Germaniya o‘zbekistonlik haydovchilarni ishga taklif qilmoqda - DW

Jahon 11:15 15462

Germaniyada yuk mashinasi haydovchilari yetishmasligi muammosini hal qilish uchun yirik Papenburg logistika kompaniyasi xorijdan, shu jumladan, O‘zbekistondan xodimlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda DW nashri ko‘rsatuv tayyorladi.

Kompaniya nafaqat ish bilan ta’minlash, balki Yevropa standartlari bo‘yicha o‘qitishni ham taklif qiladi. Stajyorlar moliyaviy yordam oladi. Nashr allaqachon stajirovka o‘tayotgan o‘zbekistonlik yoshlardan biri bilan suhbatlashdi. Abbosjon Odilov hozirda uning daromadi oyiga 800 yevroni tashkil etishini, bu O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik maoshdan ancha yuqori ekanini aytdi. U Germaniyada ishlashning qiyinchiliklarini ham ta’kidlab o‘tdi.

“Punktuallik men uchun eng qiyini bo‘lgan. Germaniyada hamma joyda, hamma narsa o‘z vaqtida bo‘lishi kerak”, — deydi u.

Papenburg asfalt va beton ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi. Shuning uchun unda barcha resurslar bor, ammo ishchilar yetishmaydi. Natijada, 2020 yildan boshlab kompaniya 60 dan ortiq o‘zbekistonliklarni yuk mashinasi haydovchiligi uchun professional tarzda o‘qitishni o‘z zimmasiga oldi, deb ta’kidladi kompaniyaning kadrlar bo‘limi boshlig‘i Angela Papenburg.

“O‘zbekiston aholisining aksariyati yoshlar. Shuning uchun O‘zbekistonning bir necha hududlarida ishsizlik aynan yoshlar orasida tarqalgan. Fikrimcha, bizning vaziyatda ular ham, biz ham yutamiz”, — dedi u.

DW nashri Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida migratsiya kelishuvi borligi sabab, o‘zbekistonliklarning hujjatlarini rasmiylashtirish qiyin bo‘lmasligini qayd etdi.

Kompaniyaning kelgusi rejalari orasida xodimlarni O‘zbekistondayoq o‘qitish ham bor. Papenburg tashabbusi o‘zbekistonlik haydovchilarga xalqaro tajribani o‘zlashtirish, Yevropaning yetakchi davlatlaridan birida talab yuqori bo‘lgan kasbni egallab, ishlash istiqbollarini ochadi, deyiladi xabarda.

Hozirgi kunda Germaniyada 70 ming yuk mashina haydovchilari yetishmayapti. Oqibatda buyurtmalar o‘z egalariga yetkazilmay qolyapti.

Ko‘proq yangiliklar: