G‘arbning ayrim mamlakatlari o‘z qo‘shinlari yoki xususiy harbiy kompaniyalarini Ukrainaga yuborish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda fransuzlarning Le Monde nashri o‘z manbasiga tayanib xabar bergan.
Bu mavzudagi muhokamalar AQShda Vashingtonning Kiyevga yordamini to‘xtatishi mumkin bo‘lgan Donald Tramp prezidentlikka saylanishi fonida boshlandi.
Le Monde joriy yil fevralida, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron g‘arb qo‘shinlari Ukrainaga yuborilishi ehtimoli to‘g‘risida ochiq gapirganida, bu ayrim davlatlar, birinchi navbatda Germaniyaning «kuchli qarshiligi»ga uchraganini eslatgan. So‘nggi haftalarda bunday muhokamalar tiklangan — xususan, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kira Starmerning Fransiyaga tashrifi vaqtida bu mavzu muhokama qilingan.
«Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasida mudofaa sohasidagi hamkorlik bo‘yicha, jumladan, Yevropada Ukrain va umuman Yevropa xavfsizligiga yo‘naltirilgan ittifoqchilarning zarbdor kuchini yaratish maqsadidagi muzokaralar olib borilmoqda», — degan nashrga britaniyalik harbiy manba.
Gazeta shuningdek, yaqinda Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro BBC News uchun intervyusida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasida «qizil chiziqlar» yo‘qligini aytganini eslatgan. U harbiy harakatlarga Fransiya harbiylari ham jalb etilishi ehtimoli haqidagi savolga shunday javob qaytargandi: «Biz hech qaysi variantni inkor qilmayapmiz».
«Ukrainani qancha kerak bo‘lsa shuncha intensiv va uzoq qo‘llab-quvvatlaymiz. Nima uchun? Chunki xaritaga bizning xavfsizligimiz qo‘yilgan. Rossiya armiyasi har safar bir kvadrat kilometrga siljiganida, Yevropaga xavf ham bir kilometr kvadratga yaqinlashadi», — degan Barro.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Le Monde materialiga munosabat bildirarkan, Kremldagilar bu qanchalik haqiqatga mos kelishidan bexabar ekanini bildirgan.
«Ilgari ham Yevropaning turli poytaxtlarida bunday fikrlar yangragandi. Ammo bu g‘oyani yoqlamaydigan turli qarshi aksilrargumentlar ham bor edi. Yevropaliklarda bu borada yakdil fikr bo‘lmasa ham, qandaydir qizigan boshlar ko‘rinish bermoqda», — deya uning so‘zlarini keltiradi «Mayak» radiosi.
2024 yil fevrali oxirida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa mamlakatlari Ukrainaga qo‘shin yuborishi mumkinligini aytgandi. U Yevropa mamlakatlarida «ayni bosqichda» qo‘shin yuborish borasida konsensus yo‘qligini ta’kidlagan. O‘z navbatida, o‘sha vaqtda NATO bosh kotibi lavozimida bo‘lgan Yyens Stoltenberg «Ukrainada NATO jangovar bo‘linmalarini joylashtirish bo‘yicha hech qanday reja yo‘qligi»ni aytgandi. May oyida Makron yana bir bor g‘arb qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish mavzusiga to‘xtaldi. «Agar ruslar front chizig‘ini yorib o‘tadigan bo‘lsa, agar Ukraina iltimos qilsa — bugungi kunda bunday so‘rov yo‘q — biz qonuniy asosda [qo‘shin yuborish haqidagi] bu savolni o‘zimizga berishimiz kerak bo‘ladi. Shuning uchun men o‘ylaymanki, bu apriorini istisno qilish — so‘nggi ikki yillikdan xulosa chiqarmaslik bo‘ladi», — degandi u.