Kun.uz’da Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida odamlarga sotilgan yangi uy-joylar quruvchining qarzdorligi uchun xatlangani, xonadonlarga ko‘chib kirgan va boshqa turar joyga ega bo‘lmagan 46 oila o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatda ko‘chada qolish arafasida ekani haqida surishtiruv e’lon qilingandi. ATB Universal bank mazkur holatga munosabat bildirdi.
Bankning ma’lum qilishicha, “Saddinso-Xabibullo” xususiy korxonasining mol-mulklari auksion savdolariga bank tomonidan emas, sud boshqaruvchisi tomonidan chiqarilgan.
“ATB Universal bank Amaliyot boshqarmasi hamda qarzdor “Saddinso-Xabibullo” xususiy korxonasi o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasiga asosan ajratilgan kredit ta’minoti sifatida xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani “Muruvvat” MFY Yosh avlod ko‘chasida joylashgan 5 qavatli turar joy komplekslari 42- va 46-uylarining yerdan foydalanish huquqi bilan birgalikda ipoteka shartnomasi taqdim etilgan.
Bugungi kun holatiga korxonaning bankdan jami qarzdorligi 745,18 mln so‘mni tashkil qilmoqda.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023 yil 21 avgust kungi hal qiluv qaroriga asosan “Saddinso-Xabibullo” xususiy korxonasi to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilinib, tugatishga doir ish yurituvi qarzdorning faoliyatini to‘xtatmasdan amalga oshirish boshlangan, sud tugatish boshqaruvchisi etib 1-toifali sud boshqaruvchisi H.Teshaboyev tayinlangan. “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning 141-moddasiga asosan tugatishga doir ishlar boshlangan vaqtdan boshlab, korxona rahbari vakolatlari bekor bo‘lishi va barcha vakolatlar tugatish boshqaruvchisiga o‘tishi belgilangan.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar xujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 62-moddasi talabiga ko‘ra, korxonaga nisbatan tugatishga doir ishlar boshlangan vaqtdan barcha undiruv ishlari ham sud tugatish boshkaruvchisiga o‘tishi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, “Saddinso-Xabibullo” xususiy korxonasiga tegishli mol-mulklar www.e-auksion.uz savdo maydonchasida sotish uchun ATB Universal bank tomonidan chiqarilmagan, aksincha sud boshqaruvchisi tomonidan xususiy korxona kreditorlari oldidagi 23,9 mlrd so‘m qarzdorligini qoplash maqsadida amalga oshirilgan.
Bank tomonidan esa Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani “Muruvvat” MFY Yosh avlod ko‘chasida joylashgan 5 qavatli turar joy komplekslarining 42- va 46-uylaridagi xonadonlarni auksion savdolarida sotish yoki xonadon egalariga nisbatan uy-joydan majburiy tartibda ko‘chirishga qaratilgan hech qanday xatti-harakat sodir etilmagan. U yerda yashovchi fuqarolarga nisbatan xonadonlarni bo‘shatish to‘g‘risida talab bildirilmagan.
“Saddinso-Xabibullo” xususiy korxonasi hisobraqamlariga kredit ajratilgan kunga qadar ham, undan keyin ham fuqarolar tomonidan Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani “Muruvvat” MFY Yosh avlod ko‘chasida joylashgan 42- va 46-uylardagi kvartiralar uchun to‘lov sifatida hech kanday pul mablag‘lari kelib tushmagan. Bundan fuqarolar ulushdorlik to‘g‘risida shartnomaga ega bo‘lsa-da, to‘lovlarni korxona bank hisobrakamiga emas, korxona mansabdor shaxslariga to‘lagan, xonadonlar uchun to‘lovlar korxona hisobraqamiga amalga oshirilganda edi, ikki yoki uch xonadon uchun kelib tushgan to‘lovlardan bank krediti so‘ndirilishi mumkin edi.
Ipoteka shartnomaning 16-bandida “mazkur shartnoma imzolangunga kadar ipoteka mulki boshqa shaxsga o‘tkazilmagan, nizoda yo‘q, taqiq va arest solinmagan”ligi qayd etilgan.
Maqolada qayd etilganidek, ko‘p qavatli uylar garovga qo‘yilgunga qadar fuqarolar bilan xususiy korxona rahbarlari o‘rtasida ulushdorlik to‘g‘risidagi shartnomalar tuzilganligi, ular bo‘yicha hech qanday to‘lov amalga oshirilmaganligi holati ham o‘quvchilarda shubha uyg‘otmoqda. Ulushdorlik shartnomalari ipoteka shartnomasi rasmiylashtirilgunga qadar tuzilgan bo‘lsa, nega notarial idorada ma’lum qilinmagan? Agarda ipoteka shartnomasi rasmiylashtirilgandan so‘ng tuzilgan bo‘lsa, bu ipoteka shartnomasining 9-bandi va “Ipoteka to‘g‘risida”gi qonuni talablariga zid xisoblanadi.
Tahririyat saytida e’lon qilingan maqolada korxona kreditorlari ro‘yxatida umumiy karzdorlik (23,9 mlrd so‘m)ning 10,1 foiz, 32,1 foiz, 35,3 foiz ulushiga ega bo‘lgan kreditorlar nomini qayd etmasdan turib, faqatgina 3,4 foiz haqdorlikka ega bo‘lgan ATB Universal bank nomining qayd etilishi, o‘quvchilar nazarida bu ishlarning birdan bir sababchisi ATB Universal bank deb tushunilishiga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi bank munosabatida.
Bankning qo‘shimcha qilishicha, ushbu holatda kredit karzdorligini so‘ndirish orqali uy joylarning garovdan ozod etilishi muammoning yechimi emas. “Saddinso-Xabibullo” xususiy korxonasi bankdan tashqari boshqa kreditorlarining talablarini ham qanoatlantirsa, muammo o‘z yechimini topishi mumkin.