Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengash deputatlari saylovidagi jarayonlarning 75 foizi raqamlashtiriladi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, buning uchun “e-saylov” axborot tizimi ishlab chiqilgan, unda katta ma’lumotlar jamlanadi.
Barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, ularning saylov jarayonlari ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatlar to‘liq mazkur tizimga muvofiqlashtiriladi, bu bilan saylov targ‘ibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarf va hujjatlar xarajati qisqaradi. Qo‘chqorovga ko‘ra, jarayonda 8 tonna qog‘oz, shunga muvofiq 5 mlrd so‘mlik xarajatning oldi olinadi.
Ta’kidlanishicha, “e-saylov” axborot tizimi orqali saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan deyarli 60 turdagi munosabatlari to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi.
Unda 400 mingga yaqin saylov jarayoni ishtirokchilari, jumladan saylov komissiyalari a’zolari, deputatlikka nomzodlar, kuzatuvchilarga oid katta ma’lumotlar bazasi shakllanadi. Axborot tizimidan 32 ming nafar saylov jarayoni ishtirokchilari professional tarzda foydalanishadi. Foydalanuvchilar bilan 40 turdagi SMS-xabarnomalar orqali muloqot o‘rnatiladi.
Tizimda saylovchilar va saylov uchastkalariga oid statistik ma’lumotlarni olish, barcha turdagi saylovlar bo‘yicha deputatlikka nomzodlar haqida axborotga ega bo‘lish, interaktiv xaritalarda deputatlikka nomzodlar va ularning tarjimai holi bilan tanishish imkoni bor.