Moldovada parlament kotibiyati xodimi va chegara politsiyasi xodimi qo‘lga olindi, deb xabar qildi 31 iyul, chorshanba kuni Korrupsiyaga qarshi kurash va maxsus ishlar prokuraturasi (PCCOCS). Ushlashlar jinoiy tergov doirasida 30 iyul kuni kechqurun amalga oshirilgan. 31 iyul kuni ertalab PCCOCS hamda Axborot va xavfsizlik xizmati xodimlari parlamentning yuridik bo‘limida tintuv o‘tkazdi.
Departament ma’lumotlariga ko‘ra, parlament xodimi «2023 yildan boshlab» «Moldova Respublikasi manfaatlariga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plagan va elchixona xodimiga bergani» uchun davlatga xiyonatda gumon qilinmoqda. Kishinyov aeroportida ishlagan chegarachi Moldovaga qarshi fitna uyushtirganlikda gumon qilinmoqda. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u «ma’lumot to‘plash va unga yetkazish maqsadida elchixona xodimi bilan aloqada bo‘lgan». Xabarda gap qaysi elchixona haqida ketayotgani aytilmagan.
OAV: Ma’lumotlar Rossiya elchixonasiga uzatilgan
«Interfaks» agentligi Moldova OAVga tayanib, har ikki amaldor Rossiyaning Moldovadagi harbiy attashesi o‘rinbosari bilan uchrashganini da’vo qilmoqda. Parlament xodimi masalasida gap davlatga xiyonat ishi bo‘yicha tergov qilinayotgan Ione Kryange haqida ketmoqda.
Rossiyaning Moldovadagi elchixonasi qo‘lga olishlarni «Moldovada sun’iy ravishda qamchilangan aksilrossiya kayfiyatining yana bir ko‘rinishi» deb baholadi. Bu haqda chorshanba kuni kechqurun uning saytida chop etilgan sharhda aytiladi.