Parijda Olimpiya o‘yinlarining uchinchi kuni o‘tkazildi. Dushanba kuni qilichbozlik, dzyudo, pnevmatik miltiqdan o‘q uzish, suvga sakrash, suzish, konkur va boshqa sport turlari bo‘yicha 19 ta medallar shodasi o‘ynaldi.
Uchinchi kungi bahslardan keyin Yaponiya 6 oltin, 2 kumush va 4 bronza bilan birinchi o‘rinda bormoqda. Yaponiyalik sportchilar dushanba kuni 90 yildan ortiq vaqtdan buyon ot sportida ilk medal — bronzani qo‘lga kiritib, syurpriz taqdim etishdi. Bundan tashqari, olimpiya dasturidagi yangi sport turi — erkaklar orasida skeytbordingda yaponiyalik Yuto Horigome ham Yaponiya uchun ushbu sport bo‘yicha tarixdagi ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Dzyudo: jazoirlik isroillik bilan kurashmaslik uchun semirdi
29 iyul kuni dzyudo bo‘yicha erkaklar o‘rtasida 73 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda bahslar o‘tkazildi. Qur’aga ko‘ra, birinchi bosqichda jazoirlik Dris Reduan Messaud Isroil vakili Toxar Butbul bilan uchrashishi kerak edi. Bu bahs ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy kelishmovchilik tufayli mojaroli ko‘rinardi, chunki Jazoir Isroil davlati qonuniyligini tan olmaydi.
Dris Messaud ilojsiz holatda qolgandi, u ushbu raqibga qarshi tatamiga chiqqanida vatanida qattiq tanqidga uchragan bo‘lardi, shu bilan birga, shunchaki bahsdan bosh torta olmasdi, buning uchun uzoq muddatli diskvalifikatsiyaga uchrashi mumkin edi. Tokio Olimpiadasida uning vatandoshi Feti Nurin Falastinni qo‘llashi va isroillikka qarshi bahs olib bora olmasligini aytib, xuddi shu Butbul bilan bahsni boykot qilgandi. Natijada murabbiyi Amar Benexlef bilan birgalikda Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan «siyosiy propaganda» uchun 10 yilga diskvalifikatsiya qilingandi.
O‘shanda Butbulning keyingi bosqichdagi raqibi, sudanlik Muhammad Abdulrasul esa jarohatini bahona qilib, qutulib qolgandi.
Afrikaning uch karra chempioni hisoblangan Dris ham tatamiga chiqmaslikning qonuniy yo‘lini o‘ylab topdi. Vaznlar o‘lchanganida uning og‘irligi 73,4 kilogramm chiqdi — ruxsat etilganidan 400 grammga ko‘p. Shu tufayli jazoirlik sportchi musobaqaga qo‘yilmadi.
Isroil milliy olimpiya qo‘mitasi Drisni sportga xos bo‘lmagan harakat qilishda aybladi. Ammo qur’adan keyinoq ushbu sportchi isroillikka qarshi kurashmasligini barcha bilib turardi.
Toxar Butbul keyingi bosqichda bo‘lajak chempion, ozarboyjonlik Hidoyat Geydarovga yutqazib, ishtirokini yakunladi.
Parijdagi o‘yinlarda Marokash va Tojikiston vakillari ham isroillik Barux Shmailovga qarshi bahslardan keyin unga qo‘l berishni istamadi.
Isroilliklarga qarshi kurashdan bosh tortish holatlari boshqa mamlakat vakillari tomonidan ham kuzatilgan. 2018 yilgi jahon chempionatida eronlik Said Mollayei finalda isroillik Sagi Mukiga to‘qnash kelmaslik uchun yarimfinalda ataylab yutqazib bergan. Sportchi keyinroq o‘shanda o‘z mamlakati rasmiylari bosimiga uchragani, Isroil vakili bilan kurashga chiqishga ruxsat berilmaganini aytgan. Bu holatdan keyin eronlik sportchi Germaniyadan boshpana topadi va turnirlarda Mo‘g‘uliston bayrog‘i ostida chiqa boshlaydi. Ammo Parij-2024 arafasida sport fuqaroligini yana o‘zgartirdi va endi Ozarboyjon nomidan qatnashmoqda.
2004 yilda esa o‘sha vaqtda -66 kg vazn toifasida amaldagi jahon chempioni bo‘lgan eronlik Arash Miresmaili ham isroillik Exud Vaksga qarshi kurashmaslik uchun, vaznini 2 kilogrammga oshirib olgandi. Shu bilan birga, u siyosiy bayonot bergan, Olimpiada uchun qattiq mehnat qilganiga qaramay, isroillik raqibga qarshi kurasha olmasligini qayd etgandi.
Eron hukumati o‘shanda Miresmailiga Olimpiada g‘olibligi uchun to‘lanadigan 125 ming dollar mablag‘ni to‘lab bergan.
Tennis: Rafa Jokovichga qarshi
Olimpiadaning uchinchi kunidagi eng markaziy bahs ikkinchi davra doirasida Rafael Nadal va Novak Jokovich o‘rtasida kechdi. Shu kuni Parijdagi ko‘plab chorrahalarda «Rafaning o‘yiniga chipta sotib olaman» yozuvi aks etgan plakat ko‘targan odamlarni uchratish mumkin edi.
Ispaniyalik Nadalni Fransiyada muxlislar o‘zinikidek qabul qilishadi. Uning «Rolan Garros»ning grunt kortlaridagi 14 g‘alabadan iborat rekordini qachondir kimdir yangilashi dargumon.
Fransuzlar Nadalni shu qadar yuksak qadrlashidan unga O‘yinlarning ochilish marosimida ham faxriy rolni berishgandi.
Bahs boshlanganida ham Rafaning har bir muvaffaqiyatli zarbasi olqishlar bilan qarshi olindi.
Amm bunday zarbalar g‘alaba qozonish uchun yetarli bo‘lmadi.
Bu ushbu ikki buyuk tennischining o‘zaro 60-uchrashuvi edi. E’tiborli jihati, ularning ilk to‘qnashuvi ham Parij kortida, 2006 yilgi Fransiya ochiq chempionatida ro‘y bergan.
Jokovich birinchi setda osonlik bilan 6-1 hisobida g‘alaba qozondi va ikkinchi setda 4-0 hisobi vaqtida Rafaning muxlislari faqat u «nolga yutqazmasligi»dan umid qilayotgandi.
Nadalni bir necha yildan buyon qiynayotgan beldagi jarohati o‘z so‘zini aytmoqda, ammo muxlislar o‘z sevimlilari uning bu qadar yirik hisobda yutqazishiga tayyor emasdi.
Va Rafa ularni eshitdi. U keyingi to‘rt geymni o‘ziniki qilib, hisobni tenglashtirdi (4-4), ammo keyin o‘zi to‘p uzatgan geymni boy berdi va Novak o‘yinni hal qilishiga yo‘l qo‘ydi.
Yakuniy hisob: 6-1, 6-4.
Jokovich yakkalik turniridagi ishtirokini davom ettiradi, Nadal esa juftlik bahslarida Karlos Alkaras bilan keyingi bosqichga chiqib bo‘lgan.
Rafael Nadal - ikki karra olimpiya chempioni (Pekin-2008 da yakkalik razryadda va Rio-2016 da juftlikda). Jokovich faqat Pekin-2008 da bronza medal olgan.
Rafa bir necha bor jarohatdan keyin tiklana olmayotgani tufayli faoliyatini yakunlashini aytgandi. Katta ehtimol bilan, bu uning so‘nggi turniri bo‘ladi.
Britanlarda sermahsul kun
Dushanba kungi bahslar Buyuk Britaniya jamoasi uchun o‘ta omadli kechdi.
Eng asabiy bahslardan biri mauntinbaykerlar trassasida (tog‘da velosiped) kechdi.
Parijga o‘z olimpiya titulini himoya qilish uchun kelgan britaniyalik Tom Pidkok so‘nggi aylana arafasida g‘ildiragi teshilgach, to‘qqizinchi o‘ringa tushib ketdi va peshqadam, fransuz Viktor Koretskiydan 40 soniyaga ortda qola boshladi. Ammo Pidkok bu farqni yo‘qqa chiqara oldi va trassaning o‘rmondan o‘tgan qismidagi so‘nggi burilishda hal qiluvchi hujumni boshladi.
Britaniyalik va fransuz yonma-yon keta boshlashdi, ammo yo‘lda daraxt chiqib qoldi. Ular to‘siqni ikki tomondan aylanib o‘tishdi va yana yonma-yon bo‘lib olishdi, shu vaqtda kontakt ro‘y berdi. Pidkok hujum qildi va g‘ildiragi bilan Koretskiyning g‘ildiragiga ozgina tegindi, shuning o‘zi u sekinlashishi va ortda qolishi uchun yetarli bo‘ldi.
Bu jangni jonli tarzda kuzatib turgan 15 ming tomoshabin esa britaniyalikka hushtakbozlik qila boshladi, finishda esa uni keskin norozilik bilan qarshi olishdi.
Koretskiyning o‘zi Pidkok kuchliroq bo‘lganini tan olgani ham vaziyatni o‘zgartira olmadi. Endi Tomga Fransiyadagi har bir musobaqasida hushtakbozliklar davom etishi tayin. Lekin uning bu g‘alabasi O‘yinlardagi eng yorqin g‘alabalardan biriga aylandi.
Shu kuni britaniyalik chavandozlar ham beshinchi bor olimpiya chempionlariga aylandi, bu safar Rozalind Karter, Tom Makyuen va Lora Kollettdan iborat jamoa zafar quchdi.
Konkurda ham kumushni — Fransiya, bronzani Yaponiya qo‘lga kiritdi, bu yaponlar 1932 yildan buyon ushbu sportda ilk medal olishi bo‘ldi.
Britanlar 10 metr balandlikdan suvga sakrashda ham erkaklar jamoasidan eng yuqori natijani umid qilayotgandi.
Tokio-2020 olimpiadasi chempioni, Tokio-2020, Rio-de-Janeyro-2016 va London-2012 olimpiadalarida jami uchta bronza qo‘lga kiritgan Tom Deyli Parijga 24 yoshli Noa Uilyams bilan juftlikda kelgandi.
Ular mazkur yo‘nalishda jahon reytingi yetakchilari qatorida, ammo kutilganidek xitoylik Lyan Tszyunsze va Xao Yanga teng kela olishmadi va kumush bilan kifoyalanishdi. 30 yoshli Deyli uchun bu beshinchi Olimpiada sanaladi.
Ukrainaning ilk medali
Qilichboz Olga Xarlan Ukraina uchun Parij Olimpiadasidagi ilk medalni taqdim etdi.
U sablya yo‘nalishida bronza uchun kechgan bahsda janubiy koreyalik Choi Sibinni 15:14 hisobida mag‘lub etdi.
33 yoshli Xarlan Pekin-2008 olimpiadasida sablya bo‘yicha jamoaviy bahslarda oltin medalni qo‘lga kiritgan, 2016 yil Rio-de-Janeyroda esa shu yo‘nalishda kumush bilan kifoyalangan.
Parijdagi bronza — uning yakkalik razryaddagi uchinchi olimpiya medali bo‘ldi: 2016 va 2012 yillardagi o‘yinlarda ham u uchinchi o‘rinni olgan.
Uchinchi kundan keyin Moldova ham yaxshi natija ko‘rsatmoqda — 25-o‘rin. Jamoa ikki bronza qo‘lga kiritgan — ikkisini ham dzyudo bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi bahslarda.
AQSh uchun qora kun
Uchinchi kundan keyin birinchi o‘rinda hamon asosiy favoritlar AQSh yoki Xitoy emas, balki Yaponiya bormoqda. Kunchiqar mamlakat vakillari 12 ta medal qo‘lga kiritib ulgurdi, shundan oltitasi oltin. Yaponiyalik muxlislar ayniqsa erkak gimnastikachilar o‘rtasidagi jamoaviy bahslardagi g‘alabadan qattiq xursand bo‘lishdi. Xitoyliklar bilan bahs o‘ta keskin kechdi va barchasini arzimas ballar hal qildi.
Ikkinchi o‘rinda ham AQSh yoki Xitoy emas, Fransiya joylashgan. Fransuzlar o‘z uyidagi Olimpiadaga qattiq tayyorgarlik ko‘rganini namoyish etmoqda. Dushanba kuni qilichbozlik va slalomda eshkak eshish bo‘yicha navbatdagi g‘alabalarga erishildi. Yakuniy natija: 16 (5 – 8 – 3) medal.
Yana uch jamoa: Xitoy, Avstraliya va Janubiy Koreyada ham beshtadan oltin medal bor va ushbu jamoalar medallar sifati bo‘yicha 3-5-o‘rinlarda ketma-ket joylashishgan. Muntazam ravishda (so‘nggi 7 tadan 6 tasida) umumiy reytingda birinchi o‘rinni egallab keladigan AQSh bu safar hozircha kuchli beshlikka ham kira olmayapti. Amerikaliklar uchun uchinchi kun qora kun bo‘ldi – suzishning o‘zida beshta final bo‘lsa-da, birorta oltin qo‘lga kiritilmadi va jamoa oltinchi o‘rinda qolmoqda.
Hongkong vakili, qilichboz Ka Lun Cheun o‘z delegatsiyasiga ikkinchi oltinni olib berdi, Ozarboyjon ham ilk oltinga ega chiqdi (dzyudochi Xeydarov).
O‘zbekiston esa hozircha bitta oltin bilan 15-o‘rinda joylashgan.
Umumiy reyting: