Tegishli malakaga ega bo‘lmay turib psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun javobgarlik belgilanadi

O‘zbekiston 07:34 / 24.07.2024 3277

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari, standartlari aniq belgilanmoqda. Shuningdek, psixologik yordam ko‘rsatish sohasi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalari, ta’lim tashkilotlarida psixologik yordam ko‘rsatish, ushbu sohada tadqiqot va ilmiy tajribalar o‘tkazish masalalari, psixologik yordam ko‘rsatishni rad etish yoki to‘xtatish asoslari nazarda tutilmoqda. Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional assotsiatsiyalar faoliyatining huquqiy asoslari yaratilmoqda.

Psixologiya yo‘nalishidan boshqa oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanishdan avval psixologiya mutaxassisligi uchun qayta tayyorlovdan o‘tishi kerakligi belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan yoxud aholiga psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha qonunlarda belgilangan cheklovlarga rioya etmagan holda psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun javobgarlikni belgilovchi alohida modda bilan to‘ldirilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Ko‘proq yangiliklar: