Yakkasaroy tumani “pasport stol” boshlig‘i 7 yilga qamaldi. U chet el fuqarolariga O‘zbekiston fuqaroligini pullagan

O‘zbekiston 16:51 / 29.07.2024 12218

Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi sobiq boshlig‘i jinoiy javobgarlikka tortildi. U faoliyati davomida jinoiy sherigi bilan pul evaziga chet el fuqarolariga noqonuniy turzda ID karta hamda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirib bergan.

Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, Z.A. 2006 yildan 2023 yil mart oyiga qadar ichki ishlar organlarida xizmat qilgan. U 2021 yil sentabr oyidan 2022 yil aprel oyiga qadar Yunusobod tumani, 2022 yil aprel oyidan 2023 yil mart oyiga qadar esa Yakkasaroy tumani IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Z.A. “Donna Global” MChJ (stol uslug) rahbari D.Sh. (marhum, jinoyat ishining unga tegishli qismi tugatilgan) bilan birgalikda 9 nafar chet el fuqarosiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ID kartasi hamda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirib bergan.

Jinoiy sheriklar buning uchun chet el fuqarolaridan 4 ming dollardan 15 ming dollargacha pul mablag‘ini olib, o‘zaro taqsimlab olishgan.

Jumladan, Z.A. 2022 yil noyabr oyida Rossiya fuqarosi K.D.ga noqonuniy tarzda ID karta va “qizil pasport” rasmiylashtirib bergan. U buni quyidagicha amalga oshirgan: mansab vakolatini suiste’mol qilgan holda o‘ziga biriktirilgan “Ye-kalit” yordamida “Pasport-viza” tizimiga kirgan va aslida boshqa fuqaroga tegishli bo‘lgan Se 0547950 seriya va raqamli fuqarolik pasportini K.D.ga tegishli bo‘lganligi haqida qalbaki elektron hujjatni yaratgan. So‘ngra K.D.ning go‘yoki fuqarolik pasportini yo‘qotib qo‘yganligi va ID karta rasmiylashtirib berish haqidagi arizasini olgan. Shu tariqa K.D.ga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining AD 2099901 seriya va raqamli ID kartasi hamda FA 6789244 seriya va raqamli xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirib bergan.

Shuningdek, Z.A. IIV MFRBBning “Manzil” tizimiga kirib, hech qanday asoslantiruvchi hujjatlar mavjud bo‘lmasa-da, K.D.ni Toshkent shahar, Yunusobod tumani, “Axilobod” MFY, 13-mavze, 72-uy, 90-xonadonga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘ygan.

Z.A. jinoiy sherigi bilan birgalikda ayni shu usulda Rossiya fuqarosi N.K.ga AD 2223361 seriya va raqamli ID karta hamda FA 6898656 seriya va raqamli xorijga chiqish biometrik pasporti; Qozog‘iston fuqarosi Ye.M.ga AD 2489857 seriya va raqamli ID karta hamda FA 7299794 seriya va raqamli xorijga chiqish biometrik pasporti; Qozog‘iston fuqarosi M.K.ga AD 2707976 seriya va raqamli ID karta; Rossiya fuqarosi A.Sh.ga AD 2656960 seriya va raqamli ID karta hamda FA 7324102 seriya va raqamli xorijga chiqish biometrik pasporti; Qozog‘iston fuqarosi S.D.ga AD 2819463 seriya va raqamli ID karta va FA 7525028 seriya va raqamli xorijga chiqish biometrik pasporti; Qirg‘iziston fuqarosi D.Ya.ga AD 2869517 seriya va raqamli ID karta; Rossiya fuqarosi N.A.ga AD 2869517 seriya va raqamli ID karta hamda FA 7652695 seriya va raqamli xorijga chiqish biometrik pasporti; Rossiya fuqarosi A.G.ga AD 3469496 seriya va raqamli ID karta hamda FA 7893815 seriya va raqamli xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirib bergan.

Z.A. bularning ayrimlarini Yakkasaroy tumani IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimidan bo‘shatilganidan so‘ng, IIVning har qanday elektron tizimlardan foydalanish vakolatiga ega emasligiga qaramasdan o‘ziga biriktirilgan “Ye-kalit”ni belgilangan tartibda topshirmasdan amalga oshirgan.

Sud hukmiga ko‘ra, Z.A. Jinoyat kodeksining 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi, 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “a, b” bandlari, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a, b” bandlari va 278-4-moddasi (Kompyuter axborotini modifikatsiyalashtirish) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan I.D.ga esa Jinoyat kodeksining 211-moddasi (Pora berish) 2-qismi “b” bandi, 28,209-moddasi 1-qismi, 228-moddasi 3-qismi va 223-moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan.

Shuningdek, sud hukmi bilan yuqoridagi chet el fuqarolari mansab soxtakorligi, pora berish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish kabi jinoyatlarda aybli deb topilgan. Ularga 48 mln so‘mdan 124,5 mln so‘mgacha jarima jazolari berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: