“Bolalar piyoda 5-10 daqiqada yetib bora oladigan masofada, har qadamda ular uchun mos shinam kutubxonalar bo‘lishi kerak. Bola bu kutubxonada nafaqat o‘qishi, o‘ynashi, hatto uxlashi mumkin bo‘lsin. Qimmat kitobni sotib ololmaydigan bola shu yerda istagan barcha kitobini olib o‘qiy olishi kerak”, deydi bolalar yozuvchisi Dinara Mo‘minova.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni kitobga qiziqtirish bo‘yicha mutaxassis, bolalar yozuvchisi Dinara Mo‘minova Kun.uz bilan suhbatda bolalar adabiyoti qanday bo‘lishi kerakligi, bolalarga qanday kitoblar taklif qilish lozimligi, ularni ekranga emas, kitoblarga qiziqtirish usullari haqida gapirib bergandi.
Dinara Mo‘minova kichik yoshdagi bolalarni kitobxon qilishda o‘zi ayni paytda yashab turgan Janubiy Koreya davlati tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekiston hukumati qanday ishtirok etishi kerakligi haqida ham takliflar berib o‘tdi.
“Bolalar kitobi qimmat turadi”
Bolalar kitoblari butun dunyoda kimmat turadi. Janubiy Koreyada ham o‘rtacha narxdagi bolalar kitobi – 10 dollar. Bu Koreya sharoitida ham arzon narx emas. Shuning uchun Koreya hukumati bolalar kitobxonligini oshirish uchun alohida dastur ishlab chiqqan.
“Bolalar uchun telefonning xavfi mashina urib ketishidan kam emas” – bolalar yozuvchisi bilan suhbat
1996 yilda Koreyada bolalar adabiyotini keskin rivojlantirish harakatlari boshlanadi. Bunda har bir uydan 5-10 daqiqada yayov borish mumkin bo‘lgan masofada bolalar kutubxonalari ochiladi. Albatta, ular kichik va shinam bo‘ladi. Agar bola o‘ziga yoqqan Koreyada nashr etilgan istalgan biror kitobni topa olmasa, buyurtma berishi mumkin. Va buyurtma asosida bolaga shu kitob tekinga yetkazib beriladi. Har bir bola shunday tarzda kutubxonaga borishi va u yerda kitob o‘qishi, o‘ynashi mumkin.
Bundan tashqari, tuman va shahar miqyosidagi katta kutubxonalar ham bor.
Bola bu kutubxonalarda o‘qishdan tashqari shunchaki uxlashi ham mumkin. Kutubxona mana shunday yo‘l-yo‘lakay, bolalar piyoda bora oladigan masofada bo‘lishi kerak. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Koreyada bolalar kitobxon. Ular qimmat kitobni sotib ololmagan taqdirda ham kutubxonaga borib istalgancha foydalanishi mumkin.
Har qadamda kutubxona bo‘lishi kerak
O‘zbekistonda juda chiroyli mahallalar bor, ularda qasr kabi uylar ko‘p, biroq kutubxonalarni uchratish qiyin. Lekin Respublika bolalar kutubxonasi darajasidagi kutubxonalar har qadamda bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, Respublika bolalar kutubxonasi har qanday talabga javob beradigan qilib qurilgan va jihozlangan, lekin u yerga yetib borish uchun bolalar avtobusga chiqib 1 soat yo‘l bosib borishi o‘zlariga ham, ota-onalarga ham noqulay.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda kutubxona qurishni ommalashtirish kerak. Uy majmuasi quradigan tadbirkorlar majmuadagi sharoitlarni reklama qilganda hech biri “Mana bizning turar-joy majmuamizda shunday kitoblar bor”, deb reklama qilganini ko‘rmaganman. Kutubxona deganda shunchaki bir nechta javonlar qo‘yilgan burchakni emas, haqiqiy shinam kutubxonani nazarda tutdim.
Mana shunday muhitda bolalarimizda kitob ushlash madaniyatini shakllantirsak, ular ko‘p narsaga erishadi. Albatta, bolalarimizning hammasi a’lochi bo‘lishi shart emas. Ikkichi bola ham o‘ziga yoqadigan kitobni topa olsin. Mayli, tramvay haydashsin, hunarmand bo‘lishsin, ziyoli bo‘lishsin, lekin kitob o‘qishsin. Bolalarning kitob o‘qishi umumiy xalq ziyoli bo‘lishi uchun muhim.
Bunda davlatning ishtiroki kutubxonalar ko‘p bo‘lishida va dotatsiyada ko‘rinadi. Xuddi san’at singari bolalar adabiyoti dotatsiyasiz ham rivojlana olmaydi. Bu soha shundayki, u zavod va do‘konlar singari katta moddiy foyda keltirmasligi mumkin, lekin adabiyotning foydasi yillar o‘tib o‘zbeklar katta-katta ixtirolar qilganda, Oyga uchganda ko‘rinadi.
Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov.