Oliy sud fuqaroning ijtimoiy norma bo‘yicha shikoyatini qabul qilmadi

O‘zbekiston 21:58 / 23.07.2024 25992

Fuqaro aholining elektr toki va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha oylik ijtimoiy normalar belgilangan Vazirlar Mahkamasi qarorini bekor qilishni so‘rab, Oliy sudga murojaat qilgan edi. Sudya uning arizasini ish yurituviga qabul qilishni rad etdi. Oliy sud apellyatsiya instansiyasi ham bu ajrimni o‘zgarishsiz qoldirdi. Arizachi Konstitutsiyaviy sudga shikoyat qilmoqchi.

O‘zbekiston Oliy sudi aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gazning oylik ijtimoiy normasini bekor qilishni so‘ragan fuqaroning arizasini ish yurituviga qabul qilmadi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, fuqaro Mardon Subhanov Oliy sudga murojaat qilib, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan va 2024 yil 1 maydan kuchga kirgan ijtimoiy normani haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

Biroq, Oliy sud sudyasining 19 iyundagi ajrimi bilan, arizani ish yuritishga qabul qilish rad etilgan. Sudyaning izohlashicha, fuqaroning arzi ma’muriy sudga ham, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga ham, iqtisodiy sudga ham taalluqli emas. Shu sababdan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 133-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan, arizani ish yuritishga qabul qilish rad etilgan.

23 iyul kuni Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyalari Sh.Saidov, D.Abuqahhorova va D.Karimovdan iborat sudlov hay’atida ushbu ajrim ustidan Subhanovning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi.

Sud majlisida ishtirok etgan arizachining ishonchli vakili (o‘g‘li)ga ko‘ra, asosiy maqsad – Vazirlar Mahkamasining qarorining qonuniyligiga kimdir javob berishi kerak.

“U yoki bu masalaga sud tomonidan tegishli baho berilishi kerak. Vazirlar Mahkamasining qarori qonunosti hujjati bo‘lgani sababli u har qanday holatda qonunga zid kelmasligi kerak. Shuning uchun bu ommaviy huquqqa munosabat sifatida ko‘riladi. Bunda Konstitutsiyaviy sud baho berishi kerak deyiladi. Biz Konstitutsiyaviy sudga ham ariza bilan murojaat qilib, javob olamiz”, – deydi arizachining ishonchli vakili.

Vazirlar Mahkamasi vakili o‘z nutqida bir necha sabablarni keltirib, 19 iyundagi ajrimni o‘zgarishsiz, keltirgan apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni so‘radi. Xuddi shunday, prokuror ham bu ajrimni o‘zgarishsiz qoldirishni so‘radi.

Yakunda, apellyatsiya hay’ati 19 iyundagi ajrimni bekor qilishga asoslar yo‘q deb topdi va uni o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi.

Sudlov hay’atiga ko‘ra, ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 27-moddasi (sud tomonidan hal etiladigan ishlar) 1-qismi 1-bandiga muvofiq, ma’muriy sudlar idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlarni hal qilishi belgilangan.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi (normativ-huquqiy hujjatlarning turlari)ga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining qarori normativ-huquqiy hujjat hisoblanib, uning ustidan nizolashish ma’muriy sudlovga taalluqli emas.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, hukumat qaroriga Konstitutsiyaviy sud baho beradi.

Ko‘proq yangiliklar: