Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Unda deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ko‘rib chiqilgan.
Deputat Shahnoza Xolmahamatovaga ko‘ra, so‘nggi yillarda aholi orasida nosog‘lom ma’rifiy ishlarni amalga oshirish ko‘paygan.
“Bunday tadbirlarda aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga, madaniyatiga turli yot qarashlar, g‘oyalar va hissiyotlar singdirilmoqda. Tadbirlarning tashkilotchilari tomonidan go‘yoki ma’rifiy deb baholanadigan ko‘p sonli yig‘inlar, uchrashuvlar, o‘quv va suhbatlar maxsus bilim va tajribaga ega bo‘lmagan, asosiy maqsadi yolg‘on yo‘li bilan pul ishlash bo‘lgan soxta trenerlar va lektorlar tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.
Bunday tadbirlarda ko‘pxotinlilik, jinsiy kamsitish, feminizm, axloqiy buzuqlik, huquqbuzarliklar targ‘ib qilinib, tinglovchilar ongini manipulyatsiya qilish holatlari ham ortib bormoqda. Bunday faoliyatni to‘xtatish, taqiqlash yoki tartibga solishning hozircha imkoni yo‘q. Sababi, amaldagi qonunchilikda ma’ruza, taqdimot, seminar, mahorat darsi, kur, marafon, davra suhbati kabi shakllarda amalga oshiriladigan faoliyat turlari huquqiy jihatdan tartibga solinmagan”, – deya ta’kidlagan u.
Shahnoza Xolmahamatovaning qo‘shimcha qilishicha, aholining bunday tadbirlarga qiziqishi ortib borayotgani va ushbu sohada mehnat qilayotgan kishilarning asosiy daromad manbaiga aylanishini inobatga olgan holda ushbu sohani huquqiy tartibga solish zarur.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 59-4-modda bilan to‘ldirilib, ma’rifiy faoliyatni bunday faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatish yoxud ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik holatlari uchun javobgarlik belgilanmoqda. Ya’ni, “tez boyib ketish” va “oson pul topish yo‘llarini o‘rgataman” kabi e’lonlar bilan turli vebinar va seminar-treninglar o‘tayotgan shaxslar faoliyati tartibga solinadi.
Shuningdek, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun yangi modda bilan to‘ldirilib, unda quyidagilar belgilanmoqda:
- “ma’rifiy faoliyat” deganda, insonni shaxsiy, intellektual va ma’naviy rivojlantirish, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish, individual salohiyati, imkoniyatlari, kommunikativ qobiliyatlarini yaxshilash uchun zarur ko‘nikma va malakani shakllantirishga qaratilgan hamda davlat ta’lim standartlari bilan qamrab olinmaydigan faoliyat turi tushuniladi;
- ma’rifiy faoliyat respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi mumkin;
- ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishi taqiqlangan shaxslar doirasi belgilanmoqda;
- ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shakllari, uni amalga oshirish talablari va shartlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qonun deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilib, Oliy Majlis Senatiga yuborildi.