Britaniya atom suvosti kemalari muhandislari xavfsizlik qoidalariga zid ravishda rus va belarus dasturiy ta’minotlaridan foydalanmoqda. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.
Gap intranet — suvosti kemalari muhandislari uchun xuddi internet kabi ishlaydigan, biroq undan izolyatsiyalangan ichki tarmoq haqida ketmoqda. Dasturlar maxfiy ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha ruxsatga ega britaniyalik xodimlar tomonidan yaratilishi kerak. Shartnoma tuzgan WM Reply firmasi buyurtmalarni qisman Minsk kompaniyasi dasturchilariga topshirgan.
Gazetaning yozishicha, dasturiy koddan suvosti kemalari joylashgan hududlarni aniqlashda foydalanilishi xavfi mavjud. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi mazkur holatni mamlakat xavfsizligiga tahdid deya baholagan va tergovni boshlagan. Tergov davomida dasturiy ta’minotni ishlab chiqish ishonib topshirilgan firma ishni xorijlik mutaxassislarga bergani va bu faktni yashirishga uringani aniqlangan.
Bundan tashqari, WM Reply top-menejerlari belaruslarning ishtirokini yashirish maqsadida britaniyalik dasturchilarga kodni Buyuk Britaniyada yozilgandek o‘zgartirishni topshirgan.
Ta’kidlanishicha, bu birgina suvosti kemalariga tahdid tug‘dirmaydi, chunki firma javobgar bo‘lgan oldingi buyurtma ham minsklik dasturchilar bilan hamkorlikda bajarilgan.
WM Reply vakillari o‘z harakatlari milliy xavfsizlikni tahdid ostida qoldirgani aytilayotgan taxminlarni rad etdi. Firma muntazam ravishda o‘z ish jarayonlarini kuzatib borishi va xavfsizlik sohasidagi mijozlari talabini hurmat qilishini bildirdi.
Britaniya, suvosti kemalari, dasturchilar