Prezident Shavkat Mirziyoyevning 18 iyuldagi turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoniga asosan O‘zbekiston uchun yangi milliy turizm brendi ishlab chiqiladi.
Yangi brend yaratishdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targ‘ib qilish, sayohat va dam olish uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini yanada mustahkamlashdan iborat.
Turizm qo‘mitasiga 1 oktyabrgacha uni yaratish uchun tanlov o‘tkazish topshirildi.
Birinchi global sayyohlik mediakampusining ishga tushirilishi Xalqaro turizm kunida (27 sentabr) bo‘lishi mo‘ljallanmoqda.
2024−2025 yillarda auditoriyasi 10 milliondan ortiq bo‘lgan 50 nafargacha xorijiy jurnalist, bloger, vloger va inflyuenserlarni jalb qilish reja qilinmoqda.
2025 yil 1 yanvardan kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi bo‘lgan 3 kundan kam bo‘lmagan biznes tadbirlarni O‘zbekiston hududida tashkil qilgan tadbirkorlar 2028 yil 1 yanvargacha ushbu biznes tadbirlarni tashkil qilishdan olingan daromaddan olingan foyda solig‘ini ushbu soliq bo‘yicha belgilangan soliq stavkasiga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi.