O‘zbekiston Kosmik fazoni tadqiq qilish bo‘yicha xalqaro shartnomaga qo‘shilishi mumkin

O‘zbekiston 13:31 / 23.07.2024 762

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida "Kosmik fazo, shu jumladan Oyni va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyati prinsiplari to‘g‘risidagi shartnomaga (London, Moskva va Vashington, 1967 yil 27 yanvar) O‘zbekistonning qo‘shilishi haqida"gi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Parlament yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunga qadar shartnomaga 114 davlat qo‘shilgan. Mazkur shartnoma kosmik fazoning huquqiy maqomi asoslarini qamrab oluvchi 17 ta moddani o‘z ichiga oladi.

Senatorlar xalqaro hujjatga mamlakat qo‘shilishi O‘zbekistonga kosmik fazoni tadqiq qilish va undan foydalanish, kosmosning barcha hududlari va osmon jismlariga erkin kirish, shuningdek, xalqaro kosmik loyihalarda, resurslar va bilimlar almashinuvida qatnashish imkoniyatlarini ochib berishini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, Kosmik fazo, shu jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyat tamoyillari to‘g‘risidagi shartnomaga qonun bilan qo‘shilish xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga asoslangan holda davlatimiz kosmik soha huquqiy tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qaror qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: