yakunida Xalqaro boks assotsiatsiyasi tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilib, diskvalifikatsiya qilingan edi. O‘shanda AIBA rahbari Umar Kremlev «DNK-test tekshiruvlaridan keyin biz o‘z raqiblarini aldab, o‘zini ayol sifatida ko‘rsatmoqchi bo‘layotgan bir qancha sportchilarni aniqladik», - degandi. Bu sportchilar – Iman Helif va Lin Yu Tin edi.
Xalqaro boks assotsiatsiyasi: «Ularda XY-xromosomalar borligi isbotlangan»
Xalqaro boks assotsiatsiyasi prezidenti Umar Kremlyov Lin Yu Tin va Iman Helifda yuqori testosteron qayd etilganini ma’lum qilgan.
«Ularda XY-xromosomalar borligi isbotlangan. Bunday sportchilar musobaqadan chetlashtirilgan», — deya izohlagan 2023 yilgi jahon chempionatida ro‘y bergan hodisani IBA prezidenti Umar Kremlyov Iman Helif va Lin Yu Tin chetlatilganini nazarda tutgan holda.
Bokschilar atrofidagi tortishuvlar
Qayd etish joiz, sportchilarning jinsini XY-xromosomalar bo‘yicha tekshirish fanga zid deb topilgan va katta sportda bu usuldan foydalanish 1990-yillardayoq bekor qilingan. Umar Kremlyov hozirda ko‘plab federatsiyalar ayollar o‘rtasidagi bahslarga qo‘yish uchun standart sifatida qabul qilingan testosteron darajasini aniqlash bo‘yicha tekshiruvni nazarda tutgan bo‘lishi ham mumkin. Ammo hozircha bu borada XOQ ham, IBA ham aniq tushuntirish bermagan. Shu bilan birga Helif diskvalifikatsiyadan keyin musobaqalarida ishtirok etib kelayotgan World Boxing federatsiyasi ushbu sportchiga nisbatan jinsi bo‘yicha hech qanday e’tirozi yo‘qligini bildirgan.
«Lin Yu Tin ayollar toifasida qatnashish uchun talab qilinadigan talablarga javob bermagan»
Ammo IBA bayonotida bu ikki sportchining musobaqalarning ayollar toifasida qatnashish uchun talab qilinadigan talablarga javob bermagani qayd etilgan.
«IBA barcha musobaqalarda halol raqobatni ta’minlashda sodiq qoladi. Biz 2024 yilgi Parij Olimpiadasi o‘yinlarida boks bo‘yicha musobaqalarda qatnashish huquqining nomuvofiqligini keskin qoralaymiz. Yana bir bor ta’kidlaymizki, Iman Halif ham, Lin Yu Tin ham tegishli test sinovlaridan so‘ng musobaqalarning ayollar toifasida qatnashish uchun talab qilinadigan talablarga javob bermagan.
Nima uchun biron bir tashkilot bokschini jiddiy jarohatga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfga duchor qilishini mutlaqo tushunmaymiz. Ring hakamining asosiy vazifasi har doim bokschining xavfsizligini ta’minlashdir. Agar bokschi tegishli mezonlarga javob bermasa, buni qanday qilish mumkin? Biz ayollarimizni va ularning teng huquqli raqiblarga qarshi ringga chiqish huquqlarini himoya qilamiz va ularni barcha holatlarda qo‘llab-quvvatlaymiz. Ularning umid va orzularini qiyin sharoitlarda to‘g‘ri ish qilishni istamaydigan tashkilotlar hech qachon olib qo‘ymasligi kerak», — deyilgan IBA bayonotida.
Xulosa
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, xalqaro boks tashkilotlari va Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi bu masalada turli qarama-qarshi qarashlarga ega bo‘lmasin, payshanba oqshomida italiyalik Anjyela Karinining Helif bilan jangni davom ettirishdan bosh tortgani, bugun esa o‘zbek qizi Sitora Turdibekovaning «fiziologik erkak» raqibi qarshisida ojiz qolib, ringni ko‘zda yosh bilan tark etgani – avvalo halol kurashni, tenglik va o‘zaro hurmatni targ‘ib qilishi ko‘zda tutilgan sportda nimadir xato ketayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Bungacha sportga yaqinlashmagan ildiz otayotgan bunday illatlarning hattoki ringgacha yetib kelgani esa juda achinarli.
Usmon Ibodov