Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi mahbuslar almashinuvi doirasida ozod etilgan rossiyalik muxolifatchi va sobiq siyosiy mahbus Ilya Yashin Germaniyadan siyosiy boshpana olish taklifini rad etganini aytdi. Siyosatchi 20 avgust, seshanba kuni Bloomberg agentligiga intervyu berdi.
Yashinning so‘zlariga ko‘ra, boshpana olishga rozi bo‘lish uning Rossiyaga qaytib kela olmasligini bildiradi. Germaniya Ichki ishlar vazirligi izoh berishdan bosh tortdi.
Sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirish uchun lobbichilik qiladi
Agentlikning ta’kidlashicha, muxolifatchi Germaniyada yashash uchun ruxsat so‘ragan va Yevropa rasmiylari orasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin rejimiga aloqador shaxslarga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish uchun lobbichilik qilmoqchi. «Faqat 2000 kishi sanksiya ostida, lekin 20 ming bo‘lishi kerak», - dedi Yashin.
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, u almashishga tayyorgarlik ko‘rish uchun Moskvadagi tergov izolyatoriga o‘tkazilganda, Konstitutsiya qoidalariga asoslanib, Rossiyada qolishni talab qilib, ariza yozgan. Bayonotga e’tibor berilmadi va u ishga ilova qilingan muddati o‘tgan Rossiya pasporti bilan samolyotga olib borilgan.
«Almashtirish kuni yonimga bir necha maxsus kuchlar vakili keldi va ular meni go‘sht kabi joylab, bog‘lab, jo‘natishlarini angladim», dedi u. «Ular menga: «Agar siz (Rossiya Federatsiyasiga) qaytsangiz, boshqa siyosiy mahbuslar hech qachon ozod etilmaydi. Agar qaytib kelsangiz, almashinuv bo‘lmaydi», dedi», — deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.