2 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Jamiyat 22:00 / 02.08.2024 5364

Fuqaroga qo‘l ko‘targan tuman hokimi, narxi erkin qo‘yib yuborilgan metan gaz, elektromobillarga bojni qo‘llab-quvvatlagan savdo-sanoat raisi va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar uchun ishga joylashishda imtiyoz — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Erkin narxga o‘tgan metan gaz

Hukumat avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari orqali sotilayotgan metan gaz narxi qo‘yib yuborilganini e’lon qildi. Shuningdek, narxlar asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligini ham ta’kidladi.

“Davlatning narxlarni tartibga solishga aralashuvi raqobat muhitining buzilishiga olib keldi. Shu sababli narxlarning yuqori chegarasi bo‘lmaydi, narxlarni bozor belgilaydi”, deya ma’lum qildi bosh vazirning matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov.

Unga ko‘ra, davlat rahbari hukumatga bozor mexanizmlarini joriy etish bilan birga, gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslikni buyurgan.

O‘zbekistonda AGTKSlardagi metan gazning maksimal chakana narxini davlat tomonidan belgilash bo‘yicha oxirgi 10 oy davomida amal qilib kelgan rasmiy tartib bekor qilindi.

Hukumat rahbarining matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, endilikda davlat bu sohada narx belgilashga aralashmaydi. Bu haqda 1 avgust kuni bosh vazir Abdulla Aripov yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilgan.

Bosh vazir matbuot kotibiga ko‘ra, metan gaz narxlarini belgilashdagi erkinlik “xohlagan ishini qilish imkoniyati” degani emas. Narxlarning sun’iy ravishda oshirilmasligini to‘rtta sektor rahbarlari ta’minlaydi.

Shunga qaramasdan, Andijonda viloyat hokimligi tomonidan metan gaz narxiga cheklov o‘rnatildi, metan gazning maksimal narxi 3750 so‘m etib belgilandi. Ya’ni o‘zgarishsiz qoldirildi.

Hidoyatov bunga izohlar ekan, hokimliklarga bunday ko‘rsatma berilmaganini bildirdi.

Hokimdan fuqaroga tarsaki

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov fuqaroga qo‘l ko‘tardi. U kuppa-kunduzi, ko‘chada ichki ishlar organlari xodimlari bilan nimanidir gaplashib turgan fuqaroga yaqinlashgan va unga tarsaki tushirgan.

Holat qachon va qayerda sodir bo‘lgani ma’lum emas.

Tuman hokimligi matbuot xizmati holatni inkor qilmadi va tez orada rasmiy munosabat berilishini bildirdi.

Chiroqchi tumani hokimligi matbuot xizmati rahbari Sobit Abdunaimov bilan bog‘landi. U holatga tez orada rasmiy munosabat bildirilishini ma’lum qildi.

Yana elektromobillar uchun boj masalasi

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov elektromobillar uchun bojlarni tiklash taklifini “100 foiz qo‘llab-quvvatlashi”ni aytdi.

Uning misol tariqasida keltirilgan xorij tajribasi haqidagi da’volari iqtisodchilar tomonidan rad etilmoqda.

26 iyul kuni avtomobilsozlik va elektrotexnika sohasi tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazilgan edi. Tadbirda O‘zbekistonda KIA avtomobillarini ishlab chiqarayotgan ADM Jizzakh kompaniyasi bosh direktori Doniyor Davletyarov mahalliy bozor “haddan tashqari to‘yingani va qizib ketgani”ni iddao qilib, jismoniy shaxslar tomonidan olib kiriladigan avtomobillar importini tartibga solish va elektromobillar importi uchun bojlarni qayta tiklash taklifi bilan chiqqan edi.

Navbatdagi davra suhbatida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov yuqoridagi mavzuga qaytib, yetakchi xorij davlatlarida ham ichki bozorni himoya qilish maqsadida qo‘shimcha bojlar joriy qilingani haqida gapirdi.

“Bir tadbirkor o‘zi standart olib, o‘zi standartga javob beradigan qo‘shimcha elementlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yyapti. Sababi, bizda shu ishlab chiqarish borligi.

Amerika Xitoy mashinalari standartga javob bermasligi, ularning dilerlari bo‘lmagani uchun avtomobil narxiga 102 foiz qo‘shimcha boj qo‘ygan. Yevropa davlatlari 38 foiz, Turkiya 58 foiz, Braziliya 10 foiz qo‘ygan va 2026 yilgacha 35 foizga ko‘tarmoqchi. Endi shu talab qo‘yilganidan keyin Xitoy elektromobillari necha xil bo‘lishidan qat’i nazar, BYD Turkiyada 1 mlrd dollarlik zavod qurishga kelishdi”, dedi SSP raisi.

SSP raisi Doniyor Davletyarovning elektromobillar uchun bojlarni qayta tiklash haqidagi taklifini “100 foiz qo‘llab-quvvatlashi”ni ta’kidlab, o‘z fikrini dastaklash uchun Turkiyaning ham o‘z ichki bozorini himoya qilayotganini misol tariqasida keltirdi.

“Bizda 430 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, Turkiyada 1 mln 100 ming dona va atigi 5ta brend: Reno, Ford, Hyundai va TOGG, o‘zining elektromobili. Soliq miqdori avtomobil bozor qiymatining 100 foizini tashkil qiladi. Shu sababdan, oldingi yig‘ilishda tadbirkorimiz ko‘targan masalani 100 foiz qo‘llab-quvvatlayman, sababi, sanoat rivojlansa, bizda minglab ishlab chiqaruvchilar rivojlanadi”, – deya xulosa qildi Davron Vahobov.

Iqtisodchi Otabek Bakirov Yevropa va AQShda o‘nlab, Turkiya va Braziliya misolida kamida o‘nga yaqin avtomobil ishlab chiqaruvchilari mavjudligiga urg‘u berib, ichki bozorning o‘zida ham raqobat muhiti yuqori ekaniga e’tibor qaratdi.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Asakadagi zavod noto‘g‘ri iqtisodiy siyosatni mujassam qiluvchi ramz ekani va bu xatoni qayta takrorlash kerak emasligi haqida yozdi.

“Asakadagi zavod – o‘zbek iqtisodiyoti va ayniqsa o‘zbek sanoati uchun katta to‘siq va o‘lpon bo‘lgan. Bo‘lib kelmoqda ham. Asakadagi zavod – samarasizlik va Karimov davridagi noto‘g‘ri iqtisodiy siyosatni mujassam qiluvchi ramz. Xuddi shunday chuqurlarga ochiq ko‘z bilan ketayotganimiz achinarli”, degan Bekzod Hoshimov.

Zo‘ravonlik jabrdiydalariga imtiyoz

Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar davlat organlariga moneliksiz ishga joylashtirilishi mumkin. Ularni ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etgan davlat tashkilotlariga, davlat ulushi ellik foiz va undan yuqori bo‘lgan tashkilotlarga javobgarlik belgilovchi me’yorlar nazarda tutilmoqda.

Bu “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasida aks etgan.

Aytilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholini ishga joylashtirish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirishga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash orqali ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: