Xorazm viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari va tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiya amaliy tashrif bilan Hindistonda bo‘ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Mamlakat elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan tashrif dasturi doirasida delegatsiya a’zolari Dehli shahri, Karnataka va Tamilnadu shtatlarida samarali muzokaralar o‘tkazib, ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirishga qaratilgan memorandumlar imzoladi.
Xorazm viloyati vakillari va hindistonlik hamkorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan 50 dan ortiq uchrashuv, muzokaralar va taqdimot marosimlarida mamlakat oliy ta’lim sohasining ulkan salohiyati, yoshlarning zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallashi uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida batafsil so‘zlab berildi. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik ko‘lamiga alohida e’tibor qaratilib, birgalikda yangi qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Hindiston ta’lim vazirining o‘rinbosari Sanjay Murti, Axborot texnologiyalari va elektronika vazirligi AKT departamenti boshlig‘i Sushil Pal bilan muloqotlar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim va axborot texnologiyalari sohasida izchil rivoj topib borayotgan faol sheriklikning bugungi holati va istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi. Xorazmda axborot texnologiyalari markazlarini yaratish jarayoniga Hindistonning ilg‘or oliy bilim yurtlarini jalb qilish, ularning boy tajribasini viloyat universitet va institutlarida tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Javaharla’l Neru va Amiti universitetlari, Dehli va Madras shaharlaridagi Hindiston texnologiya instituti, Acharya institutlar guruhi, Vellor texnologiya institutida o‘tkazilgan amaliy muzokaralar chog‘ida mazkur yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, Amiti universiteti bilan hamkorlikda Xorazm viloyatida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan oliy bilim yurtini tashkil etish bo‘yicha loyiha o‘rganib chiqildi, Vellor texnologiya instituti delegatsiyasining Xorazmga tashrifini uyushtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.