Yaqinda Janubiy Koreya sudi jangovar pozitsiyada xizmat qilishga yaroqsiz holga kelgunicha semirgan 26 yoshli yigitga qamoq jazosini tayinladi, deb xabar bermoqda koreys ommaviy axborot vositalari.
Mamlakatda 18 oylik harbiy xizmat barcha sog‘lom erkaklar uchun majburiy hisoblanadi. Yigit undan bo‘yin tovlash uchun armiyaga chaqiruv oldidan o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rikka bir necha hafta qolganda ikki barobar ko‘p ovqatlanishni boshlagan.
Yigitning do‘sti ham olti oylik qamoqqa hukm qilindi — u “semirish rejasi”ni amalga oshirishda yordam bergan.
Tibbiy ko‘rik vaqtiga kelib bo‘yi 168 santimetr bo‘lgan ayblanuvchining vazni 102 kilogrammga yetgan, natijada u jangovar vazifalar uchun yaroqsiz deb topildi.
Janubiy Koreyada harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash uchun maksimal uch yillik qamoq jazosi belgilangan, biroq yigit ilgari sudlanmagani va harbiy xizmatni sadoqat bilan o‘tashga va’da bergani sababli sud unga ikki yillik shartli jazo tayinladi.
U semirib, harbiy xizmatdan qochishga uringan birinchi koreys emas.
2018 yilda o‘nlab janubiy koreyalik kollej bitiruvchilari xizmatdan bosh tortish uchun pitssa, hamburger va boshqa fast fudlarni haddan ziyod iste’mol qilib, ataylab semirgan.