24 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 21:35 / 24.07.2024 7041

Prezidentning tug‘ilgan kuni, yangi turizm brendi uchun tanlov, joriy etilishi kutilayotgan ijtimoiy kartalar, psixologik xizmat sohasi tartibga solinadi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Prezident tavallud topgan kun

Bugun prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tug‘ilgan kuni. Prezident 67 yoshni qarshiladi.

Prezidentimiz nomiga turli davlat va hukumat rahbarlari nomidan tabriknomalar kelib turibdi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari sovg‘alarni qabul qilmasligi, o‘zining tug‘ilgan kuni ishda bo‘lishi va oqshomni oila davrasida kamtarona o‘tkazishini ma’lum qildi. Shuningdek, xorijiy mamlakatlar liderlari bilan telefon orqali muloqot rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Yangi milliy turizm brendi

O‘zbekiston uchun yangi milliy turizm brendi yaratiladi. Turizm qo‘mitasiga 1 oktyabrgacha uni yaratish uchun tanlov o‘tkazish topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 18 iyuldagi turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoniga asosan O‘zbekiston uchun yangi milliy turizm brendi ishlab chiqiladi.

Yangi brend yaratishdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targ‘ib qilish, sayohat va dam olish uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini yanada mustahkamlashdan iborat.

Birinchi global sayyohlik mediakampusi 27 sentabr — Xalqaro turizm kunida ishga tushirilishi mo‘ljallanmoqda.

2024−2025 yillarda auditoriyasi 10 milliondan ortiq bo‘lgan 50 nafargacha xorijiy jurnalist, bloger, vloger va inflyuenserlarni jalb qilish reja qilinmoqda.

Klasterlarga yangi imtiyozlar

Prezident farmoni bilan Paxta-to‘qimachilik klasterlarini moliyaviy sog‘lomlashtirishga qaratilgan choralar belgilandi.

Jumladan, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kredit resurslari hisobidan 2023 yilgi paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlari uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlarni 2024 yil 1 dekabrgacha to‘liq qaytargan klasterlarga ushbu kredit bo‘yicha foiz to‘lovlari (bank marjasidan tashqari) 2025 yil 1 yanvarga qadar jamg‘arma hisobidan qaytarib beriladi;

Bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan va sotib olish qiymatining 35 foizi va undan yuqori qismi to‘langan paxta tozalash zavodlari va paxta qabul qilish maskanlarini jalb etiladigan kredit bo‘yicha mulkiy majmua sifatida garovga qo‘yishga ruxsat beriladi.

Tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” AJning mulkiy majmualarini sotib olish bo‘yicha klasterlar bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalarida belgilangan to‘lov grafigi bo‘yicha qarzdorliklar muddati 1 yilga uzaytiriladi.

Ijtimoiy kartalar joriy etiladi

Kelgusi yilning II choragidan nogironligi bo‘lgan shaxs, talaba yoki urush qatnashchisining holatini tasdiqlash ijtimoiy karta orqali bo‘ladi, tegishli guvohnomalarning qog‘oz shakli bekor qilinadi.

Bu “Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident qarorida ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra 2025 yil 1 apreldan bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, o‘quvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash, bu holda nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, o‘quvchilar guvohnomalari, urush qatnashchilari yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar guvohnomalarining qog‘oz shakli ijtimoiy kartaga almashtirish orqali bekor qilinadi.

2025 yil 1 oktyabrdan pensiya oluvchilarga o‘z xohishiga ko‘ra yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganligi bo‘yicha pensiyalarni ijtimoiy karta orqali olish huquqi beriladi.

Psixologlar sohasi tartibga solinadi

Mo‘may pul topish maqsadida turli onlayn va oflayn psixologik kurslar va treninglar nihoyat tartibga solinadigan bo‘ldi. Endi tegishli malakaga ega bo‘lmay turib psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun javobgarlik belgilanadi. Psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanishdan avval psixologiya mutaxassisligi uchun qayta tayyorlovdan o‘tish kerakligi belgilanmoqda.

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari, standartlari aniq belgilanmoqda. Shuningdek, psixologik yordam ko‘rsatish sohasi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalari, ta’lim tashkilotlarida psixologik yordam ko‘rsatish, ushbu sohada tadqiqot va ilmiy tajribalar o‘tkazish masalalari, psixologik yordam ko‘rsatishni rad etish yoki to‘xtatish asoslari nazarda tutilmoqda. Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional assotsiatsiyalar faoliyatining huquqiy asoslari yaratilmoqda.

Psixologiya yo‘nalishidan boshqa oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanishdan avval psixologiya mutaxassisligi uchun qayta tayyorlovdan o‘tishi kerakligi belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan yoxud aholiga psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha qonunlarda belgilangan cheklovlarga rioya etmagan holda psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun javobgarlikni belgilovchi alohida modda bilan to‘ldirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: