“Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
2024-2025 o‘quv yilidan davlat oliy ta’lim muassasalarida turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash tizimi uch yillik oliy ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi va o‘quv jarayoni “blok-modul” tizimiga asoslangan dual ta’lim shaklida tashkil etiladi.
Bunda, o‘quv jarayonlarining nazariy va amaliy mashg‘ulotlar ulushini:
1-bosqichda – 80 foiz nazariy va 20 foiz amaliy;
2️-bosqichda – 50 foiz nazariy va 50 foiz amaliy;
3️-bosqichda – 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy bo‘lishi nazarda tutiladi.
2024 yil 1 avgustdan turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan amaliyot bazalarini (turoperator, turagent, gid-tarjimon, mehmonxona va turizm transporti xizmatlarini ko‘rsatish obektlari) belgilangan tartibda tashkil etishga ruxsat beriladi.
2027 yil 1 yanvargacha turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarining amaliyot bazalarida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun foyda solig‘i ushbu soliq bo‘yicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lanadi.