Qozog‘iston Orol dengiziga yana 1,6 milliard kub metr suv quyadi

Jahon 17:31 1885

2025 yil apreliga qadar Shimoliy Orol dengiziga 1,6 milliard kub metrga yaqin suv yuborish rejalashtirilgan. Bu haqda Qozog‘iston suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri Nurjon Nurjigitov ma’lum qildi.

2023 yil oktyabridan 2024 yil apreligacha Orol dengiziga qariyb 1,3 milliard kub metr, yil boshidan esa jami 2 milliard kub metr suv yuborilgan.

Shuningdek, oy boshida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasi yig‘ilishi kun tartibiga Shimoliy Orol dengizi mavzusi kiritildi.

– Yil boshidan buyon Shimoliy Orolga 2 milliard kub metrga yaqin suv jo‘natildi. Bugungi kunda dengizdagi suvning umumiy hajmi 22 milliard kub metrga yetdi. Suv diplomatiyasi va Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan hamkasblarimiz bilan yaqin hamkorlikdan tashqari, dengizni to‘ldirishda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish muhim o‘rin tutadi. Ularning sharofati bilan joriy yilda Qizilo‘rda viloyati dehqonlari 200 million kub metr suv tejab, Shimoliy Orol dengiziga ham yuborildi. Bu masala juda muhim, biz uni turli yo‘llar bilan hal qilib, nazoratda ushlab turibmiz, dedi suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri Nurjon Nurjigitov.

Turkmanistonda qo‘shni davlatlar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida vazir 1 aprelga qadar Qozog‘istonning Chordara suv omboriga 11 milliard kub metr suv yuborilishi haqida kelishib oldi. Bu 2025 yilgi sug‘orish mavsumi uchun janubiy hududlarda zarur suv hajmini to‘plash imkonini berishi ta’kidlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1989 yilda Orol dengizi qurishi oqibatida ikkita suv havzasiga – Shimoliy va Janubiy Orolga ajralib ketgan edi. Shimoliy Orol – Qozog‘iston hududida joylashgan. Janubiy Orol — O‘zbekiston tomonda.

Ko‘proq yangiliklar: