Toshkentdagi Taras Shevchenko ko‘chasining bir qismi bir oy muddatga barcha turdagi transport harakati uchun yopiladi. Bu haqda Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Mirobod tumani Taras Shevchenko ko‘chasida 24/7 rejimda faoliyat yurituvchi ko‘ngilochar (gastronomik) ko‘chani tashkil etish bo‘yicha ishlarning ikkinchi qismi jadal davom etmoqda.
Ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan 27 noyabrdan Taras Shevchenko ko‘chasining (94-umumta’lim maktabidan) Said Baraka ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan 200 metr qismi 2024 yilning 25 dekabr sanasiga barcha turdagi transport harakati uchun yopiladi.
«Haydovchilarga vaqtincha aylanma yo‘llardan foydalanishni tavsiya qilamiz. Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», — deyiladi xabarda.
Oktabr oyida mazkur gastronomik ko‘cha bo‘ylab 6 ta fotozona barpo etilgani, 39 ta kichik va 17 ta katta torsherlar o‘rnatilgani, 1 ta avtobus bekati qurilgani, 39 ta videokuzatuv kameralari va yuzni tanish tizimlari, 20 ta o‘rindiq va chiqindi qutilari o‘rnatilgani hamda WI-FI tarqatish tizimlari montaj qilingani to‘g‘risida xabar berilgan edi.