Rossiya qamoqxonalaridan o‘nga yaqin siyosiy mahbus yo‘qolib qoldi. Ular almashtirilishi mumkin

Jahon 18:13 / 01.08.2024 13629

So‘nggi kunlar mobaynida Rossiyada siyosiy moddalar bilan qamalgan mahbuslardan sakkiz nafari noma’lum yo‘nalishda olib ketilgan. Ular orasida muxolifatchi Ilya Yashin va huquq faoli Oleg Orlov, Aleksey Navalniyning hududiy shtablarining sobiq rahbarlari Liliya Chanisheva va Kseniya Fadeyeva hamda boshqalar bor.

29 iyul kuni advokatlar, qarindoshlari va boshqa tanishlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Novosibirsk oblasti va Perm o‘lkasidagi qamoqxonalardan Kseniya Fadeyeva va Liliya Chanisheva g‘oyib bo‘lib qolgan. Ko‘p o‘tmay huquq faoli Oleg Orlov va rassom Sasha Skochilenko haqida ham shunday xabarlar berildi, ular mos ravishda Sizran va Sankt-Peterburgdagi tergov izolyatorlarida saqlanayotgandi.

30 iyul kuni esa Smolensk va Arxangelsk oblastlaridagi koloniyalardan muxolifatchi Ilya Yashin hamda davlatga xiyonat qilish ishi bo‘yicha qamalgan 18 yoshli Kevin Likni (Unda Germaniya fuqaroligi ham bor) «olib ketishgan». Keyinroq Moskvadagi tergov izolyatoridan davlatga xiyonat qilish moddasi bo‘yicha qamalgan rassom Daniil Krinari Peterburgdagi izolyatorga olib o‘tilgani ma’lum bo‘ldi.

Reuters agentligi 31 iyul kuni Vladimir Kara-Murza Omskdagi IK-6 koloniyasidan olib ketilib, «boshqa joyga yo‘naltirilgani» haqida xabar berdi. Aynan qayergaligiga — aniqlik kiritilmagan.

Amerikalik Pol Uilanning advokati Olga Karlova ham 31 iyul kuni «Interfaks» bilan suhbatda unga jurnalistlardan Uilanning qayerda ekani borasida so‘rovlar kelayotganini ma’lum qilgan. Karlova koloniya ma’muriyatiga so‘rov yo‘llagani, ammo hozircha javob olmaganini bildirgan. 

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada josuslikda ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgan amerikalik reportyor Ivan Gershkovich va Pol Uilan Kaliningrad shahrida g‘arbda qo‘lga olingan rus josuslariga almashtirilgan.

Katta ehtimol bilan, rossiyalik siyosiy mahbuslar ham shu almashuv doirasida qo‘yib yuborilmoqda.

Ilya Yashin

2022 yil dekabrda Moskva Meshchan sudi muxolifatchi Ilya Yashinni Rossiya armiyasi to‘g‘risida «feyk» tarqatishda ayblab, 8,5 yil muddatga umumiy tartibli koloniyaga hukm qiladi.

Jinoiy ish ochilishiga Yashin o‘sha yil 7 aprelida YouTube-kanalidagi jonli efirida Ukrainaning Bucha shahrida tinch aholi vakillari o‘ldirilgani haqida gapirgani sabab bo‘lgandi. 

Rossiya mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylarning Buchadagi jinoyatlari to‘g‘risidagi xabarlarni «provokatsiya» deb atagan, ko‘chalarda jasadlar yotgani aks etgan kadrlarni — «tomosha qo‘yish» deb baholagan. Prokuror ham sudda mazkur versiyani takrorlagan.

Muxolifatchi aybiga iqror bo‘lmagan. U suddagi so‘nggi so‘zida Rossiya qo‘shinini Ukrainadan olib chiqishga chaqirgan.

Koloniyada ekanida Yashin bir necha bor jarima izolyatoriga jo‘natilgan. Iyun oyi o‘rtalaridan beri u bir kamerali tipdagi xonada (PKT) saqlanayotgandi.

Siyosatchining telegram-kanalida 30 iyul kuni Yashinni u hukmdan keyin joylashtirilgan Smolensk oblastidagi 3-sonli koloniyadan olib ketishgani haqida xabar paydo bo‘ldi — bu haqda koloniyadagilar uning advokati Tatyana Solominaga ma’lum qilishgan.

2024 yil iyunda Yashin «Dojd»ga bergan intervyusida agar almashuv to‘g‘risida taklif bo‘lsa, uni rad etishini aytgandi. «Men rossiyaliklarning urushga va diktaturaga qarshi ovozi bo‘lish uchun Rossiyada qolaman. Va albatta, men uchun mamlakatim va xalqim bilan taqdirni baham ko‘rish muhim. Rossiyalik siyosatchi quvonchli kunda ham, qayg‘uda ham Rossiya bilan bo‘lishi kerak deb hisoblayman», — degandi o‘shanda Yashin.

Vladimir Kara-Murza

«Dojd» telekanali Kara-Murza saqlanayotgan koloniyaga 30 va 31 iyul kunlari advokati qo‘yilmagani haqida yozgan. Kara-Murzaning advokati «Agenstvo»ga aytishicha, u seshanba kuni o‘z himoyasi ostidagi shaxsni ko‘rishga borgan, koloniyadagilar Kara-Murza bilan uchrashish so‘rovi rad etilishini mahbusning tekshiruvda ekani bilan bog‘lagan. Unga keyingi kuni kelish taklif qilingan, ammo u keyingi kuni ham xuddi shunday sabab ko‘rsatilgan holda rad javobini olgan. Iyul oyi boshida Kara-Murzani qamoqxona shifoxonasiga o‘tkazishgan va o‘shanda ham oqlovchilarga u bilan ko‘rishishga ruxsat berilmagandi.

2023 yil aprelida Vladimir Kara-Murza «davlatga xiyonat», Rossiya armiyasi to‘g‘risida «feyk» tarqatish hamda «istalmagan» tashkilot faoliyatini yuritishda ayblanib, 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Vladimir Kara-Murza 2022 yil aprelidan buyon Omsk shahridagi 7-sonli axloq tuzatish koloniyasida hibsda edi, 2023 yil martida advokatlar unga polineyropatiya tashxisi qo‘yilgan. Rossiyada bunday kasallikka chalingan shaxslar hibsda saqlab turilishi mumkin emas.

Koloniyada siyosatchini jarima izolyatoriga tashlashgan, iyun oyida esa bir kamerali tipidagi xonaga o‘tkazilgan. Kara-Murzaning advokatlari bu qaror uning salomatligi va hatto hayotiga xavf tug‘dirishi mumkinligini qayd etishgandi.

Oleg Orlov

Joriy yil fevralida Moskvadagi Golovinskiy rayon sudi armiyani «obro‘sizlantirish» ishi bo‘yicha yangi hukm chiqargan va Orlovni ikki yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum etgandi. Orlov — «inoagent» deb topilgan va sud qarori bilan tugatilgan «Memorial» inson huquqlari markazi hamraisi edi. RF adliya vazirligi uning o‘zini 2023 yil dekabrida «inoagentlar» ro‘yxatiga kiritgandi.

Huquq faoliga qarshi ish uning «Ular fashizmni istashgandi. Ular shunga ega bo‘lishdi» sarlavhali urushga qarshi maqolasi tufayli ochilgan. U mazkur maqolaning fransuz tilidan tarjimasini (Mediapart nashrida e’lon qilingan) feysbukdagi sahifasiga joylashtirgan.

«Rossiya faxriylari»dan bo‘lgan «vatanparvarlar» ushbu post ustidan chaquv yozishgan. Bu u uchinchi bor armiyani «obro‘sizlantirishi» bo‘lgan: bunday ilk huquqbuzarlik uchun ma’muriy ish ochiladi, keyingisi jinoiy ishga aylanadi.

2023 yil oktyabrda birinchi sud o‘tkazilib, Orlovga 150 ming rubl miqdorida jarima qo‘llanadi. Ammo prokuratura apellyatsiya beradi. Ishni takroriy ko‘rib chiqish vaqtida xuddi shu moddada og‘irlashtiruvchi holat aniqlanadi.

Kevin Lik

O‘tgan yil oxirida Shimoliy Kavkazdagi Adigey respublikasi sudi 18 yoshli Kevin Likni «davlatga xiyonat» ishi bo‘yicha to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etgandi.

Ayblov versiyasiga ko‘ra, u 2021 yil 23 dekabrdan 2023 yil 8 fevralga qadar bo‘lgan muddatda Maykopdagi Rossiya harbiy qismi «dislokatsiya joyi»ni «vizual kuzatgan» va fotosuratga olgan, keyin esa suratlarni elektron pochta orqali «xorijiy davlat vakili»ga yuborgan.

Maktab o‘quvchisi umumiy tartibli koloniyaga to‘rt yilga hukm qilinadi — bu davlatga xiyonat moddasi bo‘yicha ko‘zda tutilgan minimal muddatdan uch baravarga kam. Yengillashtiruvchi holatlar hisobga olingan holda unga shunday hukm chiqarilgan: jinoyat sodir etgan vaqtdagi yoshi, tergov bilan hamkorlik qilgani, aybini tan olgani va «turli olimpiadalarda ko‘plab g‘alabalarga erishgani».

Kevin Lik Germaniyada tug‘ilgan va ikki mamlakat fuqaroligiga ega bo‘lgan. U 12 yoshida onasi bilan Adigey markazi Maykop shahriga ko‘chib kelgan. Kevinning onasi Viktoriya «Bereg» nashriga bergan intervyusida oila Rossiya fuqaroligidan voz kechishni o‘ylamayotgani, chunki mahkumlarda bunday huquq yo‘qligini aytgan.

Liliya Chanisheva

«Ekstremizmga chaqiriq» va «ekstremistik jamiyat yaratish» ayblari bilan to‘qqiz yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Aleksey Navalniyning Ufadagi shtabi sobiq rahbari Liliya Chanisheva yo‘qolib qolgani haqida 28 iyul kuni uning turmush o‘rtog‘i Almaz Gatin xabar bergan. U Liliya saqlanayotgan Perm oblasti Berezniki shahridagi 28-sonli axloq tuzatish koloniyasiga uchrashuvga borgan, ammo u yerdagilar ayol ikki kun muqaddam, 26 iyul kuni «muassasadan olib ketilgani»ni bildirishgan. Shundan keyin uning daragi chiqmagan.

Liliya Chanisheva 2021 yil noyabridan buyon hibsda edi. U 2021 yil sentabrida Navalniy va uning tarafdorlariga qarshi qo‘zg‘atilgan «ekstremistik jamiyat» tuzish bo‘yicha ishda birinchi bo‘lib qo‘lga olingan edi. 2024 yil mayida — Boshqirdiston oliy sudi Chanishevaning qamoq muddatini yetti yarim yildan to‘qqiz yarim yilga oshirganidan keyin — RT propagandachi kanali u Rossiya prezidenti nomiga afv etish to‘g‘risida ariza yozgani haqida xabar tarqatadi. Jurnalistlar bilan suhbatda Chanishevaning advokati Ramil Gizatullin bu mavzuda muhokama bo‘lganini tasdiqlagan.

Chanisheva qo‘lga olinganida uning hamkasbi, Navalniyning hududiy shtab-kvartiralar tarmog‘i sobiq rahbari Leonid Volkov feysbukdagi sahifasida Chanisheva muxolifatchilar shtabiga ishga kelishi tarixini yozgandi.

«U Deloitte kompaniyasida auditor bo‘lib ishlagan, ajoyib maosh, kvartira, mashina, barchasi joyida. Liliya ishdan ketib, uch baravar kamroq maoshga rozi bo‘ladi (biz shunchaki bundan ortig‘ini to‘lay olmasdik). Maxsus qamoqxonalar va hujumlar, o‘ta qiyin mintaqada hududiy siyosiy aktivistning mashaqqatli ishiga rozi bo‘lgandi», — deya yozgandi Volkov.

Kseniya Fadeyeva

O‘tgan yil oxirida Tomskdagi sud Aleksey Navalniyning hududiy shtabi sobiq boshlig‘i Kseniya Fadeyevani «o‘z mansab vakolatidan foydalangan holda ekstremistik jamiyat tashkil etish» va «fuqarolarning shaxsi va huquqlarini kamsituvchi notijoriy tashkilot faoliyatida ishtirok etish»da ayblab, to‘qqiz yilga qamagandi.

Tomsk shahri dumasi sobiq deputati bo‘lgan Kseniya Fadeyeva — iyul oyi boshida Novosibirskdagi 9-sonli axloq tuzatish koloniyasiga olib ketilgan. Ammo 29 iyul kuni koloniya ma’muriyati Fadeyevaning advokatiga u qayergadir «olib ketilgani»ni ma’lum qilgan. Koloniyadagilar oqlovchining keyingi savollariga javob berishmagan. Hozircha uning qayerdaligi noma’lumligicha qolmoqda.

Sasha Skochilenko

2023 yil noyabrida Peterburg sudi rassom Sasha Skochilenkoni Rossiya armiyasi to‘g‘risida «feyk» tarqatishda ayblab, yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum etgandi.

Skochilenko 28 iyul kuni «Arsenalka» izolyatoridan olib ketilgan. Bir kun o‘tib bu haqda uni qo‘llab-quvvatlash guruhi xabar bergan. Izolyatorda Skochilenkoning do‘stlariga uni Moskvaga olib ketishganini aytishgan. Rassomga bir necha kasalliklarga chalinish tashxisi qo‘yilgandi: bipolyar affektiv buzilish, tseliakiya va yurak yetishmovchiligi. U o‘zi bilan zarur dori-darmonlarni olib ketishga muvaffaq bo‘lgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Skochilenko urushga qarshi aksiyalari uchun ta’qib ostiga olingandi: 2022 yil aprelida rassom do‘kondagi narxlar yozilgan qog‘ozlarni Ukrainadagi urush qurbonlari soni haqidagi ma’lumotlar va rus qo‘shini bosqinini to‘xtatishga chaqiruvchi stikerlar bilan almashtirib qo‘ygandi.

Daniil Krinari

2024 yil aprelda Moskva shahar sudi peterburglik rassom va aktivist Daniil Krinarini besh yilga ozodlikdan mahrum etgandi. 2022 yil sentabrda Krinari va Sankt-Peterburgdagi boshqa faollarnikida terakt to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot berish haqidagi jinoiy ish bo‘yicha tintuv o‘tkaziladi. «OVD-Info» saytiga ko‘ra, Krinari gumonlanuvchi sifatida qo‘yib yuborladi, shundan keyin u Belarusga ketadi.

2022 yil dekabrda Krinari Grodnoda qo‘lga olinadi, keyin esa FXX so‘rovi bilan Moskvaga topshiriladi. 2023 yil aprelida Belarusdagi davlat nashrlari Krinari portlashga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanuvchilarga Grodnoga yetib olishda yordam ko‘rsatganini yozishadi.

2024 yilda Daniil Krinari xorijiy davlat bilan maxfiy hamkorlik moddasi (JK 275.1-moddasi) bo‘yicha aybdor deb topiladi. Tergov versiyasiga ko‘ra, u Ukraina maxsus xizmatlari bilan muloqot qilgan. Krinari o‘z aybiga iqror bo‘lmagan.
 

Ko‘proq yangiliklar: