Toshkent shahridagi pasport stollarida elektron navbat yo‘lga qo‘yildi. Endi navbat viloyat markazlariga

O‘zbekiston 15:50 / 11.11.2019 4224

Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida elektron navbat tizimini joriy etildi. Tez orada internet orqali navbatga yozilish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda Kun.uz’ga IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Fazliddin Usmonov ma'lum qildi.

IIV rasmiysi 2017 yili sinov tariqasida Olmazor tumani migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida joriy etilgan elektron navbat tizimi nima uchun Toshkent shahri va respublikaning qolgan hududlariga tatbiq etilmaganiga ham oydinlik kiritib o‘tdi.

«Olmazor tumanida haqiqatan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron navbat tizimini joriy qilish bo‘yicha pilot-proyektni ishga tushirib ko‘rdik. Birmuncha muddat bu tizimdan foydalanganimizda tizim bir tomonlama ekani ma'lum bo‘ldi. Chunki mazkur tizimda faqat onlayn murojaat qiluvchilar hisobga olingan-u, lekin pasport stoliga o‘zlari borib murojaat qiladigan fuqarolar inobatga olinmagani sababli ikki xil yo‘l bilan navbat olgan fuqarolar o‘rtasida tushunmovchilik, navbat talashishlar ko‘p kuzatildi» deya Fazliddin Usmonovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ta'kidlashicha, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida elektron navbat tizimini joriy qilish masalasi ko‘rib chiqilib, 2019 yil oktabr oyida Toshkent shahrining barcha tumanlarida ushbu tizim joriy etilgan. Yangi tizimda avvalgisida kuzatilgan muammolar bartaraf etilgan. Fuqaro nima masalada kelganiga qarab 6ta yo‘nalish bo‘yicha infokioskka o‘xshash qurilmadan navbat olishi mumkin. 

«Hozircha elektron navbatni offlayn tarzda olish mumkin. Tez orada internet orqali, ya'ni Yagona davlat xizmatlari portali – My.gov.uz orqali ham navbat olish imkoniyati yaratiladi. Bu davlat ishida, turli tashkilotlarda ishlaydigan yurtdoshlarimizning vaqtlarini tejash maqsadida qilinyapti. Bu tizim ham hozir integratsiya qilish jarayonida. Ushbu integratsiyani amalga oshirsak, onlayn va oflayn navbat olish jarayoni bitta tizimga ulanadi, shunda fuqarolar o‘rtasida navbat bo‘yicha hech qanday kelishmovchilik bo‘lmaydi. Elektron navbat tizimi Toshkent shahri va uning barcha tumanlarida, shuningdek, hozircha viloyatlarning markazlarida joriy qilinadi», deydi Fazliddin Usmonov.

Ko‘proq yangiliklar: