Politico: Vengriya YeIning Venesuela haqidagi bayonotini blokladi

Jahon 09:04 / 01.08.2024 3468

Vengriya Yevropa Ittifoqi davlatlarining Venesueladagi prezidentlik saylovlarida «ko‘plab kamchiliklar va qonunbuzarliklar» haqida gap borgan qo‘shma bayonotini blokladi. Bu haqda 31 iyul, chorshanba kuni nomi oshkor etilmagan yevropalik rasmiylarga tayanib, Politico xabar berdi.

Dushanba kuni Yevropa Ittifoqi davlatlari Venesuela bo‘yicha qo‘shma bayonot chiqarib, saylov natijalaridan xavotir bildirmoqchi edi, deya xabar beradi Politico. Biroq, Vengriya hujjatga veto qo‘ydi. Natijada, seshanba kuni matn Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel tomonidan o‘z nomidan chop etildi. «Ovoz berish bayonnomalari ommaga e’lon qilinmaguncha va qayta tekshirilmaguncha, e’lon qilingan saylov natijalari tan olinmaydi», dedi u.

Yakshanba kuni Venesuelada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi 51,2 foiz ovoz bilan amaldagi hukmdor Nikolas Maduro g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Muxolifat o‘z nomzodi Edmundo Gonsales Urrutia haqiqatda katta farq bilan g‘alaba qozonganiga ishonyapti. Maduroning g‘alabasini Rossiya, Xitoy, Eron va Serbiya tan oldi. Amerika davlatlari ovozlarni qayta sanab chiqishga chaqirdi.

YeI va Vengriya rahbariyati o‘rtasidagi kelishmovchiliklar

Bosh vazir Viktor Orbanning Kiyev, Moskva, Pekin va Vashingtonga tashrifidan so‘ng Vengriya va Yevropa Ittifoqining qolgan davlatlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar kuchaydi. Uning o‘zi bu turni «tinchlikni saqlash missiyasi» deb atagan. Ammo YeI rahbariyati va 27 hamjamiyat mamlakatidan 25 tasi yetakchilari uni tanqid qilib, Orban Yevropa Ittifoqi vakili emasligini, faqat Vengriya bosh vaziri sifatida borganini ta’kidladi.

Borrel avgust oyi oxirida Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishiga boykot e’lon qildi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Orbanning tashriflari dunyoda chalkashliklarga sabab bo‘lganini aytdi. Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Teofil Bartoshevskiy Orban siyosatini «aksilevropa, Ukraina va Polshaga qarshi» deb atadi va unga Yevropa Ittifoqidan chiqib, Putin bilan ittifoq tuzishni taklif qildi.

Ko‘proq yangiliklar: