IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yangi tayinlangan boshlig‘i Sherzod Ibragimov aholiga murojaat bilan chiqdi.
Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari tomonidan avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida yangi-yangi o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha ulkan vazifalar qo‘yilgan.
YHXX boshlig‘i bu vazifalarni bajarish uchun yangi imkoniyat va sharoitlar ham yaratib berilganini qayd etdi.
21 iyuldan O‘zbekistonda “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi yangi qonun kuchga kirdi (yanvar oyida imzolangan). Sherzod Ibragimovning aytishicha, bu qonun soha va davlat organlari zimmasiga qat’iy mas’uliyatni yuklaydi va sifat jihatdan yangi mexanizmlarni o‘rnatadi.
“Prezidentimiz tomonidan qonunlar qog‘ozda emas, amalda qat’iy bajarilishi, islohotlar har bir xonadon, har bir mahallaga kirib borishi, yurtdoshlarimiz ularning amaliy samarasini kundalik hayotida doimo his qilishi zarurligiga muhim e’tibor qaratilmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, ularning amaliyotga tatbiq qilinishini ta’minlash maqsadida, yo‘l harakati ishtirokchilarining “piyoda – jamoat transporti – velotransport – avtotransport” ustuvorligi asosida xavfsiz harakatlanishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilab olindi”, – dedi u.
“Haydovchilar va piyodalarda yo‘l harakati qoidalarini hurmat qilish va ularga so‘zsiz rioya etish madaniyatini yuksaltirish, aholi ularni buzmaslik immunitetini shakllantirish, avariyalarning asl omillarini ilmiy jihatdan o‘rganish va kompleks bartaraf etish, ta’lim muassasalari oldi, hodisalar o‘choqlari va piyodalar o‘tish joylarida ishonchli, xavfsiz tizimni yaratish, shuningdek, ashaddiy huquqbuzarlarga qarshi murosasiz kurashish – bizning dolzarb vazifamizga aylanadi”, – deya va’da berdi Sherzod Ibragimov.
YHXXning yangi boshlig‘i yo‘llardagi xavfsizlikni ta’minlash, avtohalokatlarning oldini olish barchaning burchi ekanini ta’kidlab, qoidabuzarliklarga qarshi hamkorlikda kurashishga chaqirdi.
“Siz yo‘llarda o‘z huquq va majburiyatlaringizni to‘liq ifoda qilish bilan nafaqat qonunga itoat qilishingizni bildirasiz, balki atrofdagilar uchun yo‘l harakati qoidalari targ‘ibotini ham amalga oshirgan bo‘lasiz”, – dedi soha rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, yo‘l harakati sohasida qilinayotgan ishlar va yangiliklar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazilishi reja qilingan. Anjuman vaqti va manzili bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
“Hurmatli hamyurtlar! Uydan chiqqan har qanday inson borki, qoidalarga amal qilib, oilasi bag‘riga sog‘-salomat qaytishi nasib etsin. Bu xayrli ishga hammamiz o‘z hissamizni qo‘shaylik”, – deya o‘z murojaatini yakunlagan polkovnik Sherzod Ibragimov.