Harris prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilishi uchun yetarli ovoz to‘pladi

Jahon 23:39 / 02.08.2024 3715

AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Demokratik partiya qurultoyida delegatlar tomonidan 2024 yilgi saylovda prezidentlikka rasman nomzod qilib ko‘rsatilishi uchun yetarli ovoz to‘pladi. Bu haqda AP xabar berdi.

«Ovoz berish jarayoni «unga ko‘pchilik ovoz berib bo‘ldi» deb aytilishi mumkin bo‘lgan chegarani kesib o‘tdi», deyiladi agentlik bayonotida.

Biroq, eslatilishicha, ovoz berish jarayoni faqat 5 avgust oqshomida (Toshkent vaqti bilan 6 avgust soat 3:00 da) tugaydi.

Demokratik partiya qurultoyidagi elektron saylov byulletenlarida faqat Kamala Harrisning ismi ko‘rsatilgan. Rasmiy ravishda prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilishi uchun uni kamida 1976 nafar delegat qo‘llab-quvvatlashi kerak edi.

Partiya ma’lumotlariga ko‘ra, avvalroq mamlakatning turli mintaqalari vakili bo‘lgan 3923 nafar delegat Harris nomini saylov byulleteniga qo‘yishni so‘rab murojaat qilgan.

Shunday qilib, Harrisning nomzod sifatida rasman tasdiqlanishi 19 avgust kuni Chikagoda ochiladigan Demokratik partiya konvensiyasidan (qurultoyidan) ikki hafta oldin yuz berishi mumkin. U yerda ham ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi, biroq faqat rasmiyatchilik xarakterga ega bo‘ladi.

AQSh prezidenti saylovi 2024 yil 5 noyabrga belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: