“Tibbiyot muassasalariga xizmat ko‘rsatuvchi markaziy laboratoriyalarni tashkil qilish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024 yil 1 sentabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri tibbiyot birlashmasi, Sirdaryo viloyati Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi hamda Toshkent shahri Yashnobod tumani uchun “Toshkent shahar diagnostika markazi” tarkibida yuridik maqomga ega bo‘lmagan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga laboratoriya xizmatlari ko‘rsatuvchi markazlashgan laboratoriyalarni tajriba-sinov tariqasida tashkil etish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Tajriba-sinov doirasida:
- markazlashgan laboratoriyalarda hududdagi barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga biriktirilgan aholiga yo‘llanma asosida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida bepul xizmat ko‘rsatiladi;
- oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda hamda Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada aholidan biomateriallarni qabul qilish (olish va yig‘ish) xonalari tashkil etiladi;
- yig‘ilgan biomateriallar maxsus jihozlangan avtotransport vositalarida markazlashgan laboratoriyalarga yetkaziladi;
- markazlashgan laboratoriyalarda aniqlangan tahlillar natijasi biomateriallar qabul qilingan tibbiyot muassasalariga elektron axborot tizimi orqali jo‘natiladi.
Markazlashgan laboratoriyalarda:
- kafolatlangan paket doirasida ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi;
- tibbiyot muassasasiga biriktirilmagan, shifokor (yoki hamshira) yo‘llanmasi mavjud bo‘lmagan aholiga hamda kafolatlangan paket doirasiga kiritilmagan tibbiy xizmatlar bo‘yicha laboratoriya xizmatlari pulli asosda ko‘rsatiladi;
- boshqa davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlariga shartnoma hamda tegishli to‘lovlar asosida laboratoriya xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi.