Turkiyada Instagram bloklandi

Jahon 19:15 / 02.08.2024 5564

Turkiyada texnologiya va kommunikatsiyalar kengashi qarori bilan 2 avgust kuni ertalab Instagram ijtimoiy tarmog‘iga kirish bloklandi. Bloklashning sabablari va muddati ko‘rsatilmagan.

Birgün gazetasining yozishicha, Eronda HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi munosabati bilan bildirilgan ta’ziyalar Instagram tomonidan bloklangan. Ijtimoiy tarmoqqa kirishning cheklanishi shu bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Transport va infratuzilma vaziri o‘rinbosari O‘mer Fotih Sayan ijtimoiy tarmoqning bloklanishiga munosabat bildirdi.

«G‘arb mamlakatlariga kelsak, ijtimoiy tarmoq [Instagram] ko‘plab masalalar, xususan, jinoyatlar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rmoqda. Bizga nisbatan ham shunday sezgirlik va adolatli pozitsiyani talab qilamiz... Biz ularga yurtimizda vakolatxona ochishni taklif qildik, xalqimiz haq-huquqlari buzilishining oldini olaylik, dedik. Ular kelishni xohlamadi. Ularga bildirilgan jinoyatlar yuzasidan zarur choralar ko‘rilmadi... Ular: «Bilganimni o‘qiyman, xohlaganimni nashr qilaman, xohlamasam nashr etmayman», deydi. Biz buni qabul qilmadik va qabul qilmaymiz. Biz qadriyatlarimizni hurmat qiladigan va noto‘g‘ri ma’lumotlardan xoli yanada toza, xavfsizroq ijtimoiy tarmoqlar yaratish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz», dedi u.

31 iyul kuni Turkiya prezidenti administratsiyasi kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Fahrettin Altun HAMAS Siyosiy byurosi raisi Ismoil Haniyaning vafoti munosabati bilan bildirgan hamdardlik posti Instagram tomonidan o‘chirilganini ma’lum qildi.

«Instagram ijtimoiy media platformasini postni hech qanday asossiz chop etishga ruxsat bermagani uchun keskin qoralayman. Bu senzurani joriy qilishga juda aniq va ravshan urinishdir», deb yozdi u.

CNBC-e telekanaliga ko‘ra, Texnologiyalar kengashi ijtimoiy tarmoqlar ishini cheklash uchun o‘z vakolatlaridan foydalanishga haqli, biroq uning qarori 24-48 soat ichida sudlar tomonidan tasdiqlanishi kerak. Instagram bilan bog‘liq hukm Anqara sudi tomonidan 2 avgust kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Hozir Turkiyada mashhur resursga kompyuter va mobil qurilmalar orqali kirish imkoni yo‘q. Ko‘pgina foydalanuvchilar VPN yoki boshqa muqobil yo‘llar bilan ijtimoiy tarmoqdan foydalanishga urinmoqda.

Qayd qilinishicha, 85 million aholiga ega Turkiyada Instagram foydalanuvchilari soni 50 milliondan oshadi.

Ko‘proq yangiliklar: