Yaponiyada guruch zaxirasi rekord darajada kamayib ketdi. Bunga turistlar ham sababchi ekani aytilmoqda

Jahon 23:47 / 31.07.2024 6443

Yaponiyada guruch zaxirasi turistlar oqimi va hosildorlikning kamayishi sabab so‘nggi o‘n yillikdagi eng past darajaga tushib ketdi, deb xabar beradi The Guardian.

Yaponiya Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning iyun oyida nodavlat sektorda guruch zaxirasi 1,56 million tonnaga tushib ketgan — bu o‘tgan yilning mos davrida kuzatilgan holat bilan taqqoslaganda 20 foizga kam demak. Mazkur raqamlar bu boradagi ma’lumotlarni to‘plash boshlangan 1999 yildan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Guruch zaxirasining keskin kamayib ketishiga 2023 yilda kuzatilgan issiqlar sabab bo‘lgan, natijada bu hosilga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, o‘tgan yilning sentabridagi harorat Yaponiyada oxirgi 125 yildan kuzatilgan eng issiq oy bo‘ldi.

Tanqislik sabab guruch narxi ko‘tarilib ketgan. Ulgurji savdo qiladiganlar zaxirasi sekin-asta kamayib bormoqda, ayrim supermarketlar esa narxlarni oshirish va savdo hajmini cheklashga majbur bo‘lyapti. Bunday vaziyat sentabrga qadar, yangi hosil savdoga chiqquniga qadar davom etishi kutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining rasmiy vakili Xiroshi Itakuraning ma’lum qilishicha, guruch zaxirasining rekord darajada tushib ketishiga bir necha omillar, xususan, yuqori harorat, suv yetishmovchiligi va xorijlik turistlar oqimi sabab bo‘lgan.

So‘nggi bir yilda guruchga bo‘lgan talab kutilmaganda 7 million tonnagacha oshib ketgan va mahalliy hukumat buni turistlarning kelishi bilan bog‘lamoqda: 2024 yilning birinchi yarim yilligida Yaponiyaga 17,78 million turist kelgan — bu pandemiyadan olgingi davrga nisbatan 1 million kishiga ko‘p demak. Vazirlikka ko‘ra, kuniga ikki mahal guruch iste’mol qiladigan turistlar talabning 51 ming tonnaga oshishiga olib kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: