Noqonuniy ovchilik bilan shug‘ullangan qariyb 300 kishi jarimaga tortildi

O‘zbekiston 09:44 / 25.07.2024 2946

Hududlarda o‘tkazilgan reyd tadbirlarida noqonuniy ov bilan shug‘ullanish holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Nazorat tadbirlarida Ovchi va baliqchilar sport birlashmasining Andijon, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari bo‘linmalari ov yo‘llanmalarining to‘liq qaytarilishini nazoratga olmagani ma’lum bo‘lgan. Xususan, ovchilar tomonidan 2020−2022 yillar davomida jami 9690 ta ov yo‘llanmalari qonunga zid ravishda foydalanilganidan so‘ng qaytarilmagan.

Buning oqibatida ov yo‘llanmalaridan takroriy foydalanish hamda noqonuniy ov qilishga sharoit yaratib berilgan.

Fuqarolardan kelib tushgan ko‘p sonli murojaatlar asosida Sirdaryo viloyati ov xo‘jaligining ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomasi amal qilish muddati 2022 yil 31 dekabrda tugagan bo‘lsa-da, xo‘jalik tomonidan 2023 yil davomida 25 ming bosh hayvonlarni ovlash uchun noqonuniy yo‘llanmalar sotilgan.

«Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunning 23-moddasi talablariga zid ravishda 20 ta holatda mazkur xo‘jalik tomonidan sotilgan ruxsatnoma asosida ovchilar tomonidan taqiqlangan muddatlarda 49 ta yovvoyi qush ovlangan.

2023 yildagi nazorat tadbirlarida respublika bo‘yicha ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish bilan bog‘liq jami 997 ta holat aniqlangan va 995 nafar shaxsga nisbatan 1,7 mlrd so‘mlik choralar ko‘rilgan.

2024 yilning I va II choraklarida ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish bilan bog‘liq 287 ta holatda 298 nafar shaxsga nisbatan 957 mln so‘mlik jarima belgilangan.

Qonun buzilishi holatlari bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga materiallar taqdim etilgan bo‘lib, bugungi kunda huquqiy baho berilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: