Haniyaning o‘ldirilishiga reaksiyalar, G‘azodagi poliomiyelit epidemiyasi va Ukrainaga yetkazilgan ilk F-16 uchoqlari - kun dayjesti

Jahon 13:09 / 01.08.2024 8099

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi

Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohilda Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi munosabati bilan motam kuni e’lon qilindi.

Ismoil Haniyaning janozasi bugun Tehronda o‘qiladi, biroq uning jasadi Qatar poytaxti Dohada tuproqqa qo‘yiladi, deb xabar bermoqda Mehr agentligi. Turkiyaning ayrim shaharlarida Haniya uchun g‘ayb janoza namozi o‘qilgan.

Eron prezidenti Pizishkiyonning inauguratsiya marosimiga borgan Hamas siyosiy qanoti yetakchisining o‘ldirilishiga nisbatan jahonda turlicha reaksiya bildirilmoqda.

Turkiya “ablahona qotillik”ni qat’iy qoraladi. Turkiya rahbariyati Falastin xalqiga hamdardlik bildirdi.

Rossiya bu voqeani “mutlaq toqat qilib bo‘lmas siyosiy qotillik” deb atab, bu mintaqada mojaroning yanada avj olishiga sabab bo‘ladi, deb hisoblamoqda.

AQSh Falastining HAMAS harakati siyosiy byurosi yetakchisi Haniyaga suiqasd tayyorlanayotganidan bexabar bo‘lgan va uning o‘ldirilishiga aloqador emasligini ta’kidlagan.

Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi HAMAS siyosiy byurosi rahbarining o‘ldirilganidan nihoyatda tashvishda ekanini ma’lum qilgan.

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Haniyaning o‘limiga izoh bergan.

“Kecha men Haniyaning g‘olibona qo‘llarini siqib qo‘ygan edim, endi esa uni yelkamda ko‘tarib dafn etaman. Eron o‘z suverenitetini himoya qilishda davom etadi va mamlakatimizga kirib kelgan terrorchilarni o‘zlarining qo‘rqoqlarga xos ishlari uchun afsus chekishga majbur qiladi”.

Husiychilarning vakili Yahyo Sariya Haniyaning o‘ldirilishini juda ahamiyatli voqea deb atagan:

“Qo‘mondon Haniyaning o‘ldirilishi mojaroning avj olishiga olib keluvchi yirik voqea va barcha xalqaro konvensiyalarning buzilishidir. Biz HAMAS va boshqa qarshilik kuchlari bilan birgalikda Amerika tomonidan qo‘llab kelinayotgan sionistlarga qarshi turish uchun qat’iyatga to‘lamiz. Biz buning uchun hali sionistlarni javobgarlikka tortamiz”, — degan Sariya.

Eron Bosh prokuraturasi Tehronda Ismoil Haniyaga nisbatan amalga oshirilgan suiqasd yuzasidan tergov-surishtiruv ishlarini boshlagan. Eronda Haniya xotirasiga uch kunlik motam e’lon qilindi.

Eron HAMAS yetakchisi Ismoil Haniyaning o‘ldirilishiga qasos sifatida Isroilga qarshi «maxsus operatsiya» o‘tkazadi. Bu haqda Eronning BMTdagi vakili Said Iravoniy ma’lum qilgan.

«Qotillikka javoban jinoyatchida chuqur pushaymonlikni uyg‘otishga qaratilgan yanada keskinroq maxsus operatsiya bo‘ladi», degan Iravoniy.

Reuters xabariga ko‘ra, Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy Isroil «o‘zini shafqatsiz jazolashga» asos topib berganini va Eron poytaxtida sodir bo‘lgan HAMAS yetakchisining o‘limi uchun qasos olish Tehronning zimmasida ekanini aytgan. Eronning xavfsizlik bo‘yicha yuqori organi Haniya o‘limiga javob strategiyasini aniqlash uchun yig‘ilgan.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda poliomiyelit epidemiyasi e’lon qilindi. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi G‘azo sektorini poliomiyelit epidemiyasi zonasi deb e’lon qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarda falajlik keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan mazkur kasallik eksklavda toza ichimlik suv tanqisligi va emlash amalga oshirilmayotgani tufayli vujudga kelgan.

Virus Xon Yunusdagi hamda ekslav markazidagi hududlardagi ariqlarda aniqlangan. Bundan tashqari, BMTning falastinlik qochqinlar va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi — UNRWA'ning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda har kuni 800 dan 1000 tagacha gepatit yuqtirish holatlari ham qayd etilmoqda.

Falastin ta’lim vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan Isroilning G‘azo sektori zulmi natijasida 10 ming o‘quvchi va 400 ga yaqin o‘qituvchi o‘ldirilgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektoridagi maktablarning 76 foiziga qattiq ziyon yetgan va ular faoliyat ko‘rsatishi uchun qayta tiklanishi kerak.

Isroilning Livanga zarbasi

Livanning “Hizbulloh” harakati tashkilotning ikkinchi shaxsi o‘ldirilganini rasman tasdiqladi.

“Hizbulloh” yetakchisi Said Nasrullohning harbiy masalalar bo‘yicha katta maslahatchisi, “Said Muhsin” nomi bilan tanilgan Fuad Shukur Livan poytaxti Bayrut shahriga 30 iyul kuni Isroilning raketa zarbasi natijasida o‘ldirilgan.

Shu munosabat bilan “Hizbulloh”ning bosh kotibi Hasan Nasrullohning chiqishi kutilmoqda.

«Bu dahshatli hujum yuzasidan bizning siyosiy pozitsiyamiz “Hizbulloh” bosh kotibi Sayyid Hasan Nasrulloh tomonidan ertaga, janoza marosimida e’lon qilinadi”, — deyilgan “Hizbulloh”ning kechagi bayonotida.

Livan esa Isroil ustidan shikoyat qilishini ma’lum qildi. Chorshanba kuni tarqatilgan bayonotga ko‘ra, Livan BMT Xavfsizlik kengashiga Bayrutning janubiy qismiga raketa zarbasi bergan va to‘rt kishining o‘limi va 80 kishining yaralanishiga sababchi bo‘lgan Isroil ustidan shikoyat kiritadi.

Isroil armiyasi zarbadan maqsad “Hizbulloh” qo‘mondoni Fuad Shukur bo‘lganini ta’kidlagan. Tel-Aviv uni shanba kuni Jo‘lan tepaligiga uyushtirilgan hujumda ayblagan.

Ukrainaga yordam

Ukraina F-16 qiruvchi samolyotlarining birinchi partiyasini olgani ma’lum qilinmoqda. AQShda ishlab chiqarilgan qiruvchi samolyotning Lviv shahri osmonida tushirilgan surati tarqatildi.

AQSh, Niderlandiya va Daniya 10 iyul kuni Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini topshirganini e’lon qilgan edi.

Bloomberg agentligi manbalarining aytishicha, Ukraina qancha samolyot olgani hali noma’lum. Qayd qilinishicha, iyul oyi oxirigacha belgilangan samolyotlarni yetkazib berish muddati bajarilgan.

Niderlandiya va Daniya deyarli bir yil oldin, 2023 yil avgust oyida F-16 qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga topshirishini ma’lum qildi. Niderlandiya 42 ta, Daniya esa 19 ta qiruvchi samolyot yetkazib berishini ta’kidladi. Bundan tashqari, Norvegiya 6 ta F-16 samolyotini taqdim etishni rejalashtirmoqda.

The New York Times mart oyida 12 nafar ukrainalik uchuvchi 2024 yil yozigacha F-16 samolyotlarini boshqarishga tayyor bo‘lishini, biroq bu vaqtga borib, ittifoqchilar Kiyevga atigi 6 ta samolyotni topshira olishi haqida yozgan edi.

Rossiyada migrantlarga navbatdagi taqiq

Rossiyada migrantlarga tibbiyot, ta’lim va kuriyerlik sohasida ishlash taqiqlanishi mumkin. Tegishli qonun loyihasi Davlat Dumasiga kiritildi.

«Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu» fraksiyasi tomonidan Davlat Dumasiga mehnat migrantlarining maktab va maktabgacha ta’lim, tibbiyot va farmatsevtika, yo‘lovchilarni tashish, shuningdek, «o‘rtacha daromaddan yuqori daromad keltiradigan yoki Rossiya fuqarolarining talabi yuqori bo‘lgan faoliyatning ayrim turlari» bilan shug‘ullanishni taqiqlash haqidagi qonun loyihasi kiritildi. Loyihada migrantlarga kuriyerlik (daromad oyiga 100-120 ming rubldan oshadi) bilan shug‘ullanishni taqiqlash haqidagi band ham bor.

Qonunning tushuntirish xatida ta’kidlanganidek, ta’lim sohasida ishlashni istagan chet el fuqarolari «an’anaviy rus qadriyatlarini yosh avlodga yetkazish uchun zarur tajriba, qadriyat va madaniy tajribaga ega emas».

Bundan tashqari, qonun loyihasi tashabbuskorlarining fikriga ko‘ra, «faqat o‘z mamlakatida doimiy yashovchi Rossiya fuqarosi» ushbu «an’anaviy qadriyatlarni, shu jumladan oilaviy, madaniy va vatanparvarlik qadriyatlarini» yosh avlodga yetkazishi mumkin.

Qonun loyihasi mualliflarining fikricha, xorij fuqarolari tibbiyot va farmakologiya sohasida ishlash uchun yetarli tayyorgarlik darajasiga ega emas. Tibbiy va farmakologik xizmatlar sifatiga ta’sir qiluvchi ikkinchi omil — bu tibbiyot mutaxassisi, farmatsevt va hamkasblar o‘rtasidagi muloqot natijasida yuzaga keladigan dori vositasini to‘g‘ri tashxislash va aniqlash. Xorijliklar buni bajara olishiga shubha bildirilgan.

Rossiya hududlarida 2015 yildan boshlab migrantlar mehnatiga cheklovlar joriy etilmoqda, dastlab bunday qarorni Perm o‘lkasi va Mari-El Respublikasi hukumatlari qabul qilgan.

Avvalroq Rossiyaning bir qancha hududlarida migrantlar savdo sohasi va taksi xizmatida ishlashi taqiqlangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: