19 iyul kuni dunyo bo‘ylab Windows operatsion tizimida ishlovchi 8 milliondan ortiq kompyuter texnik-dasturiy xatoga yo‘liqdi. Natijada minglab aviareyslar kechikdi, banklar faoliyati to‘xtab qoldi, televideniyeda uzilishlar bo‘ldi. Kun.uz muxbiri IT va startaplar bo‘yicha mutaxassis Jamshid Xoliqulov bilan tarixdagi eng yirik uzilish va bu borada O‘zbekistondagi vaziyat haqida suhbatlashdi.
Xoliqulovning tushuntirishicha, global uzilishning ro‘y berishiga Microsoft kompaniyasining aloqasi yo‘q. Shu kuni Windows tizimlarida kiberxavfsizlikni ta’minlovchi CrowdStrike kompaniyasi o‘zining operatsion tizimlardagi xavfsizlik dasturlariga xatosi bor yangilanishni tarqatgan.
“Rossiya, O‘zbekiston kabi davlatlarda uzilish bo‘lgani yo‘q. Sabablari juda ko‘p, lekin asosiylaridan biri – bizda aksariyat odamlar ana shu dasturlarning ko‘chirma yoki litsenziyasiz variantlaridan foydalanib kelishadi. Chunki bu pul, moliyaviy tomonga borib taqaladi. Hattoki, davlat tashkilotlarida ham shunday. Bizga ta’sir qilmadi, deya xursandmiz, lekin bu juda yomon. O‘zbekiston biror dastur ishlab chiqib, xorijga sotganda buni tushunadi”, – deydi mutaxassis.
Dunyo aholisi 8 milliardga yaqinlashayotgan ekan, IT mahsulotlari va umuman elektron qurilmalardan foydalanuvchilar soni 5 milliarddan ko‘p. Bu statistika oshib bormoqda. Demak, dunyo va insoniyat borgan sari axborot-kommunikatsion texnologiyalarga bog‘lanib qolmoqda.
“Biz texnologiya asriga kirib bo‘ldik. Dunyo davlatlarining IT'ga sarflaydigan puli 5 trln dollardan oshibdi, bu har yili yana ko‘payib bormoqda. Keyingi yillarda 6-7 trln dollar bo‘lishi kutilmoqda. Demak, AKT inson hayotida misli ko‘rilmagan darajada o‘rin egallab bo‘lgan”, – deya qo‘shimcha qiladi Jamshid Xoliqulov.
Ma’lumot uchun, ro‘y bergan uzilish shaxsiy kompyuterlarga deyarli ta’sir ko‘rsatmadi, chunki CrowdStrike'ning kiberxavfsizlikka oid dasturiy mahsulotidan asosan tashkilotlar foydalanadi. Voqea kiberhujum emasligi tufayli, dunyo miqyosida soha ekspertlari va investorlar texnik xatolik ehtimollarini bundan-da minimallashtirish zarurati keng muhokama qilinmoqda.