O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi uchta yirik zavoddan yana biri elektromobillar importini cheklashni so‘rab chiqdi. Markaziy bank asosiy stavkani 7 yillik minimumga tushirib, kelgusi yilga rekord darajadagi past inflatsiyani prognoz qildi. Bu yil ham abituriyentlarning yarmi minimal o‘tish ballini yig‘olmadi. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.
Avtosanoat: Imtiyoz egalari yana imtiyoz so‘ramoqda
Haftaning eng muhokamali mavzularidan biri yana avtosanoatga taalluqli bo‘ldi. Muhokamalar markazida – ADM Jizzakh zavodi bosh direktori va zavod egalaridan biri Doniyor Davletyarov. U juma kungi ochiq muloqotda hukumatdan elektromobil importi uchun bojlarni qayta tiklashni so‘radi.
Davletyarovning kompaniyasi O‘zbekistonda KIA va Chery brendi ostidagi avtomobillarni yirik uzelli yig‘ish usulida ishlab chiqaradi. Kompaniya avvalroq gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari haqida e’lon qilgan. Lekin, Davletyarovning kechagi yig‘ilishda aytishicha, hozir O‘zbekistonda elektromobil ishlab chiqarishdan foyda yo‘q, chunki 0 foizlik boj rejimi amal qilyapti. Bunday sharoitda ishlab chiqarish importdan ko‘ra qimmatga tushadi, chunki butlovchi qismlarning hammasini ham mahalliylashtirib bo‘lmaydi va ularni boj to‘lagan holda import qilishga to‘g‘ri keladi.
Tadbirkor muammo yechimi sifatida butlovchi qismlar importini ham bojdan ozod qilishni so‘rash o‘rniga, elektromobil importiga boj joriy qilishni ilgari surdi. Qo‘shimchasiga, Xitoydan olib kelinayotgan elektrokarlar “mahalliy texnik talablarga mos emasligi”ni ta’kidlab, importga nisbatan yangi sertifikatsion talablar ham kiritishga chaqirdi. Bu ham yetmagandek, ADM Jizzakh zavodi avtomobillarni faqat rasmiy dilerlar tomonidan olib kirish tartibini tiklashni ham so‘rayapti. Avvalroq BYD ham shunga o‘xshash chaqiriqlar bilan chiqqandi.
Bunga javoban, iqtisodchi Otabek Bakirov mahalliy avtozavodlar o‘zi shundoq ham davlatdan trillionlab so‘mlik imtiyozlar olayotgani, endi ularga shu ham kamlik qilayotganini pisanda qildi. Bakirovning yozishicha, Doniyor Davletyarov rahbarlik qilayotgan kompaniya chetdan olib kelib sotayotgan mashinalari uchun nafaqat import bojini, balki qo‘shilgan qiymat solig‘ini ham to‘lamaydi. Natijada u olayotgan imtiyozlar miqdori hatto UzAuto Motors'nikidan ham oshib ketgan. Xususan, kompaniya 2023 yilda import bojxona to‘lovlari bo‘yicha 4 trln so‘mdan ortiq, 2024 yilning 1-choragida esa 1,4 trln so‘mlik imtiyozlardan foydalangan.
Iqtisodchining fikricha, Iqtisodiyot va moliya vazirligi import bo‘yicha imtiyozxo‘rlarning ro‘yxatini va ular to‘lamayotgan bojlar miqdorini ochiqlashi kerak. “Xalq “o‘z qahramonlarining” muvaffaqiyati qayerdan ekanini bilib qo‘ysa yomon bo‘lmaydi”, deya yozdi Otabek Bakirov.
Markaziy bank: 2025 yil oxirigacha inflatsiya 5 foizga yaqinlashishi kutilmoqda
Payshanba kuni navbatdagi boshqaruv yig‘ilishini o‘tkazgan Markaziy bank o‘zining yangi, ancha optimistik prognozi bilan e’tiborni tortdi. Regulyatorning qayd etishicha, energoresurslar narxlari oshishining inflatsiyaga ta’siri kutilganidan pastroq bo‘lgan. Natijada endi yil oxirigacha inflatsiya avval kutilganidek 9-11 foiz emas, 9 foiz atrofida shakllanishi, 2025 yil oxirida esa 5 foizlik (!) targetga yaqinlashishi kutilyapti. Rasmiylarga ko‘ra, bu prognozni hisoblashda kelasi yil bahorda energiya tariflari yana oshishi ham hisobga olingan. Ta’kidlash kerak, Markaziy bank kelgusi yilga va’da qilayotgan 5-6 foizlik inflatsiya, ya’ni narx-navoning butun yil davomida sezilarli o‘zgarmasdan turishi O‘zbekiston tarixida hali kuzatilmagan.
Regulyator asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, 13,5 foiz deb belgiladi. Shu tariqa, 2017 yildagi valuta islohotidan keyingi davrda birinchi marta asosiy stavka 14 foizdan pasaydi. Bu – inflatsiyaning pasayish prognozlari, almashuv kursining barqarorlashgani va boshqa omillar bilan bog‘liq. Shu bilan birga, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovning aytishicha, pul-kredit siyosatida yumshatish fazasiga o‘tildi deyishga hali erta. Asosiy stavka yarim foizga pasaygani bilan, yetarlicha qattiqlik xususiyatini saqlab qoladi.
Nurmurodovning so‘zlariga ko‘ra, almashuv kursi barqarorlashishida bir tomondan eksport va import ko‘rsatkichlari muvozanatlashayotgani, boshqa tomondan O‘zbekistonga yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli oshgani muhim o‘rin tutgan. Xususan, birinchi yarim yillikda xorijdan pul o‘tkazmalari miqdori Markaziy bank prognozidan ikki barobar ko‘p – 6,5 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 25 foizga ko‘p. AQSh, Germaniya, Polsha va Koreyadan o‘tkazmalar miqdori sezilarli oshgan. Rossiyaning ulushi esa jami o‘tkazmalar tarkibida 77 foizgacha tushgan. Bu – mehnat migratsiyasining geografiyasi o‘zgarishda davom etayotganidan darak beradi.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga migrantlar oqimi oxirgi 10 yildagi eng past darajaga tushib ketgan. Bu oqimning kamayishi nafaqat urush va uning iqtisodiy oqibatlari, balki “Krokus” terakti, migrantlarga nisbatan ko‘payib borayotgan taqiqlar va ularda Rossiyadan boshqa variantlar ham paydo bo‘layotgani bilan bog‘liqligi aytilmoqda.
Deputatlar – infoqalloblarga qarshi
O‘zbekistonda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan treningchilar faoliyati to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Deputatlarning aytishicha, bu qonun asosida, “oson boyib ketishni o‘rgataman” deganga o‘xshash va’dalar bilan turli vebinar va seminar-treninglarni sotayotgan shaxslarning faoliyati tartibga solinadi. Qonunchilikka “ma’rifiy faoliyat” degan tushuncha kiritilib, bunday faoliyat bilan shug‘ullanishi man etilgan shaxslar doirasi belgilanadi. Ya’ni firibgarlik va boshqa qator turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga seminar-treninglar o‘tish taqiqlanadi.
Ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shakllari, talablari va shartlari qonun bilan emas, hukumat qarori bilan belgilanishi kutilyapti. Belgilangan talablarni buzgan shaxslar 3 mln 400 ming so‘mgacha miqdorda jarimaga tortiladi.
Shu hafta deputatlar Senatga yuborgan yana bir qonun ham shu yo‘nalishga yaqin, aniqrog‘i psixologlar va o‘zini psixolog deb atovchilarga daxldor. “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun psixologlar faoliyatiga byurokratik talablarni, xususan faqat sertifikat asosida ishlash talabini kiritadi, shuningdek, psixologiya yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarning psixolog bo‘lib ishlashini cheklaydi. Bunday shaxslar xususiy tartibda ruhshunos bo‘lib ishlamoqchi bo‘lsa, davlatga qarashli ta’lim tashkilotlarida qayta tayyorlovdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Sertifikati yo‘q shaxslarga o‘z xizmatlarini reklama qilishda “psixolog” so‘zidan foydalanish taqiqlanadi.
27 oktyabrda – saylov
Roppa-rosa 3 oydan keyin O‘zbekistonda deputatlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 2016 yildan keyingi davrdagi ikkinchi shunday saylovlar, kutilganidek, 27 oktyabrga belgilandi. Juma kuni bu haqda ma’lum qilgan Markaziy saylov komissiyasi, saylov kampaniyasi boshlanganini ham e’lon qildi. Yangi shakllanadigan parlament tarkibi – Oliy Majlisning beshinchi chaqirig‘i bo‘ladi va u 2030 yilgacha davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi bo‘g‘inini amalga oshiradi.
Bu safargi saylov birinchi marta aralash, ya’ni majoritar-proporsional tizimda o‘tadi. Bunda parlament deputatlaridan 75 nafari majoritar tizim asosida, ya’ni saylovchilarning aniq shaxslarga ovoz berishi yo‘li bilan, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim bo‘yicha, siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanadi. Senatning yangi shakllanadigan a’zolari soni 100 nafardan 65 nafarga kamayadi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari mahalliy kengashlar rahbarligidan olinib, kengashlarga raislar saylanishi ham ko‘zda tutilgan. Hokimlar saylovi esa bo‘lmaydi.
YHXXning yangi boshlig‘i ashaddiy qoidabuzarlarga qarshi kurashmoqchi
Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yangi tayinlangan boshlig‘i Sherzod Ibragimov aholiga murojaat bilan chiqdi. U o‘z murojaatida yo‘llarda eng avvalo piyodalar, jamoat transportlari va velosipedlarga ustuvorlik berilishi, ashaddiy qoidabuzar haydovchilarga qarshi murosasiz kurash olib borilishiga va’da berdi.
“Avariyalarning asl omillarini ilmiy jihatdan o‘rganish va kompleks bartaraf etish, ta’lim muassasalari oldi, hodisalar o‘choqlari va piyodalar o‘tish joylarida ishonchli, xavfsiz tizimni yaratish, shuningdek, ashaddiy huquqbuzarlarga qarshi murosasiz kurashish – bizning dolzarb vazifamizga aylanadi”, – dedi YHXXning yangi boshlig‘i.
Tizim rahbarining o‘zgarishi yo‘llardagi vaziyat ham yaxshi tomonga o‘zgarishiga olib keladi, deb umid qilib qolamiz. Ro‘y berayotgan avariyalarning soni va dahshati ahvol o‘ta og‘irligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Sherzod Ibragimov murojaat bilan chiqish qilgan kuni ham, 2024 yilning eng qonli avariyalaridan biri ro‘y berdi. Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida Lacetti va Cobalt to‘qnashuvi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi. Rasmiy xabarga ko‘ra, fojiaga 30 yoshli Lacetti haydovchisining boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketishi va 23 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Cobalt bilan to‘qnashishi sabab bo‘lgan. Oqibatda 3 kishi voqea joyida, yana 5 kishi shifoxonada vafot etgan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Oliygohlarga kirish uchun davlat imtihonlari yakuniga yetdi. Testlarda 737 ming abituriyent qatnashdi va ularning yarmi testdan yiqildi: statistikaga ko‘ra, imtihon topshirganlarning 47 foizi o‘tish balli, ya’ni maksimal ballning 30 foizini ham to‘play olmagan. Eng yuqori o‘rtacha ballarni Buxoro viloyati, Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatidan qatnashgan abituriyentlar qo‘lga kiritgan. Bilim darajasi eng kam abituriyentlar uchligi esa sirdaryolik, qoraqalpog‘istonlik va andijonlik yoshlardan iborat bo‘ldi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya jamoasi Olimpiadadagi debyut ishtirokini boshladi. 24 iyul kuni bo‘lib o‘tgan ilk o‘yinda jamoamiz Ispaniyaga 2:1 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, o‘yin sifati bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistonning Olimpialardagi ilk goliga penaltidan Eldor Shomurodov mualliflik qildi. Ikkinchi o‘yin esa katta ehtimol bilan ushbu dayjest e’lon qilinadigan soatlarga to‘g‘ri keladi, unda Temur Kapadze shogirdlari Misrga qarshi maydonga tushadi.
UzAuto Motors Chevrolet Lacetti avtomobilini ishlab chiqarishni to‘xtatganini e’lon qildi. Millionlab o‘zbekistonliklarning orzusiga aylangan Lacetti'ning eng oxirgisi tantanali ravishda konveyerdan chiqarilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, UzAuto 2013-2024 yillar davomida jami yarim millionga yaqin Gentra ishlab chiqargan. Shunga qaramay, bu modelning mahalliylashtirish darajasi juda pastligicha qolayotgan, aksariyat detallari import qilib kelinayotgan edi.
Kelasi yildan fuqarolarning ayrim toifalariga ijtimoiy kartalar taqdim etiladi. Prezident qaroriga ko‘ra, 1 apreldan boshlab bosqichma-bosqich o‘quvchilar, talabalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va urush qatnashchilarining qog‘oz shakldagi guvohnomalari bekor qilinib, ularga ijtimoiy kartalar beriladi. Bu kartalar ham guvohnoma o‘rnini bosadi, ham berilgan imtiyozlardan foydalanishni avtomatlashtiradi. Shuningdek, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab, pul shaklida beriladigan yordamlarning boshqa bir qator turlari ham ijtimoiy kartalar orqali taqdim etiladigan bo‘ladi.
Oliy sud gaz va svet bo‘yicha ijtimoiy normadan shikoyat qilgan fuqaroning arzini ko‘rib chiqmadi. Fuqaro oyiga 200 kWh va 100-500 kubgacha belgilangan ijtimoiy normalar haqidagi hukumat qarorini bekor qilishni so‘rab, Oliy sudga murojaat qilgan edi. Sudya uning arizasini ish yurituviga qabul qilishni rad etgan. 23 iyul kuni Oliy sud apellyatsiya instansiyasi ham bu ajrimni o‘zgarishsiz qoldirdi. Sudlar kiritilgan arizani ma’muriy sudga ham, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga ham, iqtisodiy sudga ham taalluqli emas deb topdi. Arizachi endilikda Konstitutsiyaviy sudga shikoyat qilmoqchi.