2024 yil 24 iyulda Istanbulda O‘zbekistonning turistik salohiyatini namoyish etuvchi taqdimot bo‘lib o‘tdi. Bu tadbir Rocket DMC Uzbekistan kompaniyasi tomonidan Turkiya sayohat agentliklari assotsiatsiyasi (TÜRSAB) ko‘magida tashkil etildi. Taqdimotda 60 dan ortiq turk turistik agentliklari va 10 ta OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Rocket DMC Uzbekistan kompaniyasining turpaketlari bilan tanishtirib o‘tildi. Shuningdek, turistlarga Silk Road Samarkand turistik markazi, Air Samarkand va Air Marakanda kompaniyalarining takliflari haqida ham ma’lumot berildi.
“Taqdimotni o‘tkazishdan maqsadimiz, kompaniyamiz va mamlakatimiz turistik imkoniyatlarini turk hamkasblarimizga kengroq ko‘rsatib berishdir. Yuzma-yuz uchrashuvlarimizdan keyin O‘zbekistonga turk turistlari soni yanada ko‘payadi, deb umid qilamiz. Biz Air Samarkand kompaniyasi bazasida ikki-uch xil xizmatlarimizni taklif qilmoqchimiz, bu esa Istanbul-Samarqand parvoz yo‘nalishini yanada ommalashishiga yordam beradi. Uchrashuvlarimiz ancha foydali o‘tdi, xususan, turk hamkasblarimiz bizlarga ziyorat turizmi bo‘yicha ham dastur tayyorlashimiz uchun bir nechta takliflarni berishdi”, - dedi Rocket DMC Uzbekistan bosh direktori Negina Muxtarova.
2023 yil may oyida tashkil etilgan, DMC yo‘nalishlarini boshqaruvchi Rocket DMC Uzbekistan kompaniyasi shtab kvartirasi Dubayda joylashgan Rocket DMC xalqaro tarmoq a’zosi hisoblanadi. Misr, Turkiya, Tunis, Ispaniya turistik bozorlarida faoliyat yurituvchi hamda Qatar, Saudiya Arabistoni va Gretsiya bozorlariga chiqishga hozirlik ko‘rayotgan Rocket DMC Uzbekistan maqsadi O‘zbekiston turistik salohiyatini jahon miqyosida keng tanitish, chet ellik turistlar uchun yanada jozibali takliflarni berish orqali ularga qulayliklar yaratishdan iborat. Kompaniyaning mahalliy strategik hamkorlaridan biri Silk Road Samarkand turistik markazi hisoblanadi.