Turkmaniston va O‘zbekiston hududida joylashgan Sariqamish ko‘lining maydoni so‘nggi olti yil ichida 170 kvadrat kilometrga qisqardi. Bu haqda Meteojurnal nashri sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganish natijalariga asoslanib xabar berdi.
Mutaxassislar 2018 yil iyul va 2024 yil iyul oyidagi suratlarni solishtirdi. Bu vaqt ichida ko‘lning maydoni 4110 dan 3940 kvadrat kilometrgacha, ya’ni 4 foizga kamaygan.
Sayozlikning sababi 2021-2023 yillardagi kuchli qurg‘oqchilik ekani aytilmoqda. Bu yillarda Amudaryo oqimi qisqardi, Sariqamish ko‘lini to‘ldiruvchi drenaj suvining miqdori aynan unga bog‘liq. Havo haroratining oshishi ham ta’sir qilgan, chunki bu bug‘lanish miqdorini ko‘paytiradi.
Sariqamish ko‘lining to‘rtdan uch qismi Turkmanistonda, to‘rtdan biri esa O‘zbekistonda joylashgan. Ko‘lning muhim qismi Qoplonqir qo‘riqxonasi tarkibiga kiradi. Bu yerda suv faunasining 36 turi va qushlarning 90 dan ortiq turi yashaydi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tarix davomida ushbu suv havzasi hajmini bir necha bor o‘zgartirgan, ba’zan esa butunlay yo‘q bo‘lib ketgan. O‘zining zamonaviy ko‘rinishida ko‘l 1960 yillarning boshida shakllana boshlagan, yangi yerlarning o‘zlashtirilishi natijasida Sariqamish tubiga kollektor va drenaj suvlari oqimi ko‘paygan. 1977 yilda ko‘lning maydoni 1500 kv.km., 1985 yilda esa 3200 kv.km.ga teng edi.
Qayd qilinishicha, hududning 4 foizga qisqarishi juda muhim emas, ammo xavotirli.