Janubiy Koreya apellyatsiya sudida prokurorlar Samsung Electronics prezidenti Li Chjye Yonni aksiyalarni manipulyatsiya qilish va shu’ba kompaniyalarni birlashtirishda firibgarlikka yo‘l qo‘yganiga oid ayblovlar bilan jazoga tortishga urinmoqda, deb xabar beradi Reuters.
Janubiy Koreya prokuraturasi shu’ba kompaniyalarining qo‘shib yuborilishi bo‘yicha bahsli ishni ko‘rib chiqayotgan apellyatsiya sudi doirasida Li Chjye Yon uchun besh yillik qamoq jazosini so‘radi. Ayblov versiyasiga ko‘ra, ushbu jarayon Li Yonning korporatsiya ustidan nazoratini kuchaytirishga xizmat qilgan.
Fevral oyida Seul sudi Li Chjye Yonni buxgalteriya hisobotidagi firibgarliklar va aksiyalarni manipulyatsiya qilish ayblovida oqlagan, ammo prokuratura apellyatsiya bergan edi.
Prokurorlar Lining harakatlari aksiyadorlarga zarar yetkazgani va korporativ shaffoflikka oid qonunlarni buzganini ta’kidlab, oqlov hukmi qayta ko‘rib chiqilishini talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Samsung asoschisining nabirasi Li Chjye Yon 2017 yilda mablag‘larni talon-toroj qilish, pora berish va yolg‘on ko‘rsatma berishda ayblanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 2018 yil fevralda Seul oliy sudi Li Chjye Yonning apellyatsiyasini ko‘rib chiqib, qamoq jazosini shartli jazoga o‘zgartirgan. Shundan keyin u ozodlikka chiqarilgan.
Biroq 2021 yil yanvarida sud Li Chjye Yonni Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Pak Kin Xega pora berishda ayblab, 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. O‘sha oyda Janubiy Koreya oliy sudi Pak Kin Xeni 20 yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqargandi. Shunga qaramay, Li Chjye Yon prezident afvi sabab Samsung rahbarligida qolgan.